Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevroparlament Belarusda muxolifatchilar ustidan sud jarayonlarini qoraladi
Parlament a’zolari Yevropa Ittifoqini Belarus muxolifatchilarini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga, shuningdek, inson huquqlari buzilishida mas’ul bo‘lgan Belarus rasmiylariga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishga chaqirdi.
23 yanvar, dushanba kuni Yevroparlament deputatlari Belarusda fuqarolik jamiyati arboblari ustidan «siyosiy sabablarga ko‘ra sud jarayonlarini» qoraladi. Qo‘shma bayonotda, xususan, Belarus muxolifati yetakchilaridan biri Svetlana Tixanovskaya, shuningdek, muvofiqlashtiruvchi kengash vakillari Mariya Damoz, Olga Kovalkova, Pavel Latushko va Sergey Dilevskiy ustidan o‘tgan hafta boshlangan sirtdan sud jarayoni haqida so‘z boradi. Ular «nafrat qo‘zg‘ash» va «ekstremistik guruh» tuzishda ayblanmoqda.
«Beshalovi ham saylovdagi firibgarlik va Aleksandr Lukashenkoning mag‘lubiyatni tan olish, hokimiyatdan voz kechishdan bosh tortishi sabab bo‘lgan ommaviy norozilik namoyishlarini bostirish paytida mamlakatdan chiqib ketishdi», deyiladi Belarus bilan aloqalar bo‘yicha parlament delegatsiyasi rahbari Yuozas Olekas hamda Yevropa Parlamentining Belarus bo‘yicha doimiy ma’ruzachisi Pyatras Aushtryavichyus imzolagan hujjatda.
Bundan tashqari, bayonotda Tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori Ales Belyatskiy va u yaratgan «Vesna» inson huquqlari markazining ikki xodimi Valentin Stefanovich hamda Vladimir Labkovich, shuningdek, jurnalist va Belarusdagi Polyaklar ittifoqi faoli Anjyey Pochobut ustidan sud jarayonlari haqida so‘z boradi.
«Shubhasiz, bu uydirma da’volar qo‘rquv uyg‘otishga, mustaqil ovozlarni o‘chirishga va Belarusda haqiqiy siyosiy munozaralar uchun qolgan barcha maydonlarni yopishga qaratilgan», — deya ta’kidladi hujjat mualliflari.
Ular Yevropa Ittifoqini Belarus muxolifatini «mamlakat ichida ham, xorijda ham» qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga, shuningdek, Belarusda inson huquqlarining buzilishi va Belarus tomonining Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzidagi ishtiroki uchun mas’ul bo‘lgan amaldorlarga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishga chaqirishdi.
Minskda 17 yanvar kuni Svetlana Tixanovskaya va Belarus muxolifatining yana to‘rt vakili ustidan sirtdan sud boshlandi. Ularning barchasi davlat hokimiyatini konstitutsiyaga zid yo‘l bilan egallab olish maqsadida fitna uyushtirish, ekstremistik tuzilma tuzish hamda unga rahbarlik qilish, ommaviy ravishda sanksiyalarga chaqirish, ijtimoiy nafrat va nizo qo‘zg‘atishda ayblanmoqda.
Tixanovskaya bu jarayonni Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko tomonidan fars va qasos deb atadi. «Bu sud jarayonlari umuman sud emas. Bu shou, fars va buning adolatga hech qanday aloqasi yo‘q. Bu Lukashenko, uning yordamchilarining shaxsiy qasosi - nafaqat menga, balki unga qarshi chiqqan boshqa odamlarga ham», - dedi u.
Huquq faollariga ko‘ra, Belarusda siyosiy mahbuslar soni deyarli 1500 kishiga yetgan. Shu bilan birga, Yevroparlament bayonotida qayd etilishicha, ularning haqiqiy soni ancha ko‘p bo‘lishi mumkin, chunki ko‘plab jabrlanuvchilar keyingi ta’qiblardan qo‘rqib, huquq himoyachilariga murojaat qilmaydi.
Mavzuga oid
12:14 / 24.05.2025
G‘oyib bo‘lgan Belarus muxolifat spikeri maxsus xizmatlar bilan aloqada gumonlanyapti
19:20 / 19.05.2025
Litva Belarus ustidan BMT Xalqaro sudiga da’vo kiritdi
20:28 / 07.05.2025
Lukashenko 8 ming mahkumga amnistiya qo‘llash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi
10:14 / 01.05.2025