Jahon | 10:05 / 26.01.2023
7290
3 daqiqa o‘qiladi

Xabek: Germaniya 2023 yilda retsessiyadan qochishga muvaffaq bo‘ladi

Germaniya hukumati 2023 yil uchun iqtisodiy prognozini yaxshiladi va inflatsiyaning sekinlashishini, shuningdek, energiya narxining pasayishini kutmoqda.

Foto: Michael Kappeler/dpa/picture alliance

Germaniya iqtisodiyoti 2023 yilda retsessiyaga tushmaydi - bu haqda hukumatning 25 yanvar, chorshanba kuni taqdim etilgan yillik hisobotida aytilgan. «Og‘ir iqtisodiy inqirozning oldi olindi», dedi Germaniya vitse-kansleri Robert Xabek, u federal iqtisodiyot vaziri lavozimini egallaydi. Berlin hukumatining hisob-kitoblariga ko‘ra, bu yil Germaniya iqtisodiyoti ilgari o‘ylanganidan ancha yaxshi rivojlanadi. 2023 yilda yalpi ichki mahsulot (YaIM) 0,2 foizga o‘sishi kutilmoqda, kuzda xavotir bo‘lganidek - 0,4 foizga tushmaydi.

Hukumat hisobotiga ko‘ra, joriy yilda inflatsiya pasayadi - hukumat uni 6,0 foiz deb prognoz qilmoqda, 2022 yilda iste’mol narxlari o‘rtacha 7,9 foizga oshgan. Xabek, shuningdek, energiya narxining pasayishi ham kutilayotganini ta’kidladi. Bu jahon bozorida ular qiymatining pasayishi, nemis gaz omborlarining hozirgi yaxshi to‘ldirilishi, shuningdek, Rossiya gaziga suyultirilgan gaz kabi alternativa mavjudligi bilan bog‘liq.

Robert Xabekning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi va energiya narxining oshishiga qaramay, Germaniya iqtisodiyotidagi «eng yomon ssenariy»dan, jumladan, kompaniyalar va uy xo‘jaliklariga federal hukumat tomonidan ko‘rsatilgan keng ko‘lamli yordam tufayli qutulgan. Shu bilan birga, Moliya vazirligi rahbari ta’kidlaganidek, inqirozni boshqarish mumkin bo‘lgan bo‘lsa-da, bu oxiri emas.

O‘z navbatida, Germaniya kansleri Olaf Shols Bundestagda chiqish qilar ekan, uning hukumati iqtisodiy inqirozni «tugatganini» aytdi. «Aqldan ozgan kuz» yoki «aqldan ozgan qish» yoxud shunga o‘xshash boshqa narsa bo‘lmadi, dedi Shols.

Ayni paytda uning o‘rinbosari Robert Xabek Germaniya iqtisodiyoti hali ham ishchi kuchiga juda muhtoj ekanini ta’kidladi. Unga ko‘ra, hozirda mehnat bozorida 800 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rni mavjud. Xabek ichki salohiyatdan yaxshiroq foydalanish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni davom ettirishga chaqirdi. Bundan tashqari, xorijdan jalb etilayotgan mutaxassislar sonini ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid