O‘zbekiston | 14:00 / 12.01.2023
54492
2 daqiqa o‘qiladi

Rafiq Nishonov vafot etdi

O‘zbekiston SSRning Islom Karimovdan avvalgi rahbari Rafiq Nishonov 97 yoshida vafot etdi.

Foto: O‘zA

Sobiq O‘zbekiston SSR Kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasining birinchi kotibi Rafiq Nishonov 97 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Nuz.uz nashri xabar tarqatdi.

Rafiq Nishonov – O‘zbekiston SSR arbobi, diplomat. 1926 yil 15 yanvarda Bo‘stonliq tumani G‘azalkent shaharchasida tug‘ilgan.

Nishonov 1970 yilda SSSRning Shri-Lanka va Maldivdagi, 1978 yilda esa Iordaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan. 1985-1986 yillarda O‘zbekiston SSR tashqi ishlar vaziri sifatida faoliyat yuritgan. 1986-1988 yillarda O‘zbekiston SSR Oliy soveti prezidiumi raisi bo‘lgan, 1988-1989 yillarda kommunistik partiyaga rahbarlik qilgan.

Siyosiy arbob 1989 yildan buyon Moskvada yashab kelayotgandi. U 1989-1991 yillarda SSSR xalq deputati va SSSR Oliy sovetining Millatlar kengashi raisi bo‘lgan. 1991 yil sentabrda SSSR prezidenti Mixail Gorbachyovga maslahatchi lavozimini egallagan; oradan ikki oy o‘tib, suverenitetlar paradi fonida, pensiyaga chiqqan.

2021 yil 15 yanvarda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rafiq Nishonovni Aleksandr Nevskiy ordeni bilan taqdirlagan edi.

Nishonov 2020 yilda bergan intervyusida O‘zbekistonning ikkinchi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning islohotlarini qo‘llab-quvvatlagan, Mirziyoyev “sokin inqilob” qilganini aytgandi.

Mavzuga oid