O‘zbekiston | 13:32 / 11.01.2023
18079
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston delegatsiyasi «Haj – 2023» mavsumiga tayyorgarlik ishlarini borib ko‘rdi

O‘zbekiston musulmonlari idorasining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, 2023 yildagi Haj safarlari ham hukumat qaroriga ko‘ra, Musulmonlar idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan tashkil qilinishi nazarda tutilgan.

Foto: muslim.uz

10 yanvar kuni O‘zbekiston delegatsiyasi «Haj – 2023» mavsumiga tayyorgarlik doirasida Saudiya Arabistonidagi mehmonxonalar va ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish nuqtalarini borib ko‘rdi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmatiga ko‘ra, delegatsiya safida prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov va qo‘mita raisi Sodiq Toshboyevlar bor.

«Makka shahrida joylashgan bir necha mehmonxonalarni ko‘zdan kechirish chog‘ida delegatsiya a’zolari ularning kirish foyelari kengligi, xonalardagi sharoitlar, ayniqsa, o‘rinlar soni, sanuzel holati, oshxona sig‘imi, ishchi va tibbiyot guruhlari xizmat ko‘rsatishlari uchun ajratilgan joylar bilan yaqindan tanishdi», - deyiladi qo‘mita xabarida. Shuningdek, mutasaddilar oshxonalar va hojilarga xizmat ko‘rsatuvchi transportlarga ham e’tibor qilishgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Madina va Makka hamda Makka va Jidda yo‘nalishlarida ziyoratchilar uchun avtobuslar ajratiladi.

Musulmonlar idorasi matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, 2023 yildagi Haj safarlari ham Vazirlar Mahkamasining 364-sonli «Haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan tashkil qilinadi.

Avvalroq, Jidda shahrida bo‘lib o‘tayotgan Haj va umra xizmatlari konferensiyasida Saudiya tomoni pandemiya cheklovlari olib tashlanganini, jumladan 65 yoshdan oshganlar uchun ham 2023 yilda haj qilishga ruxsat berilishini ma’lum qildi.

2022 yil sentabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyev va Saudiya Arabistoni delegatsiyasi o‘rtasidagi uchrashuvida o‘zbekistonliklar uchun yillik haj kvotasi 24 ming nafargacha oshirilishi haqida kelishuvga erishilgan edi.

Ma’lumot uchun, 2023 yildagi Haj mavsumi iyun oyining oxirgi haftasiga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda.

Mavzuga oid