Jahon | 20:44 / 12.01.2023
39624
14 daqiqa o‘qiladi

Noteng do‘stlik. Ukrainadagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng Xitoyning Rossiyaga munosabati qanday o‘zgardi?

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi Xitoy hukumatini o‘zining xalqaro siyosiy yo‘liga boshqacha qarashga majbur qildi. Xitoy rasmiylari Putinning urushdagi muvaffaqiyatsizliklaridan hayratda qolgan va G‘arb nashrlari yozishicha, ayrim G‘arb davlatlari bilan munosabatlarni yaxshilash haqida o‘ylayapti. Xitoy shu yo‘l bilan Rossiya tajovuzi oqibatlarini o‘zi uchun yumshatishga harakat qilmoqda.

Foto: GUANG NIU/GETTY IMAGES

2022 yil fevral oyi boshida, Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan 20 kun oldin Vladimir Putin Xitoy yetakchisi Si Jinping bilan uchrashgan edi. Aynan o‘sha uchrashuvdan keyin mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlikning «chegarasi yo‘qligi», «hamkorlikda taqiqlangan zonalar mavjud emasligi» kabi mashhur bayonotlar paydo bo‘ldi.

Britaniyaning Financial Times gazetasi manbalaridan birining aytishicha, o‘sha uchrashuvda Ukraina atrofidagi vaziyat muhokama qilingan va Kreml Rossiya hududiga kimdir hujum qilgan taqdirda «mumkin bo‘lgan har qanday choralarni qo‘llashini istisno qilmagan». Ammo Putin XXR rahbariga Ukrainaga qarshi urush boshlamoqchiligi haqida xabar bermagan.

Urushning boshida ba’zi xitoyliklar harbiy harakatlarni faol qo‘llab-quvvatladi va ijtimoiy tarmoqlarda Vladimir Putinning urush boshlanganini e’lon qilgan nutqi tarjimasini tarqatdi. O‘sha paytda Xitoy hukumatining pozitsiyasi unchalik aniq emas edi.

Bir paytlar Vladimir Putinni o‘zining «eng yaxshi do‘sti» deb atagan Si Jinping reallikda bu urushga vazminlik bilan munosabat bildirdi. Mart oyida BMT Bosh Assambleyasi harbiy bosqinni qoralovchi rezolyutsiyani yoqlab ovoz berganida, Xitoy betaraf qoldi.

Agar Pekin o‘shanda rezolyutsiyaga qarshi ovoz berganida, bu G‘arb tomonidan Rossiya pozitsiyasini ochiq qo‘llab-quvvatlash sifatida baholangan bo‘lar edi. Ammo o‘shanda barcha xavf va imkoniyatlarni baholab, taroziga solishga uringan Xitoy rezolyutsiyani «qo‘llab» ham ovoz bermadi. Ushbu strategik noaniqlikni saqlab qolish Xitoyga har qanday vaqtda qaysi yondashuv unga foydali ekanligini yaxshiroq baholashga yordam beradi.

Bir tarafdan, Pekin ochiqchasiga Vashingtonni bu urush uchun javobgar deb atadi – go‘yoki bu urush NATOning Yevropada kengayishi bilan bog‘liq. Boshqa tomondan, Xitoy Rossiyaga yordam berishga shoshilmayapti.

Amerikaning The Washington Post nashri yozishicha, Rossiya Xitoydan bir necha marta ham moliyaviy, ham texnologik yordam so‘ragan. Si Jinping Moskva bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘llarini topishga qarshi emasdi, biroq barcha muzokaralar «qiyin» kechgan. Nashr manbasiga ko‘ra, Xitoy «Rossiyaning og‘ir ahvolini tushunadi, lekin o‘z vaziyatini ham bee’tibor qoldira olmaydi».

Portlash to‘lqini

Vladimir Putin va Si Jinping oxirgi marta sentabr oyida uchrashdi.

Bu muzokaralar Rossiyaning Xitoyga eksporti jadallik bilan o‘sib borayotgan, Xitoydan Rossiyaga import esa, aksincha, sekinlashayotgan bir paytda bo‘lib o‘tdi. Moskvaning Xitoy investitsiyalari, texnologiyalari va ikki tomonlama savdoga katta qiziqishiga qaramay import o‘smayapti. Qolaversa, bu paytda frontda Ukraina qo‘shinlarining keng ko‘lamli qarshi hujumi yuz berayotgandi.

Putin va Si tez-tez ko‘rishib turadi (bu fotosuratda - 2018 yilgi muzokaralar), ammo bu hamisha ham ishonchli munosabatlar garovi bo‘la olmaydi. Foto: AFP

Uchrashuvdan so‘ng Putin Ukrainadagi urush bo‘yicha «xitoylik do‘stlarning muvozanatli pozitsiyasi»ni hurmat qilishini aytdi. Si Jinping esa Xitoy «Rossiya bilan birgalikda, buyuk davlat rolini o‘z zimmasiga olishga hamda dunyoga barqarorlik va pozitiv energiya olib kelish uchun yetakchilik rolini o‘ynash»ga tayyorligi haqida gapirdi.

Ammo Financial Times manbalarining aytishicha, Xitoy Putinga bosh irg‘agan holda, ayni paytda o‘zining xalqaro izolyatsiyani kamaytirishga va ba’zi G‘arb davlatlari bilan munosabatlarni yaxshilashga harakat qilmoqda. Ayniqsa, o‘zining muhim savdo sherigi Yevropa Ittifoqi bilan.

Sentyabr oyida, Putin va Si Jinping o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgan vaqtda, Xitoyning o‘zining ham ahvolini oddiy deb bo‘lmas edi. Xitoy so‘nggi yillarda iqtisodiy mo‘jizani amalga oshirib, qashshoq davlatdan dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyotiga aylangan bo‘lsa-da, Si Jinping davrida o‘sish sekinlashdi. Buning bir qancha sabablari bor, jumladan, koronavirus pandemiyasi tufayli e’lon qilingan doimiy lokdaun (karantin), ko‘chmas mulk bozoridagi inqiroz va o‘sish potensialining tugashi.

Ukrainadagi harbiy harakatlar Xitoy uchun yana bir qancha muammolarni keltirib chiqardi. Birinchidan, Putin tomonidan Yevropa Ittifoqiga qarshi ochilgan gaz urushi G‘arb iste’molchilarining Xitoy tovarlarini sotib olish uchun ancha kam pulga ega bo‘lishiga olib keldi. Ikkinchidan, Si Jinping urushni qoralashdan bosh tortgach, G‘arb bilan kelishmovchilik kuchaydi.

«Xitoy o‘z siyosatini tubdan o‘zgartirmayapti. Lekin Xitoy uchun birdaniga butun G‘arb bilan munosabatlarni murakkablashtirish foydali emas. Rossiya bilan strategik hamkorlikning chegarasi yo‘qligi haqidagi barcha bayonotlarga qaramay, Xitoyning asosiy savdo hamkorlari hamon AQSh va Yevropa Ittifoqi bo‘lib qolmoqda. AQSh bilan munosabatlar uzoq kelajakda yomonlashishini hisobga olgan holda Pekin, hech bo‘lmaganda Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarni yomonlashtirmaslik muhimligini tushunib turibdi», deydi xitoyshunos Leonid Kovachich.

Ekspertning ta’kidlashicha, Xitoy dastlab Yevropa Ittifoqining Ukraina urushidagi ishtiroki darajasini, bu masala Yevropa uchun naqadar «og‘riqli» ekanini yetarlicha baholamagan bo‘lishi mumkin.

«Hozir esa ular vaziyatni hech bo‘lmaganda muloqot diplomatiyasi darajasida yumshatishga harakat qilmoqda», deydi Kovachich.

Ukrainadagi urush Xitoyning Tayvanga nisbatan munosabatiga ham ta’sir o‘tkazdi. Pekin bu orol-davlatni ayirmachi viloyat deb biladi. So‘nggi oylarda mintaqadagi keskinlik barqaror ravishda oshib bormoqda, Xitoy dekabr oyida Tayvan atrofida eng yirik dengiz va havo mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Va bu so‘nggi yildagi birinchi mashg‘ulot emas edi.

Rossiyaning Ukrainadagi urushi boshida ko‘plab mutaxassislar Xitoy ham Tayvanga qarshi faol harakatlar boshlashidan xavotirda edi. Ammo hozir ba’zi tahlilchilar fikricha, Xitoy Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga G‘arbning (xususan, Yevropa Ittifoqining) yakdil munosabatini ko‘rib, bunga jur’at eta olmaydi.

Mariya Zaxarovaning xitoylik analogi

Tahlilchilar Rossiya diplomatiyasining rasmiy vakili Mariya Zaxarova bilan taqqoslanadigan Xitoy Tashqi ishlar vazirligining sobiq vakili Chjao Litszyanning yaqinda o‘z lavozimidan bo‘shatilganini muhim voqea deya hisoblamoqda.

GREG BAKER/AFP VIA GETTY IMAGES

Zaxarova singari Chjao ham G‘arbga qarshi keskin bayonotlari bilan tanilgan edi. So‘nggi bir necha yildan buyon Xitoy, dastlab Rossiya tomonidan qo‘llangan axborot propagandasi usullaridan tez-tez foydalangan.

«Bu Moskva va Pekin xalqaro axborot makonida bevosita hamkorlik qilmoqda, degani emas. Aksincha, Xitoy propagandasi rus usullarini o‘zlashtirdi va ijodiy qayta ishladi. Usullar o‘xshashligi ikki avtoritar rejimga xos bo‘lgan qarashlarning umumiyligi bilan to‘ldiriladi. Ularning maqsadi — G‘arb demokratiyasi va umuminsoniy huquqlar konsepsiyasini tanqid qilish, shuningdek, o‘z qonuniyligini mustahkamlashdir», deya fikr bildiradi Karnegi markazi mutaxassislari.

Bloomberg’ning ta’kidlashicha, Chjao Litszyanning boshqa lavozimga o‘tkazilishi Pekinning xalqaro munosabatlarda agressiv yondashuvdan voz kechgani va yumshoqroq kursga o‘tganidan dalolat beradi.

Bundan tashqari, Xitoy yaqinda o‘zining bahsli «nol kovid» (ya’ni, koronavirus tarqalishining to‘liq oldini olishga urinish) siyosatidan voz kechdi va biznes ishonchini tiklash uchun «umumiy farovonlik» (ijtimoiy tenglik) haqidagi ritorikani kamaytirdi.

«Xitoy davlat ommaviy axborot vositalari Ukrainadagi urushni rossiyaparastlik nuqtayi nazaridan yoritishda davom etsa-da, ekspertlar Pekin endi Moskvani oldingidek qat’iy qo‘llab-quvvatlamayapti degan fikrga qo‘shiladi», deydi BBC nashrining Xitoy bo‘limi muharriri Hovard Chjan.

Putindan hafsalaning pir bo‘lishi

Xitoy rasmiy matbuotiga ko‘ra, 9 yanvar kuni, yaqinda Xitoy tashqi ishlar vaziri etib tayinlangan Sin Gan hamkasbi Sergey Lavrov bilan suhbatda unga Rossiya-Xitoy munosabatlari tamoyillarining an’anaviy prinsiplarini eslatib o‘tgan — «bloklarga qo‘shilmaslik, qarama-qarshilikka bormaslik va uchinchi tomonga qarshi turish».

MARK RALSTON/AFP VIA GETTY IMAGES

«Bu Putin va Si Jinping o‘tgan yilning fevral oyida imzolagan «chegarasiz do‘stlik» haqidagi bayonotdan ancha farq qiladi», deydi Hovard Chjan.

«Xitoylik hukumatparast siyosiy tahlilchilar yashirin shaxsiy suhbatlarda Putindan hafsalalari pir bo‘lganini va uning Ukrainada bunchalik ochiqchasiga muvaffaqiyatsizlikka uchraganiga ishonmayotganini aytyapti», deya qo‘shimcha qiladi muharrir.

«Yaqin tarixga nazar tashlab, Pekin boshqa mintaqaviy mojarolarda o‘zini qanday tutganini eslasak, Xitoy pragmatik harakat qilishi va Rossiyaning Ukrainadagi muvaffaqiyatsizligining salbiy oqibatlarini o‘zi uchun yumshatishga tayyorlanishini taxmin qilish mumkin. Pekin ma’lum darajada o‘z manfaatlaridan kelib chiqib, hatto vositachi bo‘lishga ham harakat qilishi mumkin», deydi Chjan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Xitoy eski siyosatidan ochiqchasiga voz kechishi, birdaniga G‘arbga to‘liq qo‘shilib, Putinni qoralashi dargumon.

O‘tgan yilning dekabr oyida Putin va Si Jinping o‘rtasidagi navbatdagi suhbatdan so‘ng, AQSh Moskva-Pekin aloqalaridan xavotir bildirdi va Xitoy Rossiyaga qurol yetkazib berishga qaror qilsa, jiddiy oqibatlarga duch kelishini ma’lum qildi.

«Pekin o‘zining betarafligi haqida gapirmoqda, biroq uning xatti-harakatlari u hali ham Rossiya bilan yaqin munosabatlarni davom ettirayotganini yaqqol ko‘rsatib turibdi», degan edi Davlat departamenti vakili. U shuningdek, AQSh vaziyatni diqqat bilan kuzatishda davom etishiga ham va’da berdi.

Muqobilsiz Xitoy

«Xitoy nima demasin, Rossiyada bu vaziyatda unga muqobil yo‘q», deydi ekspert Leonid Kovachich.

«Hozirgi vaziyatda Xitoy Rossiyaning yagona ishonchli savdo sherigi va qaysidir ma’noda savdo qilish va bu savdodan daromad olishning yagona imkonidir. Shuning uchun, Xitoy nima demasin (ma’lum chegaralargacha albatta) Rossiya bunga javoban biron chora ko‘rishga qodir emas, qolaversa Rossiyaning Xitoyga qaramligi kuchayib bormoqda», degan Kovachich.

«Rossiya savdo aloqalarini davom ettirayotgan Turkiya ham Xitoyning o‘rnini bosa olmaydi. Chunki Xitoyning G‘arbga nisbatan siyosiy darajadagi dushmanligi Rossiyaga, NATO a’zosi bo‘lgan Turkiyaning pozitsiyasidan ancha yaqinroq. Rossiya uchun bu muqobil emas», deya qo‘shimcha qiladi Kovachich.

CARLOS BARRIA/POOL/AFP VIA GETTY IMAGES

Rossiya-Xitoy munosabatlaridagi nomutanosiblik birinchi marta sezilgani yo‘q. Jamoatchilik sohasida bu, ayniqsa, inqiroz davrida tomonlarning bir-birini qo‘llab-quvvatlashida yaqqol namoyon bo‘ladi.

Masalan, 2019 yilda Pekin va Vashington o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgan vaqtda Putin Xitoyni ochiq qo‘llab-quvvatlab, AQShning Huawei texnologik kompaniyasiga qarshi sanksiyalarini iqtisodiy urush va kuchli raqibni yo‘q qilishga urinish deb atadi. 2020-2021 yillarda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi G‘arbning Uhandagi epidemiologik inqiroz boshlanishini mustaqil tergov qilish haqidagi chaqiriqlarini 50 martadan ortiq tanqid qilgan.

Xitoy esa, o‘z navbatida, kamdan kam hollarda Kremlni qo‘llab-quvvatlaydi, ko‘pincha betaraf pozitsiyadan gapiradi. Xususan, Qrimning maqomini muhokama qilishda, Donbassdagi urush haqidagi bayonotlarda va Buyuk Britaniyada sobiq Bosh razvedka boshqarmasi zobiti Sergey Skripalning zaharlanishi voqealarida Pekin betaraf pozitsiyada qolgan.

O‘tgan yil noyabrida esa Si Jinping bilvosita Vladimir Putinning Ukraina haqidagi tahdidli bayonotlarini tanqid qildi va Germaniya kansleri Olaf Shols bilan qo‘shma bayonotida «yadro qurolidan foydalanish yoki undan foydalanish bilan tahdid qilish»ni qabul qilib bo‘lmas deb atadi.

Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, ismi sir qolishni so‘ragan xitoylik amaldorlardan biri vaziyatga shunday izoh bergan: «Putin aqldan ozgan. Ukrainaga hujum qarori kichik insonlar guruhi tomonidan qabul qilingan. Xitoy Rossiyaga shunchaki ergashmasligi kerak».

Nashr jurnalistlarining ta’kidlashicha, Xitoy Rossiyaning Ukrainada muvaffaqiyatsizlikka uchrashi va urushdan jahon miqyosida iqtisodiy va diplomatik jihatdan sezilarli darajada zaiflashgan «kichik kuch» sifatida chiqishi ehtimolini allaqachon to‘liq anglab yetgan.

Bundan tashqari, ikki tomonlama do‘stlik haqidagi barcha ommaviy bayonotlarga qaramay, ayrim xitoylik amaldorlar yakka tartibda Putinning o‘ziga ma’lum darajada ishonchsizlik bildirmoqda.

Муҳаммадқодир Собиров
Muallif Муҳаммадқодир Собиров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid