Jahon | 17:35 / 07.01.2023
31734
21 daqiqa o‘qiladi

Fashistlar Germaniyasi bilan hamkorlik qilgan SSSR: Molotov – Ribbentrop paktining maxfiy qismida qanday kelishuvlar bo‘lgan?

1939 yil 23 avgust kuni Moskvada Ioxim fon Ribbentrop va Vyacheslav Molotov tomonidan «O‘zaro hujum qilmaslik haqida» sovet-german shartnomasi imzolanadi. Molotov-Ribbentrop pakti deb atalgan bu shartnomaning maxfiy qismi ham bo‘lib, unda tomonlar Sharqiy Yevropani birgalikda bosib olish haqida kelishib olgandi. Sovetlar bu maxfiy kelishuvni 1980-yillarning oxirigacha tan olmaydi. Faqat 1989 yilga kelib SSSR oliy soveti kelishuv Stalin hamda uning atrofidagilar tomonidan imzolanganini va u sovet xalqining xohish-istaklarini ifodalamasligini ma’lum qiladi.

Ikkinchi jahon urushi tugagandan keyin uning asosiy g‘olibi bo‘lgan SSSR bu urush bilan bog‘liq tarixni o‘zi xohlaganiday turli yolg‘onlar bilan talqin qilgan. Maktablarda, oliy ta’limda o‘sha yolg‘onlar o‘qitilgan, ilmiy ishlar yozilgan.

Ana shu yolg‘onlardan biri SSSR Ikkinchi jahon urushiga 1941 yil 22 iyunda Gitler Germaniyasi bu davlatga bostirib kirganidan keyin qo‘shilgani haqidagi gaplar. Aslida esa sovetlar urushiga Germaniya bilan imzolangan maxfiy kelishuvga muvofiq 1939 yil 17 sentabr kuni qo‘shilgan edi.

1939 yil 23 avgust kuni Moskvada Germaniya va sovet ittifoqi o‘rtasida o‘zaro hujum qilmaslik haqida shartnoma imzolanadi.

Imzolangan shartnomaning maxfiy qismi ham bor edi va unda tomonlar Sharqiy Yevropani o‘zaro taqsimlab olishni kelishib olishgandi.

Ikkinchi jahon urushi boshlanguncha (1939 yil 1 sentabr) Yevropadagi vaziyat

1933 yilda Germaniyada hokimiyat tepasiga nemis milliy-sotsialistik ishchilar partiyasi vakili Adolf Hitler keladi. O‘sha yili Germaniya Jyenevada qabul qilingan qurolsizlanish bo‘yicha konferensiyani tark etadi.

Oradan bir yil o‘tib Hitler o‘zini fyurer deb e’lon qiladi va mamlakat qurolli kuchlari bosh qo‘mondoniga aylanadi. Shundan so‘ng Germaniya zo‘r berib qurollana boshlaydi.

Hitler nemislar oliy irq ekanini, boshqa millatlar ularga tobe bo‘lishi va xizmat qilishi lozimligi haqidagi da’volarni ilgari suradi. Shu tariqa Germaniyada fashizm g‘oyalari targ‘ib qilina boshlanadi.

1936 yildan boshlab Germaniya o‘z qo‘shnilari Polsha, Chexoslovakiya Avstriya kabi davlatlarga hudud da’volari bilan chiqadi. 1938 yilga borib nemis qo‘shinlari Avstriyani bosib oladi va uning Germaniyaga qo‘shilgani e’lon qilinadi.

Biroz o‘tib Chexoslovakiyaning Sudet viloyati bosib olinadi. Keyinroq 1939 yil mart oyida nemislar Chexoslovakiyani bir nechta yarim vassal hududlarga bo‘lib tashlaydi.

1939 yil sentabrda Germaniya va SSSR Polshani bosib olib, bu davlat tugatilganini e’lon qilishadi. Shu tariqa, nemislarning Polshaga bostirib kirgan sanasi – 1939 yil 1 sentabr Ikkinchi jahon urushining boshlanishi sifatida qayd etiladi.

Molotov-Ribbentrop pakti

Nemislar Sharqiy Yevropa davlatlarini bosib olishni maqsad qilar ekan, bunda ularga qo‘llov kerak edi. O‘sha paytda Germaniya tashqi ishlar vazirligi Fransiya, Buyuk Britaniya hukumati bilan muzokaralar olib boradi. Ammo ular Germaniyaning bosqinchilik siyosatiga mutlaqo qarshi chiqishadi.

Shundan so‘ng nemislar sovetlar bilan muzokara boshlashadi. Muzokaralar davomida ma’lum bo‘ladiki, SSSR Sharqiy Yevropadagi o‘ziga qo‘shni bo‘lgan davlatlarning ma’lum bir hududlarini bosib olish evaziga, nemislarning bosqinchilik siyosatiga qarshi emas.

1939 yil 23 avgust kuni Germaniya tashqi ishlar vaziri Ioxim fon Ribbentrop Moskvaga uchib keladi. U Moskvada Stalin va Molotov bilan uchrashadi. Molotov o‘sha paytda SSSR tashqi ishlar xalq komissari edi.

Stalin, Molotov va Ribbentrop ishtirokida o‘tkazilgan marosimda Germaniya va SSSR o‘rtasida «O‘zaro hujum qilmaslik haqida»gi shartnoma imzolanadi.

Chapdan o‘ngga old qator, Ribbentrop, Stalin va Molotov.
Foto: AP

Shartnomani har ikki davlat tashqi ishlar vazirlari Vyacheslav Molotov va Ioxim fon Ribbentrop imzolagani uchun u tarixda «Molotov-Ribbentrop pakti» deb ataladi.

O‘zaro hujum qilmaslik haqidagi bunday shartnomani Germaniya Polsha bilan 1934 yilda, Britaniya va Fransiya bilan 1938 yilda, Latviya, Litva, Estoniya bilan 1939 yilda imzolagan edi.

Ammo SSSR bilan imzolangan shartnomada yuqoridagi davlatlar bilan imzolangan shartnomalardan farqli ravishda maxfiy kelishuv (protokol) ham bor edi.

Keyinchalik, Stalinning tarjimoni sifatida shartnoma imzolash marosimida qatnashgan Vladimir Pavlov shunday eslagandi:

«Muzokaralar boshlanganda Stalin «Bu shartnomada qo‘shimcha kelishuvlar bo‘lishi kerak va u hech qayerda e’lon qilinmasligi lozim», dedi».

Shartnoma imzolangan zahoti Ribbentrop Hitlerga «kelishuv muvaffaqiyatli yakunlangani» haqida yozib yuboradi.

Shartnomaning e’lon qilingan qismida qo‘yidagi muhim bandlar bor edi:

  • 1-modda. Tomonlar bir-biriga qarshi tajovuz qilmaslik;
  • 2-modda. Boshqa bir davlat tomonlardan biriga hujum qilganda ikkinchisi uni qo‘llamaslik;
  • 4-modda. Tomonlardan biri ikkinchisiga qarshi tuzilgan ittifoqqa kirmaslik;
  • 5-modda. Tomonlar o‘zaro nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish majburiyatlarini oladi.

Shartnomaning boshqa moddalarida iqtisodiy va texnik hamkorlik masalalari belgilanadi.

Shartnomani imzolash paytida Molotov va Ribbentropning yonida Stalin va yana bir qancha sovet mulozimlari bo‘lgan. Ribbentropning yonida yordamchisi Andor Xenke, Germaniyaning SSSRdagi elchisi Verner Shulenburg va tarjimon bo‘lgan.

Keyinchalik, Xenkening eslashicha, shartnoma imzolash jarayoniga sovet jurnalistlari qo‘yilmagan. Ribentropning xohishi bilan bir necha nafar nemis jurnalistlari kiritilgan.

Shartnoma imzolangandan so‘ng Ribbentrop sharafiga ziyofat beriladi. Unda Stalin va Molotov navbati bilan nemis xalqi sha’niga maqtov yog‘dirishadi va «hurmatli mehmon» sharafiga qadah ko‘tarishni taklif etadi.

Ziyofat oxirida Stalin Ribbertropga SSSR shartnoma shartlariga amal qilishga jiddiy qarashini ta’kidlaydi va «So‘z beraman, sovet ittifoqi o‘z hamkorlarini sotmaydi», deydi.

Stalin va Ribbentrop.
Foto: Alamy Stock Photo

Oradan bir hafta o‘tib, 1939 yil 31 avgust kuni shartnoma SSSR oliy kengashi tomonidan ratifikatsiya qilinadi. Buni kutib turgan nemislar ertasi kuni Polshaga hujum boshlaydi.

G‘arb davlatlarining shartnomaga munosabati

Molotov-Ribbentrop pakti imzolangach SSSR Germaniyaga ko‘p miqdorda neft va boshqa mahsulotlar jo‘nata boshlaydi. Bu nemislarning Polshaga bostirib kirishi ortidan Germaniyaga qarshi urush e’lon qilgan Fransiya hamda Britaniya manfaatlariga zid edi.

Shu sababli ular shartnomaning iqtisodiy hamkorlik haqidagi bandlariga e’tiroz bildirishadi va SSSRni Hitlerni ochiqdan ochiq qo‘llayotganlikda ayblab chiqishadi.

SSSR Germaniya bilan birga Sharqiy Yevropa davlatlarini bosib olgach, Fransiya va Britaniyaning sovetlar bilan o‘zaro aloqalari juda yomon ko‘rinishga keladi.

Ammo SSSR rahbariyati ularning tanqidlariga javoban 1917 yil oktyabr to‘ntarishigacha Rossiyaga tegishli bo‘lgan yerlarni qaytarib olayotganini aytadi.

Shuningdek, Molotov-Ribbentrop pakti imzolanganiga Yaponiya ham qarshi chiqadi. Bu davlat o‘sha paytda Germaniyaning yaqin ittifoqchisi edi. «Do‘st» Germaniyaning «dushman davlat» bilan o‘zaro hujum qilmaslik haqida shartnoma imzolashi Uzoq Sharqda sovetlardan yer da’vo qilayotgan Yaponiya manfaatlariga zid edi.

Molotov-Ribbentrop paktining maxfiy qismi

Molotov va Ribbentrop tomonidan imzolangan shartnomaning maxfiy qismida har ikki davlat o‘zaro hujum qilmaslik haqidagi kelishuvdan tashqari Sharqiy Yevropadagi davlatlarni taqsimlab olishi ham belgilangandi.

O‘sha paytda shartnomaning asosiy qismi e’lon qilinadi. Sharqiy Yevropani o‘zaro bo‘lib olish haqidagi maxfiy qismi esa sir saqlanadi.

Shartnomaning maxfiy qismida Sharqiy Yevropadagi davlatlarning qaysi hududi kimga tegishi belgilangan edi. Jumladan, Boltiqbo‘yi davlatlari to‘liq, Polsha, Ruminiya, Vengriya va Chexoslovakiyaning sharqiy qismi SSSRga, qolgan qismi Germaniyaga tegishi kerak edi.

Voqealarning rivoji shartnomada kelishilganday davom ettiriladi. Jumladan, Molotov-Ribbentrop pakti» imzolanganidan qariyb 10 kun o‘tib, 1939 yil 1 sentabr kuni Germaniya Polshaga hujum qiladi.

Oradan ikki yarim hafta o‘tib 17 sentabr kuni Polshaga sharqdan sovet armiyasi ham bostirib kiradi va 1939 yil 5 oktyabrgacha bu davlatning 45 foiz hududini bosib oladi. Qolgan qismini Germaniya egallaydi. Shu tariqa dunyo xaritasidan mustaqil bir davlat yo‘q bo‘ladi.

Foto: varlamov.ru

Polsha to‘liq bosib olingach, SSSR va Germaniya chegaradosh bo‘lib qoladi. Shundan so‘ng 1939 yilning 28 sentabrda «SSSR bilan Germaniya o‘rtasidagi do‘stlik va chegaralar haqida german-sovet shartnomasi» imzolanadi.

Sovetlar tomonidan uni ham Molotov imzolaydi va shartnomada Germaniya va SSSR o‘rtasidagi chegaralar aniq belgilab olinadi.

1939 yil kuzda sovet armiyasi Chexoslovakiya tarkibida bo‘lgan Podkarpat o‘lkasiga bostirib kiradi va uni o‘z tarkibiga qo‘shib oladi. Shuningdek, Ruminiyadan Bessarabiya tortib olinib, SSSR tarkibida Moldaviya SSR tuziladi.

Shuningdek, 1939 yil 29 noyabr kuni Sovet armiyasi Finlandiyaga bostirib kiradi. Qahraton qishda olib borilgan janglarda Finlandiya armiyasi va fin xalqidan tashkil topgan partizanlar sovet qo‘shinlariga juda katta talafot yetkazadi.

Oqibatda, urush boshlanganiga 100 kun bo‘lganda 1940 yil mart oyida sovetlar Finlandiya bilan mag‘lubiyatga teng sulh tuzishga majbur bo‘ladi.

1940 yilda Boltiqbo‘yida joylashgan Latviya, Litva va Estoniya bosib olinadi va ittifoqdosh respublikalarga aylantirilib, SSSR tarkibiga qo‘shib yuboriladi.

SSSR Sharqiy Yevropadan bosib olgan hududlarning bir qismini Ukrainaga, yana bir qismini Belarusga qo‘shib beradi. Polshaning ozroq qismini Litva SSRga beradi.

Foto: LiveJournal

Qizig‘i shundaki, SSSRning Sharqiy Yevropada olib borgan bosqinchilik urushlari aholidan yashiriladi. Ular haqida radio, gazeta va jurnallarda xabar berilmaydi. Faqat sovet-fin urushi haqida ma’lumotlar aytiladi.

Sovet armiyasining Polshaga bostirib kirgani haqida SSSR TIV rahbari Molotov o‘zi bilmagan holda gapirib qo‘yadi.

1939 yil 31 oktyabr kuni Molotov SSSR oliy soveti sessiyasida nutq so‘zlaydi va ana shu yerda ilk marta Polsha SSSR va Germaniya tomonidan bosib olinib, davlat sifatida tugatilganini aytadi.

«Polshadagi hukmron doiralar o‘z davlati «mustahkamligi» va armiyasi «qudrati» haqida ko‘p maqtangan edilar. Holbuki, Versal shartnomasining majruh bolasi bo‘lgan va polyaklardan boshqa millatlarni ezish hisobiga yashab kelayotgan Polsha uchun dastlab german armiyasi tomonidan, so‘ng qizil armiya tomonidan berilgan qisqa zarbaning o‘zi yetarli bo‘ldi», deydi Molotov.

Molotov Polshani «Versal shartnomasining majruh bolasi bo‘lgan» deb, Birinchi jahon urushi tugagandan so‘ng 1919 yil 28 iyun kuni imzolangan Versal tinchlik shartnomasini nazarda tutayotgandi.

Vyacheslav Molotov va Ioxim fon Ribbentrop. 1939 yil Germaniya va SSSR o‘rtasida o‘zaro hujum qilmaslik haqidagi kelishuv imzolanishi marosimida.

O‘shanda Oktyabr to‘ntarishigacha Rossiya imperiyasi tarkibida bo‘lgan Polsha mustaqil davlat deb tan olingan va uning chegaralari belgilangandi.

Shuningdek, Molotov o‘sha nutqida nemislar Polshaga bostirib kirgandan so‘ng Germaniyaga qarshi urush ochgan Fransiya va Britaniyani ham mazax qiladi:

«Barcha mafkuraviy tizimlar kabi gitlerizm mafkurasini ham qabul qilish yoki rad etish siyosiy qarashlarga bog‘liq. Ammo har qanday kishi yaxshi biladiki, mafkurani kuch bilan yo‘qotib bo‘lmaydi, uni urush bilan mahv etish mumkin emas. Shuning uchun ham «gitlerizmni yo‘qotish» qabilida urush olib borish bema’nilikdan tashqari jinoyat hamdir», deydi u.

Molotovning sessiyada so‘zlagan nutqi gazetalarda beriladi va shu tariqa odamlar Polsha Germaniya va SSSR tomonidan bosib olinganini bilishadi.

Molotov-Ribbentrop paktining maxfiy qismi nega yashirilgan?

SSSR va Germaniya o‘rtasida tuzilgan shartnomaning maxfiy qismi oshkor qilinmaydi va undan barcha bexabar qoladi. G‘arb davlatlari SSSR va Germaniya tomonidan Sharqiy Yevropa davlatlari taqsimlab olinishidan shubhaga tushishadi. Ammo o‘sha paytda ularning qo‘lida aniq dalillar yo‘q edi.

1945 yilda ittifoqchilar sovet armiyasi bilan birga Berlinni egallaydi. O‘shanda nemislarga tegishli maxfiy arxivning bir qismi ittifoqchilar qo‘liga tushadi. Ular orasida Molotov-Ribbentrop paktining maxfiy qismiga doir ayrim hujjatlar ham bor edi.

Foto: pawelkapuscinski.pl

1945 yil 20 noyabrdan 1946 yil oktyabrgacha Germaniyaning Nyurenberg shahrida fashistlar Germaniyasining yuqori lavozimli harbiylari ustidan sud jarayonlari bo‘lib o‘tadi.

Molotov-Ribbentrop paktining maxfiy qismi haqida ilk bor shu yerda savol qo‘yiladi. Ammo nemislar ham sovet vakillari ham bu narsani rad etishadi.

Sovetlar fashistlar Germaniyasi bilan hech qanday maxfiy kelishuv bo‘lmaganini ta’kidlashadi. Ittifoqchilar qo‘lidagi ma’lumotlarni SSSRning urushdagi g‘alabasiga soya solish uchun tayyorlangan soxta hujjatlar deyishadi.

Shu tariqa sovetlar 1980-yillar oxirigacha Hitler Germaniyasi bilan hamkorlik qilishganini tan olishmaydi.

1980-yillar oxirida SSSRda Molotov-Ribbentrop paktining maxfiy qismini o‘rganish bo‘yicha taniqli siyosatchi Aleksandr Yakovlev boshchiligida komissiya tashkil etiladi. O‘sha yili maxfiy kelishuvning matni ilk bor oshkor qilinadi.

Shundan so‘ng SSSR oliy soveti deputatlari tomonidan «O‘zaro hujum qilmaslik haqidagi sovet-german shartnomasining siyosiy va huquqiy baholari haqida»gi qarori qabul qilinadi.

Qarordagi ikkita bandda Germaniya va SSSR o‘rtasidagi maxfiy kelishuv haqida shunday gaplar bor edi:

«6. Germaniya bilan maxfiy protokollar bo‘yicha muzokaralar Stalin va Molotov tomonidan sovet xalqi, Kompartiya markaziy komiteti va oliy sovet hamda hukumatdan yashirin ravishda olib borilgan. Shuningdek, maxfiy kelishuv matnlari o‘sha paytda ratifikatsiya qilingan shartnoma tarkibidan yashirin ravishda chiqarib tashlangan. O‘zaro hujum qilmaslik haqidagi shartnomaning maxfiy qismini imzolash to‘g‘risidagi qaror mohiyatan va shaklda shaxsiy hokimiyat akti edi. Bu fitnali kelishuv uchun sovet xalqi javobgar bo‘lmaydi va u xalqning irodasini hech qanday tarzda aks ettirmaydi.

7. SSSR xalq deputatlari qurultoyi 1939 yil 23 avgustdagi «Maxfiy qo‘shimcha protokol» va Germaniya bilan boshqa maxfiy bitimlar imzolanishini qoralaydi. S’yezd maxfiy protokollarni imzolangan paytidan boshlab qonuniy asosga ega bo‘lmagan va haqiqiy emas deb topadi. Maxfiy protokollar sovet ittifoqining uchinchi davlatlar bilan munosabatlari uchun yangi huquqiy asos yaratmaydi. Stalin va uning atrofidagilar o‘zlarining qonuniy majburiyatlarini buzgan holda ulardan boshqa davlatlarga ultimatumlar va kuchli bosim o‘tkazish uchun foydalanilgan».

2011 va 2016 yillarda «Pravda» gazetasida maxfiy kelishuvning SSSRda saqlangan matni e’lon qilinadi. 2019 yilda «Tarixiy xotira» fondining saytida kelishuv matnining skaner qilingan varianti ham e’lon qilinadi.

Sovet va nemis zobitlari Polshadagi front chizig‘ida. 1939 yil sentabr.
Foto: Alamy Stock Photo

SSSR fashistlar Germaniyasi bilan ittifoqchi bo‘lganmi?

Bugun aksariyat tarixchilar SSSR va Germaniya o‘rtasidagi o‘zaro hujum qilmaslik haqidagi shartnomada «ittifoqchi» so‘zi ishlatilmagan bo‘lsa ham bu ikki davlat ittifoqchi bo‘lgan deydi.

Asosan rossiyalik yoki rusiyzabon bo‘lgan aksariyat tarixchilar buni rad etishadi. Ular Germaniya o‘zaro hujum qilmaslik haqidagi shartnomani boshqa bir qator davlatlar bilan ham imzolaganini aytishadi.

SSSR va Germaniya ittifoqchi bo‘lgan deydiganlar tarixiy faktlarga ko‘z tashlash kerakligini va ularda hammasi oshkora yozilganini aytishadi.

Jumladan, 1939 yil 1 sentabr kuni nemislar Polshaga bostirib kirganda bunga norozilik sifatida Fransiya va Britaniya Germaniyaga qarshi urush e’lon qiladi. SSSR esa fashistlar bilan hamkorlikda Polshaga hujum qiladi.

1939 yil 9 sentabrda nemis qo‘shinlari Varshavani egallagan kuni Molotov Germaniya hukumatiga tabrik telegrammasini yuboradi.

Bundan tashqari, 1939 yil 21 sentabr kuni Polsha to‘liq bosib olinganidan so‘ng Vermaxt qo‘shinlari bilan qizil armiya Brest shahrida g‘alaba sharafiga birgalikda harbiy parad o‘tkazadi.

Keyinchalik 1940 yil aprelda nemislar Norvegiya va Daniyaga bostirib kirganda ham Molotov Germaniya hukumatiga «muvaffaqiyat tilab» telegramma yuboradi.

Shuningdek, Gitler bilan do‘stona aloqalarda bo‘lish tarafdori bo‘lgan Molotov 1940 yil kuzda Berlinga boradi. U Germaniyaning yuqori lavozimlari shaxslari qatorida Hitler bilan uchrashadi.

Molotovning maqsadi Germaniya bilan yanada yaqinroq aloqalar o‘rnatish va nemislar SSSRga bostirib kirishining oldini olish edi. Ammo Hitler Molotov bilan SSSRni qiziqtirgan mavzularda muzokara o‘tkazishni rad etadi.

O‘sha paytda SSSR Germaniya bilan ittifoqchi darajasida aloqalar o‘rnatmagan bo‘lsa-da, G‘arb davlatlariga qaraganda yaqinroq aloqalarga ega bo‘lgan.

Qolaversa, Polsha bosib olingandan so‘ng 1939 yil 28 sentabrda «SSSR bilan Germaniya o‘rtasidagi do‘stlik va chegaralar haqida»gi sovet-german shartnomasi imzolangan.

Yuqoridagilardan shunday xulosa chiqarish mumkinki, o‘sha paytda SSSR fashistlar Germaniyasi bilan ittifoqdosh bo‘lmasa ham yaqin do‘st maqomida bo‘lgan. Bu «do‘stlik» 1941 yil 22 iyun kuni nemislar SSSRga bostirib kirgancha davom etgan.

 

Foto: nn.by

Rossiyaning Molotov-Ribbentrop paktidagi maxfiy kelishuvga munosabati

So‘nggi yillarda Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaga juda katta e’tibor qaratayotgan Rossiya Molotov-Ribbentrop paktidagi maxfiy kelishuvni qoralamaydi. Aksincha, uni to‘g‘ri qilingan ish deb biladi.

2019 yilda Yevropa parlamenti Molotov-Ribbentrop paktini qoralovchi rezolyutsiyani qabul qildi. Rezolyutsiya Rossiya tomonidan keskin tanqid qilindi.

2020 yil iyun oyida AQShda chop etiladigan «National Interest» konservativ nashrida Vladimir Putinning maqolasi e’lon qilindi. Unda Rossiya prezidenti Latviya, Litva va Estoniyaning Molotov-Ribbentrop pakti bo‘yicha SSSRga qo‘shib olinishini o‘sha davrning xalqaro va davlat huquq normalariga muvofiq bo‘lgan deb yozgan.

1939 yil 28 sentabr. Brest shahrida sovet-german armiyasining qo‘shma paradi.
​​​​​​Foto: tojuzbylo.pl​​

Bundan tashqari, 2021 yil 17 sentabr kuni Rossiya tashqi ishlar vazirligi 1939 yilda sovet armiyasining Polshaga bostirib kirishi «ozod qilish yurishi» bo‘lgani haqida yozib chiqdi (SSSRning Polshaga bostirib kirgan kuniga 82 yil bo‘lgani munosabati bilan).

Rossiya TIVga ko‘ra, o‘shanda sovet qo‘shinlari Polshaga bostirib kirib, «Minskka yurish qilmoqchi bo‘lgan polyaklar hujumlarini qaytarib qolgan». Shuningdek, Rossiya TIV «mahalliy aholi sovet qo‘shinlarini juda xursandchilik bilan kutib olgani»ni ta’kidlagan.

Aslida esa asrlar davomida xususiy mulkchilikka asoslangan tuzumda yashab kelgan G‘arbiy Belarus hamda G‘arbiy Ukraina aholisini talonchilik va zo‘ravonlik ustiga qurilgan sotsialistik tuzumga o‘tkazish oson bo‘lmagandi.

Bugun Rossiya tashqi siyosati 1939 yilda Polshadan tortib olingan hududlarni polyaklar 1920-21 yillarda G‘arbiy Ukraina va G‘arbiy Belarusdan bosib olganini va ularni qaytarish adolatli ish bo‘lganini ta’kidlab keladi. Bu gaplarni Putin ham bir necha marta aytgan.

Ammo Polshaning 1939 yilgacha bo‘lgan chegarasi 1921 yilda Latviya poytaxti Rigada imzolangan sovet-Polsha shartnomasi bilan belgilangan edi.

1939 yilda nemislar bilan do‘stona munosabatda bo‘lgan sovetlar ana shu shartnomada kelishilgan shartlarni buzib Polshaga bostirib kirgandi. Bugun Rossiya siyosatchilari bunday tarixiy faktlarni tan olishmaydi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid