Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya Soledar olingani haqida rasman ma’lum qildi, Ukraina endi Baxmutni ham boy beradimi?
Rossiyalik harbiylar Soledar shahri to‘lig‘icha ularning nazoratiga o‘tganini ma’lum qilmoqda. Bu kichik shahar ukrainlarning janubi-g‘arbda joylashgan boshqa yirikroq va muhimroq Baxmut shahri mudofaasi uchun tayanch vazifasini o‘tardi. Ukraina qurolli kuchlari rossiyaliklarning bayonotlari haqiqatga mos emasligi va Soledar uchun janglar davom etayotganini aytmoqda.
Rossiya mudofaa vazirligi rasmiysi Igor Konashenkovning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklarning bo‘linmalari Soledarni 12 yanvar kuni to‘liq egallashgan. Uning aytishicha, bu Baxmutdagi ukrain qo‘shinlarining ta’minot yo‘lini kesib qo‘yish, keyin esa «Ukraina qurolli kuchlarining Baxmutda qolgan bo‘linmalarini to‘sib qo‘yib, qurshovga olish» imkonini beradi.
Soledar qo‘lga kiritilgani haqida ikki kun muqaddam «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin ham ma’lum qilgandi, bu yo‘nalishda asosan uning yollanma jangchilari hujum qilayotgandi. Ammo o‘shanda uning so‘zlarini Ukraina tomoni ham, Rossiya qo‘mondonligi ham tasdiqlamagandi.
Ukraina tomoni hozir ham Soledar boy berilganini rad etmoqda.
«Janglar shaharning o‘zida olib borilmoqda, Ukraina kuchlari Soledarni tashlab chiqqani to‘g‘risidagi ma’lumot haqiqatga zid, u yerda janglar ketmoqda», degan Ukraina qurolli kuchlari Sharqiy guruhi spikeri Sergey Cherevatiy.

«Jangchilarimizning taktik vaziyatini oshkor etmaslik uchun tafsilotlarni keltirmaymiz. Dushman kuchlari ustunlik qilmoqda, chunki ular bu yo‘nalishga maksimum kuch tashlagan. Ammo bizning kuchlarimiz hamon shaharning o‘zida turib jang qilishda davom etmoqda», degan u.
G‘arb razvedkasi ham Soledar RF kuchlari nazoratiga o‘tganini tasdiqlamayotgandi, ammo Amerikadagi Urushlarni tadqiq etish instituti (ISW) o‘zining so‘nggi hisobotida bu to‘g‘ri bo‘lishi mumkinligini bildirdi.
«Rossiya kuchlari agar butun Soledarni bo‘lmasa, uning katta qismini nazorat qilmoqda va katta ehtimol bilan Ukraina qo‘shinlarini aholi yashash manzilining g‘arbiy chekkalaridan ham siqib chiqargan», deyiladi hisobotda.
CNN jurnalistlari Ukraina armiyasi qismlari Soledardan uyushgan holda chekinishiga guvoh bo‘lgani haqida xabar qilgan.
Telekompaniya tasvirga olish guruhi Soledardan taxminan to‘rt kilometr masofada turibdi. Muxbir Ben Uedmanning xabar qilishicha, juma kuni kunning birinchi yarmida tomonlar o‘rtasida shiddatli janglar davom etgan.
Ukraina qurolli kuchlari chekinishi kunning ikkinchi yarmida ro‘y bergan. Ammo shahardan olib chiqilgan harbiylar orasida sarosima kuzatilmagan.
Soledar nimasi bilan muhim?
Soledar - Baxmutdan 10 kilometr shimoli-sharqda joylashgan kichik (2022 yil fevralidagi ma’lumotlarga ko‘ra, 10 ming kishi yashagan). Bu yerda shahar ichidagi shahar ko‘rinishidagi «Artemsol» zavodi joylashgan bo‘lib, bu Sharqiy va Markaziy Yevropadagi tuz ishlab chiqaruvchi eng yirik korxona hisoblanadi. Zavod bahordayoq faoliyatini to‘xtatgan, bu esa Ukrainada tuz tanqisligini keltirib chiqargandi.
Rossiya kuchlari Soledarni egallash uchun dekabr oyi oxirida jiddiy harakat boshladi, bu yo‘nalishda asosan «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi safiga yollangan sobiq mahbuslar harakatlanmoqda. «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojinning aytishicha, shaharni shturm qilishda faqat uning jangchilari qatnashmoqda.
Rossiya mudofaa vazirligining juma kuni bergan ilk ma’lumoti esa bunga zid edi. Konashenkov Soledarni egallash bo‘yicha amaliyotda havo-desant qo‘shinlari, armiya aviatsiyasi, raketa qo‘shinlari va artilleriya, shuningdek, havo hujumidan mudofaa va radioelektron kurash kuchlari ishtirok etganini aytgan, «Vagner» kuchlarining ishtiroki haqida esa lom-mim demagan.
Keyinroq Rossiya mudofaa vazirligi yana bir xabar e’lon qildi va unda Soledar olinishida «Vagner» XHKning xizmatlari e’tirof etilgan.
«Ukraina qo‘shinlari tomonidan okkupatsiya qilingan Soledar shahri kvartallarini shturm qilish haqida to‘xtalsak, bu jangovar topshiriq «Vagner» shturmchi otryadlari ko‘ngillarining jasoratli va fidokorona harakatlari evaziga muvaffaqiyatli uddalandi», deyilgan vazirlik xabarida.
May oyida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukrainada «Vagner» jangchilari «harakatlanmayotgani», G‘arb matbuoti esa bu haqda yozib, o‘z mamlakatlaridan Ukraina tomonida urushish uchun yollanganlardan jangchilardan e’tiborni chalg‘itishga harakat qilayotganini aytgandi.
Reuters agentligi Oq uy vakiliga asoslangan holda xabar berishicha, Baxmut va Soledarni qo‘lga olish istagi «Vagner» asoschisi, biznesmen Yevgeniy Prigojinning Donetsk oblastidagi tuz va gips konlarini o‘z nazoratiga olish istagi bilan bog‘liq. Agentlik suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada janglarga jalb etilgan qariyb 50 ming yollanma jangchilardan 4 mingdan ortig‘i halok bo‘lgan va 10 mingi yaralangan.
Soledar hozirda Baxmut kaliti deb atalmoqda, garchi bu ibora shtampdan boshqa narsa bo‘lmasa ham. Uning boy berilishi ukrainlarning Baxmutdagi mudofaasi chap qanotini zaiflashtiradi va Rossiya qo‘shinlariga bu shaharga shimoldan yurish qilish uchun yo‘l ochadi, bu esa shaharni egallash bo‘yicha amaliyotni muvaffaqiyatli yakunlash imkoniyatini oshiradi. Ammo shu bilan birga, muvaffaqiyat kafolatlanmagan ham.
Baxmutdagi Ukraina qo‘shini hamon kamida ikki yo‘l bilan g‘arbdan ta’minot olishi mumkin - Krasnoye qishlog‘i va Chasiv Yar orqali. Shaharga shimoldan hujum qilish boshqa tomondan hujum qilishga qaraganda osonroq ham emas.
Soledar, xuddi Baxmut kabi, Moskva uchun birinchi navbatda obro‘ nuqtayi nazardan muhim. Ukrainada harbiy kampaniya boshidan buyon yoz o‘rtalariga qadar Rossiya armiyasi o‘nlab shaharlarni qo‘lga iritdi, keyin esa birin-ketin bu shaharlarni qaytarib bera boshladi.
Harbiy tahlilchi, Rochan Consulting analitik markazi rahbari Konrad Muzikaning taxmin qilishicha, rossiyaliklarning Soledardagi muvaffaqiyatini «yo‘qotishlar hisobga olinmaydigan behisob hujumlar» bilan izohlash mumkin.
Uning hisobotida aytilishicha, Rossiya qo‘shini Soledar va Baxmutda asosan piyodalar bilan hujum qilmoqda va ularni artilleriya qo‘llab-quvvatlamoqda, zirhli texnikalar esa deyarli qo‘llanmayapti.
Soledar tashlab chiqilishi Ukraina qurolli kuchlarining Baxmutdagi holatiga qanday ta’sir qiladi?
Konrad Muzika agar Soledar qulasa, rossiyaliklarning Baxmutga hujumlari intensivligi oshishiga ishonchi komil.
Rossiyaliklarning Baxmutga janubdan harakatlanishi ham to‘xtamayapti.
«Shturmlar oldingidek. Yoppasiga hujum qilishmoqda va Kleshchiyevka orqali Konstantinovkadagi trassaga chiqishga urinishmoqda. Ammo u yerda [bizning] barcha bo‘linmalarimiz mudofaani normal ushlab turishibdi. Agar snaryad va patronlar ko‘proq bo‘lganida biz ularning barini bartaraf qilgan bo‘lardik», deydi ukrainalik jangchilardan biri.
Ukrainlarning «Informatsionnoye soprotivleniye» guruhi harbiy sharhlovchisi Konstantin Mashovetsning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi Baxmut yo‘nalishida 30 dan ortiq batalon-taktik guruhlarini jamlagan.
«Albatta, ularning qariyb yarmi shaxsiy tarkibni to‘ldirishda surunkali muammolarga uchraydi, ularning jangovar tayyorgarlik darajasi ham ma’lum darajada savollar tug‘diradi. Kleshchiyevki hududida qattiq janglar davom etmoqda, dushman qancha qurbonlik berib bo‘lsa ham bir vaqtda ikki uchastkaga yorib kirishga intilmoqda - Kleshchiyevkaning o‘zi orqali, shuningdek, u va «Severskiy Donets - Donbass» kanali o‘rtasidagi hudud orqali», deya yozadi ekspert.
Britaniya harbiy razvedkasi hisoblashicha, vagnerchilarning taktik harakatlari ukrainlarning kommunikatsiya liniyalarini buzib o‘tib, Baxmutni o‘rab olish va keyingina uni egallashga qaratilgan.
Britanlar qayd etishicha, janglarning bir qismi ushbu hudud ostidan o‘tuvchi tuz konlarining foydalanilmayotgan 200-kilometrlik yerosti tunnellariga kirish joylarini qo‘lga kiritish uchun ham olib borilmoqda - bu yo‘llar ikki tomonni ham xavotirga soladi, chunki tunnellardan dushmanning ortiga chiqishda foydalanish mumkin.
Britaniya razvedkasi hisoblashicha, Rossiya qo‘shini yaqin vaqtlar ichida Baxmutni o‘rab olishi dargumon, chunki Ukraina qurolli kuchlari ichkariroqda barqaror mudofaaga ega hamda ta’minot yo‘llarini ishonchli nazorat qilmoqda.
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
11:58 / 28.05.2025
Yevroittifoq 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa fondini tuzdi
20:37 / 27.05.2025
Kellog: Rossiya va Ukrainaning urushdagi yo‘qotishlari 1 million kishidan oshdi
20:17 / 27.05.2025