Kupyansk mudofaasidagi jangchilar va Baxmut uchun kechayotgan janglar. Urush suratlari
Ukrainada urushning 334-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar
- Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabining 23 yanvar tongidagi hisobotida Rossiya qo‘shinlari kamida Baxmutga olib keluvchi yo‘llar ustidan nazorat o‘rnatishga yaqin ekani bilvosita tasdiqlandi. Kechqurungi svodkada rossiyaliklarning Baxmut yo‘nalishidagi yurishlari haqida tilga olmagan.
- Dmitriy Peskov Putinning safarbarlik to‘g‘risidagi farmoyishi amalda ekani, chunki u armiyaga chaqiriqdan tashqari «boshqa tadbirlarni ham o‘z ichiga olishi»ni ma’lum qildi.
- Germaniya TIV rahbari Annalena Berbok mamlakat uchinchi davlatga Leopard 2 tanklarini Ukrainaga yuborishiga qarshilik qilmasligini bildirdi. Polsha shunday qadam tashlashga tayyorligini ma’lum qilgan.
- Rossiya Ukrainaga harbiy yordam jo‘natayotgan Estoniya bilan diplomatik munosabatlar darajasini pasaytirdi — Estoniya ham shunday javob qaytardi, Latviya qo‘shnisini qo‘llab-quvvatladi — endi bu mamlakatlarda Rossiya elchisi bo‘lmaydi (faqat ishonchli vakil ishlashi mumkin).
- Volodimir Zelenskiy mamlakat boshqaruv tizimida keng ko‘lamli kadr almashtirishlar amalga oshirilishini anons qildi. Birinchi bo‘lib prezident ofisi rahbari o‘rinbosari Kirill Timoshenko iste’foga chiqqan.
- «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi tomonidan Ukraina bilan urush uchun yollangan 40 ming mahbuslarning bir qismi halok bo‘lgan, bir qismi yaralangan, bir qismi asirlikka tushgan yoki dezertirlik qilgan. Bu ma’lumotlar «Rus sidyashchaya» fondi rahbari Olga Romanova tomonidan keltirildi. Uning baholariga ko‘ra, qamoqxonalarda jami 50 ming mahbus yollangan, shundan faqat 10 minggi ayni vaqtda frontda jang qilmoqda.
Istilo ostidagi Severodonetsk
Severodonetsk — Luhanskdan taxminan 90 kilometr masofada joylashgan va 2014 yildan buyon Luhansk oblastining Ukraina nazoratida qolgan qismining vaqtincha ma’muriy markazi hisoblanardi — bu shahar o‘tgan yil 25 iyulida Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olindi.
Severodonetsk otishmalar va janglar oqibatida jiddiy shikastlandi: legitim hukumatning 2022 yil oxiridagi ma’lumotlariga ko‘ra, shaharda turar joy binolarining 90 foizi shikastlangan, issiqlik ta’minoti yo‘q, tok deyarli yonmaydi, kanalizatsiya ishlamaydi. Shu bilan birga Severodonetskda sakkiz mingga yaqin tinch aholi vakillari yashashda davom etmoqda. Ular okkupatsiya ostida qanday kun kechirmoqda — quyida shaharda sentabr oyidan buyon olingan ilk kadrlar.
Baxmut uchun jang
Rossiya qo‘shinlari Donetsk oblastining Baxmut shahriga yurish qilishda davom etmoqda. Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi 23 yanvar tongidagi svodkasida rossiyalik harbiylar kamida shaharga olib keluvchi yo‘llar ustidan nazoratni qo‘lga kiritishga yaqin ekanini bilvosita tasdiqlagan. Ammo, AQSh ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning Baxmutni egallash uchun harakatlari muvaffaqiyatsizlikka uchramoqda. Xususan, Urushlarni tadqiq etish instituti tasdiqlashicha, Vladimir Putin Baxmut yo‘nalishida «Vagner» kuchlariga tayanishni bas qilgan va e’tiborni muntazam armiyani isloh qilishga qaratgan. Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, RF armiyasi qo‘mondonligi Baxmut atrofiga safarbar qilinganlardan tuzilgan «yomon qurollangan va yomon o‘qitilgan» bo‘linmalarni yo‘llamoqda. Bundan tashqari, amerikalik harbiy ekspertlar fikricha, Rossiya qo‘shinlarida yuqori aniqlikdagi raketalar tugamoqda. Bu vaqtda, Ukraina tomoni Baxmut mudofaasidagi muvaffaqiyatlar haqida xabar bergan. Quyida oldingi chiziqdagi vaziyat aks etgan suratlar.
Kupyanskdagi hayot
Kupyansk — Xarkiv oblastidagi shahar bo‘lib, Ukraina sharqidagi strategik ahamiyatga ega transport tuguni hisoblanadi — bu shahar yarim yil davomida Rossiya okkupatsiyasi ostida bo‘lib, sentabr oyi o‘rtalarida Ukraina qurolli kuchlari nazoratiga qaytgandi. RF qo‘shinlari shahar va uning atrofidagi qishloqlarni o‘qqa tutishda davom etmoqda.
Kramatorskda gumanitar yordam tarqatilishi
Kramatorsk Donetskdan 110 kilometr shimolda joylashgan va Ukraina qurolli kuchlari nazoratida. 8 yanvarga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shini shaharni o‘qqa tutgandi — Rossiya bayonotiga ko‘ra, bu ish yangi yilga o‘tar kechasi Makiyivkadagi harbiylar joylashgan yotoqxonaga qilingan hujum uchun «qasos operatsiyasi» bo‘lgan. RF armiyasi shundan keyin ham Kramatorskka zarba yo‘llashda davom etdi: so‘nggi zarbalar 23 yanvar kuni berilgan, qurbonlar haqida ma’lum emas. Shaharda og‘ir gumanitar vaziyat yuzaga kelgan, tinch aholi vakillari ko‘ngillilarning yordamiga muhtoj.