Jahon | 09:43 / 23.01.2023
12514
3 daqiqa o‘qiladi

NYT: Ispaniyada bomba yuborish holatlari ortida "GRU" turgan bo‘lishi mumkin

Tergovchilarning fikricha, Rossiya Bosh razvedka boshqarmasi xodimlari Ispaniyada bomba tarqatilishini nazorat qilgan bo‘lishlari mumkin.

Foto: AFP

Ispaniya va xalqaro tergovchilarning fikricha, 2022 yil oxirida Ispaniyada bombalar solingan xatlar tarqatilishi ortida Rossiya Qurolli kuchlari Bosh razvedka boshqarmasi xodimlari turishi mumkin. Bu haqda 22 yanvar, yakshanba kuni AQSh rasmiylariga tayanib, The New York Times nashri yozmoqda.

So‘nggi haftalarda tergov asosiy e’tiborni Yevropa bo‘ylab sheriklari bo‘lgan Rossiyaning o‘ta o‘ng guruhi "Rossiya imperatorlik harakati"ga qaratgan. Harakat AQSh Davlat departamenti tomonidan global terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan. NYT ma’lumotlariga ko‘ra, "Rossiya imperatorlik harakati"ning asosiy a’zolari Ispaniyada bo‘lgan va mamlakat politsiyasi ularning o‘ta o‘ng ispan tashkilotlari bilan aloqalarini aniqlagan. "Rossiya imperatorlik harakati" bilan aloqador odamlar tomonidan xatlarni tarqatish "GRU" tomonidan muvofiqlashtirilgan bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi tergov.

AQSh rasmiylari Ispaniyadagi amaliyotda "GRU"ning 161-sonli nufuzli maxsus bo‘linmasi zobitlari ishtirok etgan deb gumon qilmoqda. Ommaviy axborot vositalari avvalroq bu harbiy qismni «Yevropani beqarorlashtirish» faoliyati bilan bog‘lagan edi. Ispaniyalik tergovchilar bomba jo‘natishga aloqador deb hisoblagan «shaxslar»ni aniqlashdi, dedi gazetaga AQShning yuqori martabali rasmiysi.

NYT suhbatdoshlariga ko‘ra, tergov hali bomba jo‘natish Kreml tomonidan ruxsat etilgani belgilarini topmagan. «Moskva Yevropada keng ko‘lamli hujumlar va sabotajlarni boshlashga tayyor ekanligidan darak yo‘q. Rossiya rasmiylarining fikricha, bu NATO javobini keltirib chiqarishi va katta xarajat evaziga kengroq mojaroga olib kelishi mumkin», - deb yozadi nashr AQSh va NATO rasmiylariga tayanib. NYT manbalariga ko‘ra, «agar Rossiya Ukrainada jiddiy muvaffaqiyatsizliklarga duchor bo‘lishda davom etsa, Putinning teraktlar haqidagi hisob-kitobi o‘zgarishi mumkin».

O‘tgan yilning noyabri va dekabr oyining boshlarida Ispaniyada portlovchi moslamalar solingan jami oltita paket jo‘natilgan edi. Ular, jumladan, mamlakat bosh vaziri qarorgohiga, Mudofaa vazirligiga, qurol ishlab chiqaruvchi korxonaga, Ukraina va AQSh elchixonalariga yetkazilgan. Natijada Madriddagi Ukraina diplomatik missiyasi xodimi paketni ochish vaqtida jarohat oldi.

Mavzuga oid