Jahon | 09:33 / 18.01.2023
6282
2 daqiqa o‘qiladi

Borrel Belarus muxolifatiga qarshi repressiyalarni qoraladi

Belarusdagi repressiyalar «har qanday mustaqil ovozni» o‘chirishga qaratilgan, dedi Jozep Borrel. Uning ta’kidlashicha, YeI Lukashenko rejimining harakatlarini qoralaydi.

Jozep Borrel / Foto: AP

Lukashenko rejimining siyosiy repressiyalari «misli ko‘rilmagan darajaga» yetdi, deb ma’lum qildi 17 yanvar, seshanba kuni Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel. Belarusda Svetlana Tixanovskaya, Pavel Latushko va Belarus muxolifati Muvofiqlashtiruvchi kengashining boshqa a’zolari ustidan boshlangan sirtdan sud jarayoniga Yevropa diplomatiyasi rahbari shunday munosabat bildirdi.

Borrel bugun Belarusda 1440 dan ortiq siyosiy mahbus borligini eslatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rejim repressiv qonunlarni qo‘llash orqali belaruslarning huquq va erkinliklarini, shuningdek, Belarusning xalqaro majburiyatlarini buzmoqda. «Yevropa Ittifoqi har qanday mustaqil ovozni o‘chirishga qaratilgan bu shafqatsiz qatag‘onlarni va siyosiy sabablarga ko‘ra o‘tkazilgan sudlarni qoralaydi», deb ta’kidladi Jozep Borrel.

17 yanvar kuni Minskda 2020 yil avgustida bo‘lib o‘tgan munozarali prezidentlik saylovlaridan so‘ng o‘zini mamlakat prezidenti deb e’lon qilgan Belarus muxolifati yetakchilaridan biri Svetlana Tixanovskaya ustidan sirtdan sud boshlandi. Tixanovskaya bilan birga muxolifatchilar Pavel Latushko, Mariya Moroz, Olga Kovalkova va Sergey Dilevskiy ayblanuvchi sifatida sudga chaqirildi. Ular davlat hokimiyatini konstitutsiyaga zid yo‘l bilan egallash maqsadida fitna uyushtirganlikda ayblanmoqda.

Svetlana Tixanovskaya o‘zining sirtdan sudlanishini Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko tomonidan o‘ch olish va fars deb atadi. «Bu Lukashenko va uning tarafdorlarining shaxsiy qasosi, lekin faqat mendan emas, balki unga qarshi chiqqan boshqa odamlardan ham», — dedi siyosatchi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid