«Ikkilanishni bas qiling». Zelenskiy Davos ishtirokchilarini Rossiya yurishi boshlanguncha Ukrainaga tank berishga chaqirdi
Chorshanba kuni Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida chiqish qilgan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina ittifoqchilarini ikkilanishni bas qilib, tezlik bilan Kiyevga barcha zarur qurollar, jumladan tanklar va havo hujumidan mudofaa tizimlari yetkazib berishga chaqirdi.
«Erkin dunyo o‘ylashga ketkazayotgan vaqtni terrorchi davlat odamlarni o‘ldirishga sarflamoqda», degan Davos forumi ishtirokchilariga videoaloqa orqali murojaat qilgan Zelenskiy.
«Dunyo ortiq ikkilanmasligi kerak - bugun ham, kelajakda ham. Dunyoning safarbarligi bizning umumiy dushmanimizning navbatdagi harbiy safarbarligidan ilgarilab ketishi kerak. Ukrainani havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan ta’minlash Rossiyaning navbatdagi raketa zarbalaridan ildamroq bo‘lishi kerak. G‘arbning tanklari yetkazib berilishi Rossiya tanklarining navbatdagi yurishidan oldin ro‘y berishi kerak», deya davom etgan Zelenskiy.
Tanklar haqidagi so‘zlarni ko‘pchilik nemislar tomonidan ishlab chiqarilgan Leopard tanklari uchinchi davlatlar tomonidan Ukrainaga yetkazib berilishiga ruxsat berishga shoshilmayotgan Germaniyaning ikkilanishiga ochiq ishora sifatida baholanmoqda. Polsha va Finlandiya Ukrainaga o‘zidagi Leopard tanklarining bir qismini berishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Davos forumida so‘zga chiqqan Germaniya kanlseri Olaf Shols Leopard tanklari boshqa mamlakatlar tomonidan Ukrainaga taqdim etilishiga ruxsat qachon bo‘lishi haqida auditoriyadan berilgan savolga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob berishdan qochdi.
Shols Germaniya allaqachon Ukrainaga faollik bilan yordam ko‘rsatayotgani va umumiy yordam hajmi bo‘yicha AQShdan keyingi ikkinchi o‘rinda turgani, ukrainlarga yetkazib berish uchun o‘q-dori ishlab chiqarish hajmini oshirgani va Ukrainaga zamonaviy va juda samarador bo‘lgan zenit-raketa tizimlari yuborgani haqida juda ko‘p gapirdi.
Germaniyadagi Süddeutsche Zeitung gazetasi chorshanba kuni o‘z manbalariga tayanib, Olaf Shols Leopard tanklarini Ukrainaga yetkazishga tayyorligi, ammo buning uchun avval AQSh o‘zining Abrams tanklarini ukrainlarga berishi kerak bo‘lishi haqida yozdi. Gazetaning anonim suhbatdoshlariga ko‘ra, Shols bu haqda seshanba kuni AQSh prezidenti Jo Bayden bilan telefon orqali muloqot chog‘ida aytib o‘tgan. Nashrga ko‘ra, Bayden bu borada hech qanday va’da bermagan.
Ammo AQSh hozircha Ukrainaga o‘z tanklarini berishni rejalashtirmayotgani - Rossiyaning reaksiyasidan qo‘rquv tufayli emas, buning sababi shundaki, bu tanklarga xizmat ko‘rsatish tizimlari juda qimmatga tushadi. Bu haqda chorshanba kuni AQSh mudofaa vaziri o‘rinbosari Kolin Kal jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida aytib o‘tdi.
«O‘ylaymanki, ish bungacha yetib bormaydi. Abrams juda murakkab texnika. U qimmat, uni boshqarishni o‘rganish juda uzoq vaqt talab etiladi, uning gaz turbinali dvigateli ko‘p sarflaydi, bilishimcha, bir mil masofaga uch gallon aviatsiya yonilg‘isi [taxminan bir kilometrga yetti litr - BBC]. Bu ekspluatatsiya uchun eng oson texnika emasligi aniq», deya Kalning so‘zlarini keltirgan xalqaro agentliklar.
Ukraina rahbariyati Germaniya va boshqa davlatlar og‘ir texnika yetkazib berish masalasida Ukraina ittifoqchilarining 20 yanvar kuni o‘tkaziladigan «Ramshteyn» formatidagi navbatdagi uchrashuvida qandaydir qaror qabul qilinishiga umid qilmoqda.
NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg chorshanba kuni Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berishni aynan hozir sezilarli darajada oshirish zarurligini aytib o‘tdi.
«Hozir - urushda burilish pallasi va Ukrainaga yordam hajmini sezilarli darajada oshirish kerak. Agar ertaga tinchlik muzokaralariga kirishishni istasak, bugun ko‘proq qurol berishimiz kerak», degan Stoltenberg Davosda.
Chorshanba kuni Germaniyani Ukrainaga Leopard yetkazib berishga chaqiruvchi mamlakatlar va tashkilotlar qatoriga Yevroparlament ham qo‘shildi.
Leopard 2 tanklarini zudlik bilan yetkazib berishga ruxsat berish chaqirig‘ini Yevropa Ittifoqi parlamentariylarining 459 nafari qo‘lladi, 93 kishi qarshi ovoz berdi, 85 kishi betaraf bo‘ldi.
Biroq Yevroparlamentning bunday chaqirig‘i butun YeI uchun ham, ittifoqning alohida mamlakatlari uchun ham yuridik majburiyatlar yuklamaydi.
Mavzuga oid
21:05 / 10.11.2024
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
20:11 / 10.11.2024
Rossiya Kursk oblastiga hujum uchun 50 ming kishilik qo‘shin to‘pladi - NYT
19:02 / 10.11.2024
The Guardian: Buyuk Britaniya hukumat almashganidan keyin Ukrainaga raketalar yetkazishni to‘xtatdi
13:30 / 10.11.2024