Jahon | 10:03 / 28.01.2023
7243
4 daqiqa o‘qiladi

Berlin: Germaniya Ukrainadagi mojaroda ishtirok etmayapti

Rossiya tashviqot maqsadida Germaniya Tashqi ishlar vazirligi rahbarining rezonansli bayonoti ma’nosini buzib ko‘rsatdi. Annalena Berbok Rossiya agressiyasiga qarshi turishda G‘arbning birligini ta’kidlamoqchi bo‘lgan, deya ta’kidladi Berlin.

Foto: Daniel Kalker/picture alliance

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbokning rezonansli bayonotidan so‘ng, u Ukrainaga qarshi urushda mojaro ishtirokchisi emasligini ta’kidladi. 27 yanvar, juma kuni Berlinda Germaniya hukumati matbuot kotibi o‘rinbosari Kristiane Xoffman: «Biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlaymiz, ammo biz mojaro tarafi emasmiz», deb ma’lum qildi.

Berbok 24 yanvar kuni Strasburgdagi Yevropa kengashida shunday dedi: «Biz bir-birimizga emas, Rossiyaga qarshi urishyapmiz». Rossiya davlat ommaviy axborot vositalari bu bayonotni tashviqot maqsadida ishlatib, uni Germaniya va boshqa Yevropa Ittifoqi davlatlari go‘yoki Ukrainadagi mojaroning bevosita ishtirokchisi va Rossiyaga qarshi kurashayotgani haqidagi dalil sifatida ko‘rdi.

Shu munosabat bilan Germaniya TIV vakilining ta’kidlashicha, Berbok uzoq davom etgan munozaralar chog‘ida Yevropa Ittifoqi, G7 davlatlari va NATO Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligiga qarshi turishda birlashganligini ta’kidlamoqchi bo‘lgan. «Rossiya propagandasi doimiy ravishda federal hukumat, bizning hamkorlarimizning bayonotlari, iboralari, fikrlari, pozitsiyalaridan foydalanadi va ularni o‘z manfaatlari yo‘lida buzib ko‘rsatadi. Bu yerda hozir tafsilotlarga kirishish, menimcha, mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Xalqaro huquq nuqtayi nazaridan, Germaniya mojaro tarafi emas. TIV rahbarining so‘zlarini aynan shu nuqtayi nazardan tushunish kerak», dedi Germaniya TIV vakili.

Germaniyaning Moskvadagi elchixonasi ham xuddi shu mazmunda bayonot berdi. «Ukrainaga Rossiyaning noqonuniy bosqinchilik urushi fonida BMT nizomida mustahkamlangan o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini amalga oshirish imkonini beradigan texnikalar yetkazib berish Germaniyani mojaro ishtirokchisiga aylantirmaydi», deyiladi diplomatik missiya bayonotida.

Avvalroq Rossiya TIV matbuot kotibi Mariya Zaxarova Germaniya elchisidan Berlinning «qarama-qarshi» bayonotlari yuzasidan tushuntirish talab qilgan edi. «Ularning o‘zlari nima haqida gapirayotganini tushunishyaptimi? Germaniya tashqi ishlar vaziri o‘z mamlakati boshqa davlatlar qatori Rossiya bilan urush holatida ekanligini e’lon qilmoqda. Xuddi shu vazirlik o‘z mamlakatini mojaro tarafi deb hisoblamaydi. Bu bayonotlar qarama-qarshiligini hisobga olgan holda, Germaniyaning Rossiyadagi elchisi ularga aniqlik kiritishi kerak», - deb yozdi Zaxarova Telegram'dagi sahifasida.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Berbok 24 yanvar kuni Strasburgda bo‘lib o‘tgan Yevropa kengashi parlament assambleyasi (YeKPA) yig‘ilishida so‘zga chiqib, Rossiya nafaqat Ukrainaga, balki Yevropadagi tartibga, Yevropa adliya tizimiga qarshi ham urush olib borayotganini ta’kidladi. Shu bois Ukrainaga ko‘proq harbiy yordam kerakligi, boshqa sohalarda, masalan, gumanitar yordam va Rossiyani javobgarlikka tortishda ham ko‘proq yordam zarurligi aytildi.

Germaniyada ishlab chiqarilgan Leopard asosiy jangovar tanklarini Ukrainaga yetkazib berish bo‘yicha Berlinning pozitsiyasi haqida so‘ralganda, Berbok Yevropa davlatlarini o‘zaro ayblovlar va harbiy yordamni taqqoslashdan voz kechishga chaqirdi, chunki bu Ukrainaga tinchlik va erkinlik keltirmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday tortishuvlar Yevropani faqat ajratib turadi, bundan faqat Rossiya va uning prezidenti Vladimir Putin foyda ko‘radi.

«Ha, biz Ukraina mudofaasi uchun ko‘proq harakat qilishimiz kerak. Ha, biz tanklar masalasida ko‘proq ish qilishimiz kerak. Lekin asosiy va hal qiluvchi narsa - buni birgalikda qilish va Yevropani ayblash emas, chunki biz Rossiyaga qarshi urushdamiz, bir-birimizga qarshi emas», — deya qo‘shimcha qildi Germaniya TIV rahbari.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid