Jahon | 09:20 / 17.01.2023
5312
5 daqiqa o‘qiladi

BMT bosh kotibi: Dniproga berilgan zarba urush jinoyati bo‘lishi mumkin

Dniprodagi turar joy binosiga qilingan hujum Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushidagi eng halokatli hujumlardan biridir, deya ta’kidladi BMT.

Antoniu Guterrish / Foto: AP

Birlashgan millatlar tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish 14 yanvar kuni Dniprodagi turar joy binosiga uyushtirilgan raketa hujumini qoralab, kamida 40 kishi halok bo‘lganini va bu harbiy jinoyat bo‘lishi mumkinligini aytdi. Bosh kotibning so‘zlarini 16 yanvar, dushanba kuni jurnalistlarga Guterrish matbuot kotibi o‘rinbosari Stefani Tremble keltirdi.

«Shanba kuni kechqurun Dniproda turar joy binosiga zarba berildi, bu o‘tgan yilning fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan beri sodir bo‘lgan eng qonli hujumlardan biri, - dedi Tremble. - Bosh kotib hujumni qoralab, bu hujum urush qonunlarini buzish holatlariga yana bir misol ekanini aytdi».

Birlashgan millatlar tashkilotining Ukrainadagi gumanitar masalalar bo‘yicha koordinatori Deniz Braun «da’vo qilingan harbiy jinoyatlarni samarali tergov qilishga va gumonlanuvchilarni tegishli tartibda javobgarlikka tortishga chaqirdi», deya qo‘shimcha qildi Tremble.

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel 15 yanvar kuni Twitter'da «Rossiyaning g‘ayriinsoniy tajovuzi bevosita tinch aholiga, jumladan, bolalarga qarshi qaratilganini» ta’kidladi. «Bu jinoyatlar jazosiz qolmaydi. Yevropa Ittifoqi Ukrainani qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlashda davom etadi», - deya qo‘shimcha qildi u.

Bryusselda voqea harbiy jinoyat deb ataldi. Rossiya Ukrainadagi odamlarning omon qolishi uchun zarur bo‘lgan muhim infratuzilmaga hujum qilishga qaror qilganidan so‘ng, mojaroni yanada kuchaytirdi, dedi DW'ning savoliga javoban Yevrokomissiya matbuot kotibi Peter Stano. «Rossiya o‘zining g‘ayriinsoniy qiyofasini ko‘rsatishda davom etmoqda va shafqatsiz raketa terrorini qo‘llamoqda. Bunday harakatlar urush jinoyatlarini tashkil etadi va zudlik bilan to‘xtatilishi kerak. Yevropa Ittifoqining bosh diplomati Jozep Borrel aytganidek, bu jazosiz qolmaydi», — dedi Yevropa Ittifoqi vakili.

Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati 16 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 21.00 dagi holatga ko‘ra quyidagi ma’lumotlarni keltirdi: 40 kishi halok bo‘lgan (shu jumladan, uch bola), 77 kishi jarohatlangan (shu jumladan, 14 nafar bola). Jami 39 kishi qutqarildi (shundan 6 nafari bolalar), bedarak yo‘qolganlar haqida 47 ta xabar kelib tushdi (shundan 18 nafari o‘lik holda topildi, to‘rt nafari qarindoshlarinikida va shifoxonalarda tirik holda topildi, yana 25 nafari qidirilmoqda). 174 nafar jabrlanganlarga psixologlar yordam ko‘rsatdi. Qidiruv-qutqaruv ishlari, xavfli konstruksiyalarni demontaj qilish davom etmoqda.

Ukraina xavfsizlik xizmati ("SBU") Dniproga raketa hujumida ishtirok etgan rossiyalik harbiylarning shaxsini aniqlaganini ma’lum qildi. Tergovning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, unda bir necha o‘nlab rossiyaliklar, jumladan 52-og‘ir bombardimonchi aviatsiya polki (33310-harbiy qism) komandiri, polkovnik Oleg Timoshin, ushbu polkning aviatsiya otryadi komandiri, mayor Aleksey Ivanenko, aviatsiya guruhi aviatsiya eskadrilyasi shtab boshlig‘i Dmitriy Golenkov, 52-polkning shturmanlari Denis Grigorev va Dinar Nazirov, shuningdek, aviatsiya qurollari muhandisi Yevgeniy Potseluyev qatnashgan.

"SBU" urush qonunlari va odatlarini buzganlik bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Ukraina Harbiy-havo kuchlari Ukraina Qurolli kuchlarida uzoq masofaga uchuvchi X-22 tovushdan tez harakatlanadigan, havodan uchiriladigan kemalarga qarshi qanotli raketalarini urib tushirishga qodir qurollari yo‘qligini bildirdi. Ularga ko‘ra, aynan ushbu quroldan Kursk viloyatidan Dniproga qarata zarba berilgan.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ta’kidlashicha, Rossiya qurolli kuchlari turar joy binolariga zarba bermayapti. «Ushbu fojia aksilraketa va havo hujumidan mudofaa harakatlari natijasi bo‘ldi», deb ma’lum qildi u.

Mavzuga oid