Jahon | 14:12 / 28.01.2023
10008
3 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda ikkita qiruvchi samolyot halokatga uchradi

Uchuvchilardan biri halok bo‘ldi, deya xabar qilgan Hindiston harbiy-havo kuchlari. Hindiston harbiy-havo kuchlarining Su-30 va Mirage qiruvchi samolyotlari o‘quv parvozi vaqtida havoda to‘qnashgani taxmin qilinmoqda.

Foto: twitter.com/Live_Hindustan

Hindiston harbiy-havo kuchlarining ikkita samolyoti 28 yanvar, shanba kuni mamlakat poytaxti Nyu-Dehlidan 300 kilometr uzoqlikda halokatga uchradi, deb xabar bermoqda AFP va Reuters agentliklari mahalliy politsiyaga tayanib. AFP suhbatdoshlariga ko‘ra, ushbu samolyotlarning mashg‘ulotlar vaqtida havoda to‘qnashib ketishi hodisaga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Politsiya vakilining ta’kidlashicha, samolyotlardan birining qoldiqlari joylashuvi allaqachon aniqlangan, jarohatlangan uchuvchi esa Hindistonning markaziy qismidagi Madxya-Pradesh shtati Pahadgarx qishlog‘i yaqinidagi o‘rmonda topilgan. Ikkinchi samolyot qoldiqlarini qidirish davom etmoqda.

Ayni paytda, Hindiston harbiy-havo kuchlari matbuot xizmati Gvalior shahri yaqinida ikki qiruvchi bilan bog‘liq hodisa haqida xabar berdi. Uch uchuvchidan biri halok bo‘lgan.

The Hindustan Times gazetasining yozishicha, harbiy-havo kuchlari tekshiruv boshlagan va jangovar samolyotlarning havoda to‘qnashuvi versiyasini tekshirmoqda. Madxya-Pradesh shtati rasmiylariga ko‘ra, gap Su-30 va Mirage qiruvchilari haqida ketmoqda. Ulardan birinchisi bortda ikki uchuvchi, keyingisi bortida bir uchuvchi bor edi. Mirage samolyoti halokatga uchragan joydan olingan videoni Gwalior Diaries yangiliklar portali e’lon qildi.

Bu Hindiston harbiy-havo kuchlari bilan bog‘liq so‘nggi paytlarda sodir bo‘lgan birinchi aviahalokat emas, deya xabar beradi AFP. 2022 yil oktyabr oyida Xitoy bilan chegarada joylashgan Arunachal-Pradesh shtatida vertolyot qulashi oqibatida besh askar halok bo‘lgan edi. Undan bir necha hafta oldin xuddi shu shtatda Tavang shahri yaqinida yana bir harbiy vertolyot qulab, uchuvchisi halok bo‘lgan.

2021 yil dekabr oyida mamlakat janubidagi Tamilnadu shtatida Rossiyada ishlab chiqarilgan Mi-17 vertolyotining qulashi natijasida Hindiston Mudofaa shtabining o‘sha paytdagi rahbari general Bipin Ravat va yana 12 kishi shu jumladan, uning xotini ham halok bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid