Jahon | 11:32 / 30.01.2023
8802
3 daqiqa o‘qiladi

Polshada urush fonida armiyadagi xizmatga qiziqish ortdi

2022 yilda Polsha Qurolli kuchlariga majburiy harbiy xizmat bekor qilinganidan beri rekord darajadagi odam yozildi.

Foto: notesfrompoland

Rossiyaning Ukrainadagi keng ko‘lamli harbiy harakatlari fonida Polshada fuqarolarning armiyada xizmat qilishga qiziqishi ortdi. 2022 yilda mamlakat Qurolli kuchlari 13 742 nafar yangi xizmatchini yollash imkoniyatiga ega bo‘ldi - bu 2008 yilda Polshada majburiy harbiy xizmat bekor qilinganidan beri rekord ko‘rsatkichdir, dedi 28 yanvar kuni mudofaa vaziri Mariush Blashchak.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil boshida Polsha Qurolli kuchlarida 164 ming askar, shu jumladan 36 ming ko‘ngilli hududiy mudofaa bo‘linmalari a’zolari bor. 

Varshava kelgusi yillarda mamlakatda harbiy soha xodimlari soni yanada ko‘payishini kutmoqda - 250 minggacha professional askarlar va 50 000 ga yaqin hududiy mudofaa bo‘linmalari ko‘ngillilari. Polshada 2022 yilning kuzidan boshlab hamma uchun bir kunlik boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik kurslari o‘tkazilmoqda. 

Ukrainada urush boshlanganidan beri Polsha rasmiylari Kreml ambitsiyalari Yevropa va Polsha uchun xavf tug‘dirayotganini bir necha bor ta’kidlagan. Shu tariqa, mamlakat shimoli-sharqidagi, Belarus bilan chegaradosh Podlyask voyevodeligida yangi harbiy qism - Legionlarning birinchi piyoda diviziyasi tashkil etildi. Blashchak uning zarurligini Polsha sharqiy chegarasidan tashqarida vazir «yovuz imperiya» deb atagan «Rossiya imperiyasini tiklashga urinish» borligi bilan izohladi.

Bungacha Polsha Seymi Rossiya Federatsiyasini terrorizmning homiysi deb tan olgan va Polsha Yaqin Sharqdan noqonuniy muhojirlar oqimiga qarshi kurashish maqsadida Kaliningrad viloyati bilan chegarada sim to‘siq o‘rnatgan edi. 

Bundan tashqari, 2022 yilda Polsha o‘z Qurolli kuchlarini texnik jihatdan sezilarli darajada mustahkamlash niyatini e’lon qildi - buning uchun mamlakat Janubiy Koreya bilan har xil turdagi qurollarni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzdi, bu Seulning tarixdagi eng yirik harbiy eksport bitimiga aylandi. 

Noyabr oyi oxirida mudofaa vaziri Berlinning Patriot havo mudofaa tizimlarini Polshaga topshirish va Polsha havo hududini Germaniyaning Eurofighter qiruvchi samolyotlari bilan himoya qilish taklifiga ijobiy munosabat bildirdi. 

Polsha hukumati tomonidan Germaniya siyosati bo‘yicha ijobiy fikrlar GFR qurol-yarog‘larni «aylanma tartibda yetkazib berish» bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmaganidan keyin kamaydi. Ularga ko‘ra, Varshava Kiyevga 200 taga yaqin sovet tipidagi tanklarni topshirgan va buning evaziga nemis tanklarini olishi kerak edi, biroq Germaniya kelishuvning o‘z qismini bajarishda qiynalgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid