Bir yil oldin Prigojin isyoni Kremlni va butun mamlakatni shokka solgandi. Moskvaga yurish haqida nimalarni eslash muhim?
Quyida voqealar xronikasi va Vagner qoldirgan meros haqida.
2023 yil 24 iyun tongida Vagner xususiy harbiy kompaniyasi otryadlari Luhansk oblasti va Rossiya chegarasini ikki joydan kesib o‘tgandi. Shunday qilib oldingi kuni Yevgeniy Prigojin tomonidan e’lon qilingan «adolat marshi» — quruq gap emasligi (avvaliga Kremldagilar shunday taxmin qilishgandi), balki uzoqni ko‘zlagan haqiqiy isyon ekani ma’lum bo‘ladi. «Meduza» bir yil oldingi voqealar xronikasini tikladi.
XHK merosi: Prigojin «armiyasi»dan hech narsa qolmadi — ammo vagnerchilarning taktik elementlaridan RF qurolli kuchlari ham, Ukraina qurolli kuchlari ham foydalanmoqda
Bir yil muqaddam quruqlikda isyonchilarga hech kim qarshilik ko‘rsatmagandi (agar Moskva tomon asosiy trassalarda yuk mashinalaridan o‘rnatilgan barrikadalar hisobga olinmasa). RF qurolli kuchlari rahbariyati yollanma jangchilarga qarshi faqat yaqin atrofdagi aerodromlardan armiya aviatsiyasini — asosan vertolyotlarni yuborgandi. Hukumat kuchlari aviatsiyasi bilan bir necha to‘qnashuvlardan keyin XHK yollanma jangchilari Lipetsk oblasti Krasnoye qishlog‘iga yetib boradi va shu yerda lager tiklaydi. Kolonna Tula oblasti chegarasini baribir kesib o‘tmaydi.
Keyin nimalar bo‘lgani oxirigacha aniq emas — bungacha bo‘lgan harakatlanish marshrutlari va to‘qnashuvlar videolarda aks etgandi. Yevgeniy Prigojin Kreml bilan o‘tkazgan muzokara tafsilotlari faqat Aleksandr Lukashenkoning hikoyasi orqali ma’lum. Uning gaplari chinligiga esa ishonib bo‘lmaydi.
Nima bo‘lganda ham, 24 iyun kuni kechga borib Prigojin — Lukashenko vositachiligida Kreml bilan o‘tkazilgan muzokaralardan keyin — isyonni davom ettirishdan voz kechadi va bu bilan o‘ziga hamda o‘zining xususiy harbiy kompaniyasini o‘limga hukm qiladi.
Vagner endilikda hech qanday ko‘rinishda mavjud emas:
- yollanma jangchilarning bir qismi mudofaa vazirligi bilan shartnomalar imzolaydi (buni o‘sha vaqtdagi mudofaa vaziri Sergeya Shoygu talab qilgandi, isyon ham shu sabab bilan boshlangan);
- XHK otryadlari Afrikada ham mudofaa vazirligi nazorati ostida harakatlanishda davom etmoqda (faqat MARda ular Vagner brendini saqlab qolgan);
- siyosiy motivlar tufayli Mudofaa vazirligi bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lmagan boshqa yollanma jangchilar esa Rosgvardiya saflariga yozilgan;
- XHKning qolgan qismi Rosgvardiyaning Chechenistondagi «Axmat» polkiga qo‘shilgani haqida gaplar tarqatilgan bo‘lsa-da, minglab yollanma jangchilar qodirovchilarga qo‘shilgani bo‘yicha hech qanday ishonchli ma’lumot paydo bo‘lmadi.
Armiyada Prigojinga simpatiya «adolat marshi»dan oldinroq yuzaga kelgandi, u ham aynan shunga ishonib isyon boshlagandi. Ko‘plab ofitserlar chindan ham mudofaa vazirligi va Bosh shtabdagi komandirlaridan norozi edi, ammo Prigojinning metodlari ham ular uchun mutlaqo yaroqsiz bo‘lib ko‘ringan. Isyondan bir yil o‘tib Shoygu iste’foga chiqqani ofitserlar orasidagi ichki muxolifatga ham barham berdi.
Ammo Vagner XHK baribir o‘zidan muhim meros qoldirdi: uning Soledar va Baxmutni egallashda qo‘l kelgan samarali taktikasi RF qurolli kuchlarida ham, Ukraina qurolli kuchlarida ham o‘zlashtirilgan.
- Yurishlarda va qarshi hujumlarda ikki armiya ham zirhli texnikalarda yorib kirishga emas (ular oson o‘nlab va yuzlab dronlar bilan to‘la bo‘lgan sharoitda juda zaif bo‘lib qolishmoqda), ko‘pincha harakatlarini artilleriya bilan muvofiqlashtiruvchi piyodalarning kichik shturmchi guruhlariga tayanmoqda.
- Xususiy harbiy kompaniyaning shturm taktikasi (dushmanga nisbatan qo‘llanganida, buni odatda «go‘sht shturmlari» deb atashadi) mustahkamlangan pozitsiyalarni egallash va raqibni siqib chiqarishga, uning logistikasi va boshqaruviga muammolar tug‘dirishga imkon beradi. Taktikada kamchiliklar ham yo‘q emas: faqat piyoda holda amalga oshirilgani tufayli ilgarilash tez kechmaydi, taktik muvaffaqiyatni tezda rivojlantirish instrumentlarini Prigojin ham, uning komandirlari ham, keyinroq uning metodlarini qo‘llashga o‘tgan RF va Ukraina qurolli kuchlari ham o‘ylab topa olmagan. Bundan tashqari, shturm guruhlari juda katta yo‘qotishlar berish evaziga harakatlanadi.
- Vagner XHK bu muammoni qamoqxonalarda mahbuslarni yollash hisobiga hal qilgan. Va RF qurolli kuchlari ham, Ukraina qurolli kuchlari ham yollashning bu usulidan foydalanishga harakat qilmoqda, ammo bir deganda 50 ming kishini yollagan va bir yo‘nalishda foydalangan Prigojinning kompaniyasi ko‘lamida emas.
Qayd etish kerakki, 2023 yil iyunida Moskvaga yurishda sobiq mahbuslar ishtirok etmagan — bu vaqtda ularning ko‘pchiligida yarim yillik shartnoma muddatlari yakunlangandi va ular Prigojin «armiya»sini tark etishgandi. Luhansk oblasti va Rossiya chegarasini faqat bir necha ming kishi kesib o‘tgan, ular qamoqxonalardagi rekruting kampaniyasiga qadar ham xususiy harbiy kompaniya asosini tashkil etardi. Katta ehtimol bilan, aynan kuch yetarli emasligi va armiya tomonidan kutilgan qo‘llov bo‘lmagani Prigojinni isyonni to‘xtatishga majbur qilgan.
Isyon xronikasi: Moskvaga yurishning asosiy voqealari
- Yollanma jangchilarning Prigojin boshchiligidagi ilk guruhi Novoshaxtinsk rayoni hududida chegarani kesib o‘tib, 24 iyun tongida Rostov shahri va Janubiy harbiy okrug shtabini egallaydi. Shtabda ular bir necha generallar «SVO» operativ boshqaruv kuchlari ofitserlari hamda ularning qo‘riqchilarini uchratadi. Bosh shtab boshlig‘i va Ukrainadagi qo‘shinlar guruhi qo‘mondoni Valeriy Gerasimov shtabda yo‘q edi, holbuki u odatda Rostovdagi kabinetda turib boshqarardi. Prigojin kechgacha shaharda qoladi.
- Yollanma jangchilarning boshqa guruhi tanklar, «Strela-10» havo hujumidan mudofaa komplekslari, zirhli mashinalar, harbiy va yuk mashinalari, pikaplardan iborat kolonnalarda 200 kilometr shimolroqda chegaradan o‘tadi va Voronej tomon yura boshlaydi. Prigojin bu guruhning yakuniy manzili Moskva bo‘lishini aytgandi.
- Xususiy harbiy kompaniya kolonnasi harakatlangan yo‘lda rus qo‘shinlari yo‘q edi: doimiy joylashuv manzillari Rostov, Voronej va Lipetsk oblastlarida bo‘lgan harbiy xizmatchilarning aksari Ukrainada jang qilayotgandi. Yo‘lni to‘sish uchun yuk mashinalardan hosil qilingan to‘siqlar yollanma jangchilar tomonidan oson ortda qoldiriladi.
- Kun yarmida, bu kolonnalar Voronej atrofidagi aylanma yo‘l bo‘ylab yurayotganida ularga RF havo-kosmik kuchlarining zarbdor vertolyotlari hujum qiladi. Vertolyotlarning birinchi guruhidayoq xususiy harbiy kompaniyaning kamida bitta pikapi yo‘q qilinadi. Keyingi hujumlar u qadar muvaffaqiyatli chiqmaydi: Voronej yaqinida yuk mashinasi yo‘q qilinishiga javoban yollanma jangchilar havo hujumidan mudofaa tizimlaridan vertolyotlarni o‘qqa tutadi va Babyakovo (Voronej chekkasi)da havodagi nishonlardan biri urib tushiriladi. Voronejning o‘zida esa Ka-52 vertolyoti qarshi harakat vositalarini qo‘llash orqali raketadan qochib qoladi.
- Keyinroq Voronej oblastida yana bir necha vertolyot urib tushirilgan (RFqurolli kuchlari jami oltita vertolyot hamda Il-22 rusmli boshqaruv samolyotini yo‘qotgan; taxmin qilish mumkinki, aynan Il-22 ning kamyob mutaxassis sanalgan pilotlari o‘ldirilgani uchun qasos olingan, Kreml ikki oy o‘tganidan keyin Prigojinni ekzotik usulda yo‘q qiladi — uning samolyoti portlatib yuboriladi).
- Raketalardan biri (katta ehtimol bilan, vagnerchilarning havo hujumidan mudofaa kompleksidan uchirilgan) quruqlikda portlaydi: Voronej chekkasidagi neft baza shikastlanadi. Yana bir raketa esa shahardagi turar joy kompleksi hovlisida portlagan. Tinch aholi orasida jabrlanganlar bo‘lmagan.
- XHK shaharlarni egallashga harakat qilmaydi (Rostovdan tashqari) va ularni aylanib o‘tadi. Havo-kosmik kuchlariga yaqin bo‘lgan manbalarning aytishicha, yollanma jangchilar bir necha aviabazalarni (xususan, Millerovodagi) egallab olgan, ammo Ukrainada jangovar missiyalarni amalga oshirishga to‘sqinlik qilmagan.
- 24 iyun kuni kunduzi XHK kolonnalari Lipetsk oblastiga yetib borishadi. Ulardan biri Yelets shahridan o‘tgach, sharqqa burilib, Ryazan oblasti tomon yura boshlaydi. Ushbu kolonnaning old qismi ko‘ringan video Krasnoye posyolkasi hududida (Moskvagacha 400 kilometr masofa) tasvirga olingan.
- Hukumat yollanma jangchilar otryadlari harakatini qiyinlashtirish uchun Lipetsk va Ryazan oblastlari chegarasida yo‘lni ekskavatorlar bilan qazib tashlashga ko‘rsatma beradi.
- Yollanma jangchilar u yerga (shuningdek Tula oblastiga) kirganini tasdiqlovchi vizual tasvirlar o‘shanda ham, keyin ham paydo bo‘lmaydi. Shu tariqa, aytish mumkinki, «adolat marshi» aslida, Prigojin aytganidek, Moskvadan 200 kilometr masofada emas, 400 kilometr masofada to‘xtagan.
- Xususiy harbiy kompaniyaning bu guruhi sharqqa, Ryazanga burilishi katta ehtimol bilan RF qurolli kuchlari va Rosgvardiya qo‘mondonligi Tula va Moskva oblastlarida, Oka daryosi bo‘yida birinchi mudofaa liniyasini qurishga qaror qilgani bilan bog‘liq. Ko‘priklarga kirish joylari yuk mashinalar va avtobuslar bilan to‘sib qo‘yilgan, atrofda maxsus topshiriqli bo‘linmalar turardi. Yollanma jangchilar esa daryoni sharqroqda — Kolomnada (Moskvagacha 120 kilometr) kechib o‘tishni rejalashtirgan bo‘lishi mumkin. Lekin u yerda ham ko‘priklar mudofaaga tayyorlangandi.
- Prigojinning o‘zi esa kun bo‘yi Rostovda qoladi. RF qurolli kuchlari rahbariyati Ukrainadan (Donetsk oblastining o‘sha vaqtda shiddatli janglar kechgan Maryinka shahri atrofidan) Rostovga «qodirovchilar» — Rosgvardiyaning «Axmat» polki kuchlarini yuborgan. Ular Rostov oblasti chegarasidan o‘tgan, ammo xususiy harbiy kompaniya bilan jangga kirishmagan.
- 25 iyunga o‘tar kechasi XHK yollanma jangchilari ortga, Luhansk oblastiga qaytadi. Rostovni tark etishda, o‘sha kundan so‘nggi videoda Prigojin isyon yakunlarini baholaydi: «Normal natija. Barchani oyoqqa turg‘izdik».
Mavzuga oid
23:26 / 09.11.2024
“G‘arbning geosiyosiy ochko‘zligi kelishmovchiliklar bosh sababi” – Putinning “Valday”dagi chiqishi
17:00 / 09.11.2024
The Telegraph: Tramp rejasi Britaniya qo‘shinlarini Ukraina chegarasiga joylashtirishni nazarda tutadi
11:08 / 09.11.2024
563 nafar harbiyning jasadi Ukrainaga qaytarildi
09:08 / 09.11.2024