O‘zbekiston | 12:32 / 20.01.2023
18729
7 daqiqa o‘qiladi

Poytaxt hokimligi va MIB yirik loyihaning “oyog‘idan tortmoqda”

MIB Toshkent shahar hokimligidan mulkdorning 88 mlrd so‘m mablag‘ini undirib berishda ojizlik qilyapti. Hokimlikning 691 ta ko‘chmas mulkka va 23 ta avtotransport vositasiga taqiq qo‘yilgani aytilgani bilan natijadan darak yo‘q.

Kun.uz oldinroq Toshkent shahar hokimligi va “Xisorak Beshyog‘och” MChJ o‘rtasidagi ishni yoritgandi. 12 yillik “tarix”ga ega mazkur ish hokimlikning 2011 yil 29 iyundagi 373-sonli qarori bilan Chilonzor tumanida joylashgan, “Xisorak Beshyog‘och” MChJga tegishli 6699 m² bino-inshootlar salkam 3 gektar yer maydoni bilan davlat ehtiyojlari uchun olinganidan boshlangan. Oradan shuncha vaqt o‘tishiga qaramay, hokimlik tomonidan “Xisorak Beshyog‘och” MChJga kompensatsiya berilmagan.

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2022 yil 3 fevraldagi hal qiluv qarori bilan Toshkent shahar hokimligidan mulkdor foydasiga 88 mlrd 566 mln so‘m kompensatsiya undirish belgilangan. Mazkur ish 2022 yil 14 mart kuni appelyatsiya instansiyasi sudida, 21 sentabr kuni esa kassatsiya shikoyati asosida Oliy sudning iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida  ko‘rilib, hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.

2022 yil 4 aprel kuni MIB tomonidan ijro ishi qo‘zg‘atilgan. Ijro ishi respublika MIB Markaziy apparati ish yurituvida. Ammo MIBning mazkur ishga munosabati deyarli nolga teng.

Mazkur masalada tadbirkor Akbar Sulaymonov Kun.uz’ga intervyu berdi. Tadbirkorga ko‘ra, Toshkent shahar hokimligining qarzdorlikni qoplab bermayotganligi prezident qarori bilan Sirdaryo tumanida amalga oshirilayotgan boshqa yirik loyihaga ta’sir qilmoqda. 

2011 yilda Beshyog‘ochda joylashgan salqin ichimliklar quyish zavodimiz Toshkent shahar hokimining qarori bilan buzilgan. Qarorda ko‘rsatilgan kompensatsiya masalasi to bugungi kungacha hal qilinmadi. Bu masala ko‘p marotaba ko‘tarilgan, sudlarda ko‘rilgan. Lekin sud qarori bilan belgilab berilgan 88,5 mlrd so‘mlik kompensatsiya pullari to‘lab berilmayapti. Bu o‘z navbatida bizga prezident qarorida ko‘rsatilgan boshqa bir loyihani amalga oshirishda qiyinchilik tug‘diryapti.

Prezidentning 2021 yil 30 dekabrdagi qarori bilan Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida shisha idishlar ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasini amalga oshirish tasdiqlangan. Mazkur loyihani amalga oshirish bizga yuklatilgan. Yiliga 201 mln dona shisha idish ishlab chiqariladigan ushbu zavod O‘zbekiston uchun juda muhim hisoblanadi. Zavod dastur bo‘yicha 2023 yilning birinchi choragida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Hozirda Xitoydan texnologiyalarni keltirish jarayoni boshlangan. Lekin bu yerdagi qurilish-montaj ishlari qiyinchilik tug‘diryapti. Bu ishlarni o‘z vaqtida yakunlash uchun 80 mlrd so‘m atrofida mablag‘ talab qilinmoqda. Agar Toshkent shahar hokimligi bizga tegishli bo‘lgan 88,5 mlrd so‘mlik kompensatsiya pulini qoplab bersa, bu mablag‘ to‘liq mazkur loyihaga yo‘naltiriladi”, — deydi Akbar Sulaymonov.  

Kun.uz MIB matbuot xizmati bilan bog‘landi va holat yuzasidan izoh oldi.

Majburiy ijro byurosi ish yurituviga 2022 yilning 4 aprel kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining tegishli ijro varaqasiga asosan javobgar Toshkent shahar hokimligi hisobidan da’vogar hisobiga 88 mlrd 566 mln 751 ming so‘m kompensatsiya to‘lovi undirish to‘g‘risida ijro hujjati kelib tushgan. Ijro harakatlari davrida davlat ijrochisi tomonidan Toshkent shahar hokimligining mol-mulklarini aniqlash maqsadida barcha bank va kredit tashkilotlari hamda sug‘urta kompaniyalariga, “MIB Portal” dasturi orqali ro‘yxatga oluvchi organlarga elektron onlayn so‘rovnomalar yuborildi. So‘rovnomalar javoblariga ko‘ra aniqlangan 691 ta ko‘chmas mulkka va 23 ta avtotransport vositasiga taqiq qo‘yilishi ta’minlangan. Hozirda ijro harakatlari davom ettirilmoqda”, — deyiladi MIB izohida.

Har gal quruq va “jonsiz” izoh berishga odatlangan, bundan biror bir aybdorlik xissini tuymaydigan MIB bu safar ham shu yo‘ldan borib, barchaning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirmoqda.

Vaholanki, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida” qabul qilingan qonunning 30-moddasiga ko‘ra ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarorda belgilangan muddat tugagan kundan e’tiboran ko‘pi bilan ikki oy muddat ichida davlat ijrochisi tomonidan amalga oshirilishi va ijro etilishi kerak.

“Xisorak Beshyog‘och” MChJ holat yuzasidan «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil» Qosimov Dulmurod Sultonmurodovich nomiga bir necha marotaba o‘z murojaatlarini yo‘llagan.

Vakilning davlat organlari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga roiya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish huquqi mavjud bo‘lsa-da, ijro hujjati  masalasi yuzasidan majburiy ijro apparati hodimlariga o‘z vazifasini bajarmayotganligi nisbatan tegishli tartibda chora ko‘rilishi yuzasidan huquqiy yordam ko‘rsatilmagan.

“Xisorak Beshyog‘och” MChJ ishi bo‘yicha ma’lumot olish maqsadida Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati rahbari Mukarram Azimova bilan ham bog‘lanildi. Ammo hokimlik matbuot xizmati rahbari bu iqtisodiy masala ekanligi, matbuot xizmatiga taalluqli emasligini (!) aytishdan nariga o‘tmadi.

Toshkent shahar hokimligi va MIB O‘zbekiston uchun istiqbolli bir loyihaning “oyog‘iga tushov” bo‘lmoqda. “Xisorak Beshyog‘och” MChJ ishiga hukumat darajasida e’tibor qaratilishi zarur. Yo‘qsa bu ish ortga surilib, yangi loyihaning taqdiri savol ostida qolaveradi.

Ruslan Saburov, jurnalist
Montaj ustasi: G‘iyos Safarov 

Mavzuga oid