«Nechanchi asrda yashayapmiz?» – Toshkentni sarosimaga solayotgan qish
O‘zbekistonda oxirgi 10 yillikdagi eng sovuq kunlar boshlanishi fonida energiya va gaz tizimida kollaps yuzaga keldi. Bu ayniqsa Toshkent shahrida ko‘proq sezilmoqda.
Gaz va elektr tokidan uzilishlar bilan tez-tez to‘qnashib turadigan viloyatlardagi aksar hududlar uchun bu yangilik emas. Lekin gaz va elektr sutkalab o‘chib qolishi bilan kamdan kam to‘qnashadigan poytaxt aholisi sarosimaga tushib qolmoqda. Uylar yaxshi isimayapti, ovqatlar pishmayapti. Vaziyatdan norozi odamlar tuman elektroset markazlariga tok so‘rab borgani aks etgan videolar tarqalmoqda.
Masalan, quyidagi videoda Toshkent shahri Uchtepa tumani elektroset binosiga elektr berilishini so‘rab borgan aholi vakillarini ko‘rish mumkin. Unda Uchtepa tumanining ayrim hududlarida 12 -15 soatdan beri elektr yo‘qligi aytiladi.
«Kecha 6dan beri elektr toki yo‘q… Har safar kelganimizda shunaqa holat bo‘lyapti. Muammoni hal qilib berishsin», – degan fuqarolardan biri.
Shu kabi vaziyat Olmazor tumani elektrosetida ham kuzatilgan.
Shuningdek Yunusobod tumanida aholi tuman elektroset binosi eshigi oldiga to‘plangan. Uyini isitolmayotgan ayollar bino eshigini yorib kirishga harakat qilishgan.
Kuchli bosim sabab poytaxtdagi transformatorlarga yuklama ortib ketgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan birida Uchtepa tumanidagi transformatorlardan biri portlab ketgani aytilgan.
Shayxontohur tumanining Zafarobod va Oqtepa mavzelaridagi ayrim transformatorlar ham yuklamani ko‘tarolmay portlagani va yangisiga almashtirilayotgani haqida videolar tarqalmoqda.
Poytaxtda eskirib qolgan elektr simlari bosimni ko‘tarolmay, yonib ketish holatlari ham tez-tez kuzatilyapti. Shunday holatlarning bir nechtasini yig‘ib, Toshkent shahar hokimligi o‘zining rasmiy Telegram-kanalida ham e’lon qilgan.
Videolarda Toshkent shahrining Yunusobod, Shayxontohur, Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod, Olmazor, Chilonzor, Sergeli va Uchtepa tumanlarining ayrim joylarida elektr toki yo‘qligi aytiladi.
Uyini isitolmayotgan aholi isinishning turli usullarini sinab ko‘rmoqda. Ular orasida ko‘chada gulxan yoqib isinayotganlar ham bor.
Bloger Aqida Xanum uyida bir necha soatdan beri issiqlik tizimi ishlamayotgani sabab, chelakda olov yoqishga majbur bo‘lganini yozgan.
«Oxiri chidolmadim. Opam ikkimiz chiqib, cherdakdagi bolaligimizdan beri turadigan o‘tinlarni olib tushib o‘choqda yoqdik. Kulini tunuka chelakka solib, chelakning tagiga eramizdan avvalgi temir patnis solib, uning tagidan yog‘och yashik qo‘yib, uyga olib kirdik», – deya yozadi u.
Jurnalist Aziza Qurbonova chaqalog‘i borligi sabab, uyiga ko‘mirli pechka qurishga to‘g‘ri kelganini aytadi.
«Uyga ko‘mir pechka o‘rnatdik. Tashqarida 21-asrning 23 yili davom etmoqda. Toshkent megapolisi Uchtepa distrikt», – deb yozadi u.
Jurnalist Tolib Rahmatov Toshkent shahridagi domlardan birida sovuqqotmasligi uchun ko‘rpalarga o‘rab qo‘yilgan chaqaloqning suratini ulashgan.
«Toshkentdagi ayrim domlarda yashovchilar qahraton sovuqqa qarshi shunday kurashmoqda», – deya izoh yozilgan unda.
Mirzo Ulug‘bek tumanida esa uy ichidagi krandan oqayotgan suvning muzlab qolgani, istiqomatchilar choy, ovqat qaynashi uchun qo‘ralardan foydalanayotgani aks etgan kadrlar tarqaldi.
Uyining sovuqligidan aziyat chekayotgan aholidan tahririyatga ham murojaatlar kelmoqda. Ulardan birida aytilishicha, Uchtepa tumani Al Xorazmiy dahasida joylashgan 12 qavatli uylarda 13 yanvar kuni elektr ta’minoti uzilgan.
«3 kundan beri svet yo‘q. Uylarimizga gaz o‘tmagan, faqat elektr energiyasidan foydalanamiz. Svet yo‘qligidan uch kundirki qarindoshimiznikida yashayapmiz. Bolalar yig‘lab, uyga ketishni xohlab janjal qilishyapti», – deydi ayol.
Yana bir murojaatchi sovuqda chaqaloqlarni ovqatlantirish qiyin bo‘layotganini aytmoqda.
«Qo‘shnilarimizda chaqaloqlar, yosh bolalar bor. Ayollar bolasiga sut tayyorlab berish uchun termos ko‘tarib, yaqin atrofdagi kafelardan qaynoq suv opkelishyapti. Keksalar hammasi kasal bo‘lib ulgurishdi», – deydi u.
Sovuq ob-havodagi sharoitni satira qilganlar ham bor. Masalan, aktyor Muhammadiso Abdulxayirov sovuq sabab uy ichida bosh kiyim va qalin kiyimlarda o‘tirib, o‘zini o‘rta asrlarda yashayotgan odamdek his qilayotganini aytadi.
«Sovuq ham Allohning ne’mati, bu ham bir kerakli narsa, yerga mazza, hammayoqda qor. Nechanchi asrda yashayotganimizni bilmay bir joyda ikkilanib qolaman. Uchinchi, beshinchi asrmi, nechanchi asrda yashaymiz o‘zi? Sababi o‘sha paytlar ham shunaqa svet va gazsiz uylarda o‘tirilgan. Svet, gaz, men sizlarni sevaman.... Xalqning duosiga qolyapsizlar», – deya kinoya qiladi u.
Mavzuga oid
18:07 / 24.11.2024
IIV tuzilmasida Doniyor Toshxo‘jayev va yana ikki mansabdor lavozimidan ozod etildi
18:52 / 23.11.2024
Prezident Toshkentda «Xushnud» mahallasi aholisi bilan uchrashdi
16:37 / 23.11.2024
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
10:51 / 23.11.2024