Jahon | 11:44 / 11.01.2023
6415
2 daqiqa o‘qiladi

Prigojin Soledar egallab olinganini e’lon qildi, ammo u yerda janglar davom etyapti

«Vagner» XHK asoschisi, rossiyalik tadbirkor Yevgeniy Prigojin Soledarning butun hududi egallab olinganini e’lon qildi. 

Foto: Picture Alliance

«Shahar markazida vaziyat o‘ta keskin shakllangan, u yerda janglar ketmoqda. Asirga olinganlar soni ertaga ma’lum qilinadi», - dedi u «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘idagi «Konkord» kompaniyasi sahifasida. 

Prigojinning alohida ta’kidlashicha, Soledarga hujumda «Vagner» XHKdan tashqari boshqa hech qanday bo‘linma qatnashmagan. 

RIA «Novosti»ning xabar berishicha, rossiyalik yollanma askarlar Soledardagi tuz konlarini egallab olgan. Agentlik ixtiyorida tegishli fotosuratlar mavjud, ularda Yevgeniy Prigojinning o‘zi ham bor.

Shu bilan birga, seshanba kuni kechqurun Rossiya Federatsiyasi prezidenti administratsiyasi va Ukraina Mudofaa vazirligi vakillari Soledar uchun shiddatli janglar davom etayotganini aytishdi. 

Rossiya harbiy muxbirlari o‘z bloglarida Soledardagi Ukraina qo‘shinlari Prigojinning tunda taslim bo‘lish haqidagi ultimatumini rad etganliklari va qarshilik ko‘rsatishdan to‘xtamaganliklari haqida xabar berishdi. 

Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi bu shahardagi vaziyatga hozircha izoh bermadi.

Mavzuga oid