Jahon | 20:48 / 16.01.2023
18376
10 daqiqa o‘qiladi

Leopard va Challanger 2. Ukraina G‘arbdan qachon va qancha jangovar tank oladi?

Polsha va Buyuk Britaniya Ukrainaga asosiy jangovar tanklar yetkazib beruvchi ilk davlatlar bo‘lishi mumkin. Yakuniy qaror hali qabul qilinmadi, biroq davlat rahbarlari allaqachon Kiyevga bu qurollarni topshirish imkoniyati haqida ochiqchasiga gapirmoqda.

Leopard 2 - o‘z sinfidagi eng yaxshi tanklardan biri. Foto: ANADOLU AGENCY

Polsha prezidenti Anjyey Duda 4 yanvar kuni Varshava Ukrainaga o‘nga yaqin Leopard 2 tanklarini yetkazib bermoqchi ekanini aytdi. Ammo bu masala ittifoqchilar bilan kelishib olinishi kerak. Germaniyada ishlab chiqarilgan va Polsha qo‘shinlarida xizmat qilayotgan Leopard 2 tanklarini Ukrainaga topshirish uchun Berlinning roziligini olish talab etiladi.

Xuddi shu kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunakning matbuot kotibi jurnalistlarga London Kiyevga harbiy yordamni kuchaytirishini va Ukrainani bu urushda g‘alaba qozonishiga yordam beradigan yangiroq, zamonaviyroq qurollar bilan ta’minlashini ma’lum qildi.

Dauning-strit vakili, shuningdek, tanklar ukrainaliklarga front chizig‘ida o‘zgarishlar qilishga yordam berishi mumkinligi va Britaniya Ukrainaga Challenger 2 tanklarini yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini qo‘shimcha qildi.

London yetkazib berishni hech kim bilan muvofiqlashtirishga majbur emas, chunki ushbu tanklar Buyuk Britaniyada ishlab chiqilgan va ishlab chiqarilgan. Biroq bunday masalalar shubhasiz NATOdagi hamkorlar bilan baribir muhokama qilinadi.

Polsha qo‘shinlarida 250 dona atrofida Leopard 2 tanklari bor. Foto: Getty Images

Koalitsiya

Polsha prezidenti Anjyey Duda bo‘lajak qurol paketi haqida Lvivda, Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvda e’lon qildi.

Ukraina rahbari boshqa davlatlar bilan ham tank yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini va yaqin kelajakda yana bir davlatdan tank yetkazib berilishi haqidagi «ijobiy signal»ni kutayotganini aytdi.

Zelenskiy, shuningdek, faqatgina bir davlatdan og‘ir zirhli texnika yetkazib berish bilan frontda o‘zgarish qilishning iloji yo‘qligini ta’kidladi.

«Leopard’li birgina davlatning o‘zi bizga yordam bera olmaydi, chunki biz minglab rus tanklari bilan jang qilyapmiz», dedi u.

1970-yillar oxiridan beri jami 3,5 mingga yaqin Leopard 2 tanki ishlab chiqarilgan. Ancha eskiroq bo‘lsa-da, bu tanklar bir necha chuqur modernizatsiyadan o‘tgan va yangiroq tanklar taktik-texnik xususiyatlari bo‘yicha eskilaridan keskin farq qiladi.

Challenger 2 esa nisbatan zamonaviyroq bo‘lib, 1980-yillar o‘rtalaridan ishlab chiqarila boshlangan. Ular ancha kam nusxada ishlab chiqarilgan — taxminan 450 dona.

Challenger 2 - zamonaviy tank, ammo ularning jami soni 450 dona atrofida. Foto: Getty Images

Challenger 2 faqat shu turdagi tanklarda ishlatiladigan «L30A1» to‘pi bilan jihozlangan. Bu ushbu tanklar Ukrainaga yuborilsa ular uchun alohida snaryadlar ham yetkazib berish kerakligini anglatadi.

Leopard 2 esa silliq stvolli to‘p bilan qurollangan bo‘lib, bunday to‘plardan boshqa tanklarda ham foydalaniladi (masalan, AQShning M1 Abrams tankida). Bundan tashqari, ushbu to‘p NATOning standart tank o‘q-dorilarini ishlatadi.

Biroq, bir necha mamlakatdan tanklarni yetkazib berishda yana bir ma’no bor. Gap shundaki, G‘arb davlatlari hozirgacha Ukrainani tanklar bilan qurollantirishga jur’at eta olmagandi, chunki ular bu qadam Rossiya tomonidan Ukrainadagi harbiy mojaroda ularning bevosita ishtiroki sifatida qabul qilinishidan xavfsiragan.

Shu sababli, ko‘plab mamlakatlar boshqa davlatlar bilan hamkorlikda yoki kimdir buni amalga oshirgandan keyin bunday yetkazib berishni boshlashga tayyor bo‘lib turgandi.

Germaniya hukumati vakili Shteffen Hebeshtraytning Deutsche Welle telekanaliga bergan intervyusida aytishicha, Ukrainaga tanklar yetkazib berish masalasi haligacha hal qilinmagani sabablaridan biri bu kabi yetkazib berishlar haqidagi qaror xalqaro miqyosdagi muvofiqlashtirish va hamkorlik orqali qabul qilinadi.

5 yanvar kuni Finlandiya mudofaa vaziri Antti Kaykkonen MTV Uutisille telekanaliga bergan intervyusida agar Yevropa davlatlaridan birortasi Kiyevga tanklar yuborsa, Finlandiya ham o‘z Leopard 2 tanklarining bir qismini Ukrainaga berishi mumkinligini ma’lum qildi.

«Agar Yevropa Ukrainaga tanklar yetkazib berish masalasida hozirgidan bir dyuym oldinga siljisa, Finlandiya ham bunda ishtirok etishi kerak bo‘ladi. Albatta, biz ko‘p narsa bera olmaymiz, chunki Rossiya bilan chegaradosh davlat sifatida, biz uchun o‘z mudofaa qobiliyatimiz doimo ustuvor ahamiyatga ega», degan vazir.

Iyun oyi boshida Ispaniyaning El Pais gazetasi mamlakat hukumati Ukrainaga zaxira omborlarida joylashgan Leopard-2A4 tanklari partiyasini yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida maqola chop etgan edi.

Britaniya Ukrainaga Challenger 2 tanklarini topshirish masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida esa, 9 yanvar kuni Sky News nashri muzokaralardan xabardor manbalariga tayanib xabar berdi.

Ukraina qachon va qancha tank oladi?

Anjyey Duda Ukrainaga bitta tank rotasi topshirilishini aytdi, bu taxminan 15 ta tank degani. Kiyevga yuboriluvchi Britaniyaning Challenger’lari esa 10 ta bo‘lishi aytilmoqda. Bu Ukraina olishni istaganidan ancha kam.

Avvalroq Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy «dushmanni mag‘lub etish mumkinligi», ammo buning uchun unga «300 ta tank, 600-700 ta piyodalar jangovar mashinasi, 500 ta gaubitsa» kerak bo‘lishini aytgan edi.

Polsha va Buyuk Britaniyadan ikkita kichik tank partiyasi yuborilishi turli mamlakatlardan Ukrainaga jangovar tanklar yetkazib berishning faqatgina bir qismi bo‘ladi. Bundan tashqari, bu birinchi partiya bo‘lib, uni boshqalar davom ettirishi mumkin.

Tanklar yetkazib berishning aniq sanasi hali e’lon qilinmadi, ammo Duda matbuot anjumanida Polsha tank rotasi boshqa Leopard va boshqa tanklar rotalari bilan birgalikda Ukrainaga tez orada taqdim etilishiga umid qilishini aytdi.

Ukraina qurolli kuchlari ushbu jangovar mashinalarga ekipajlar tayyorlashi uchun hali ko‘p vaqt kerak bo‘ladi. Bu bir necha hafta davom etishi mumkin — hatto yaxshi o‘qitilgan tankchi ham yangi jihozlarni o‘zlashtirish uchun poligonda mashq qilishi lozim.

Bundan tashqari, tank bo‘linmalari piyodalar va qo‘llab-quvvatlash qismlari bilan jangovar muvofiqlashtirishdan o‘tishi darkor.

Umumqo‘shin jangi

G‘arb tanklari ehtimol, umumqo‘shin operatsiyalarini o‘tkazish uchun tayyorlanayotgan Ukraina armiyasining yangi bo‘linmalari dasturidan o‘rin oladi. Ushbu tayyorgarlik-mashg‘ulotlari bilan amerikalik mutaxassislar shug‘ullanmoqda.

6 yanvar kuni AQSh Ukrainaga yuboriluvchi navbatdagi yordam paketiga 50 ta M2 Bradley piyodalar jangovar mashinasi kiritilishini rasman e’lon qildi.

5 yanvar kuni esa Germaniya kansleri Olaf Sholsning idorasi Berlin Ukrainaga Marder piyodalar jangovar mashinasini jo‘natmoqchi ekanini xabar qildi. Ushbu xabardan bir kun oldin Germaniya Bundestagi mudofaa qo‘mitasi rahbari Mari-Agnes Strak-Zimmermann Bundesver omborlarida bunday mashinalar yetarli ekani, ammo qancha mashina yuborilishining aniq miqdori hozircha noma’lumligini aytgandi.

Polsha va Buyuk Britaniya Ukrainaga yetkazib bermoqchi bo‘lgan asosiy jangovar tanklar kabi bu mashinalar ham sovuq urush davrida, NATO mamlakatlarining quruqlikdagi kuchlari uchun ishlab chiqilgan.

AQSh mudofaa vazirligi vakilining 9 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qilishicha, yangi qurollar Ukraina qurolli kuchlariga umumqo‘shin janglari uchun yangi qismlarni tayyorlashni davom ettirishga imkon beradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tayyorgarlik bilan AQSh va uning hamkorlari shug‘ullanadi.

«Qurollar bir masala, ulardan foydalanish esa boshqa masala», degan Pentagon vakili.

Umumqo‘shin jangi ko‘plab mamlakatlarda, shu jumladan Rossiyada qo‘llanadigan tushunchadir. Bu quruqlikdagi qo‘shinlar tomonidan turli kuch va vositalar, jumladan, piyodalar, zirhli texnikalar, razvedka, artilleriya va havodan qo‘llab-quvvatlash, havo hujumidan mudofaa, muhandislik ta’minoti va boshqa ko‘plab vositalardan foydalangan holda jangovar harakatlarni amalga oshirishni anglatadi.

Umumqo‘shin jangi ko‘nikmalarini egallash muhim va juda murakkab masala, chunki u jangovar muvofiqlashtirishni, ko‘plab turli bo‘linmalarning harakatlarini mutanosiblashtirishni nazarda tutadi.

2022 yil dekabr oyida Pentagon matbuot kotibi, AQSh Harbiy-havo kuchlari brigadasi generali Pat Rayder Ukraina askarlari umumqo‘shin janglarini o‘tkazishga qanday tayyorlanishi haqida gapirdi.

«Avvaliga biz bitta batalonni qabul qilamiz, mashg‘ulotlar jangovar o‘q uzish bilan boshlanadi. Keyin otryad, vzvod va rota darajasida mashg‘ulotlar o‘tkaziladi va yakunda batalon darajasidagi mashg‘ulotlarni o‘tkazamiz. Shu bilan birga, juda muhim bo‘lgan batalon shtab-kvartirasi o‘quv mashg‘ulotlari ham o‘tkaziladi», degan Reyder.

Муҳаммадқодир Собиров
Tayyorlagan Муҳаммадқодир Собиров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid