O‘zbekiston | 19:09 / 31.01.2023
25171
4 daqiqa o‘qiladi

Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh Farg‘ona viloyatidagi muammolarni o‘rganmoqda

Ishchi guruh tarkibidan IIVning sohaviy xizmatlari, Milliy gvardiya, Adliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Bosh prokuratura va uning tuzilmalari rahbarlari, viloyat sektor boshliqlari hamda boshqa mutasaddi idoralar vakillari o‘rin olgan.

Foto: KUN.UZ

31 yanvar kuni Farg‘onada bo‘lib o‘tgan ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi idoralararo ishchi guruhning yig‘ilishida viloyat ijtimoiy infratuzilma obektlarining real holatini, aholini gaz, elektr energiyasi, ko‘mir va ichimlik suvi bilan ta’minlash ahvoli muhokama etildi. Mas’ullar iste’mol bozorlaridagi narx-navo barqarorligi, oziq-ovqat zaxiralari mavjudligini ta’kidlashdi.

Yig‘ilish davomida fuqarolarning energota’minot masalasidan roziligini o‘rganish, hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan og‘ir mahallalarda sektor rahbarlari, mahalla raislari, mahalladagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari tomonidan fuqarolarni qabul qilish va ularning muammolarini hal etish amaliyotiga oid masalalar bo‘yicha fikr almashildi.

Shuningdek, aholini tashvishga solayotgan dolzarb kundalik ijtimoiy-maishiy muammolarni hal etishda sektorlar faoliyati samaradorligi, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, oilaviy tadbirkorlik, yoshlar va ayollarning tashabbuskor loyihalariga ko‘maklashish, Prezident virtual va xalq qabulxonalari orqali kelib tushgan murojaatlarni o‘rganish natijalari tahlil qilindi.

Qayd etilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh hududlarda kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash faoliyatini baholash yuzasidan Farg‘ona viloyatida o‘rganish ishlarini boshlagan.

 “Ishchi guruh a’zolariga mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, maktab o‘quvchilari, talabalar, ayollar va yoshlar orasida qonunga itoatkorlik hissini shakllantirish, jinoyatchilikni mahallabay jilovlash dasturlarining ijrosi, oila-turmush munosabatlari doirasida hamda yoshlar, ayollar tomonidan va ishsizlik oqibatida sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning oldini olish borasida mahallada shakllantirilgan beshlikning, ya’ni profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faollari bilan hamkorlik masalalariga jiddiy e’tibor qaratish zarurligi tushuntirildi”, deyiladi IIV axborot xizmati xabarida.

Yig‘ilishda yechimini kutayotgan muammolarni hal qilish bo‘yicha har bir soha mutasaddilarining zimmasiga muayyan vazifalar yuklandi. Ularning ijrosi bo‘yicha ishchi guruh a’zolari o‘z faoliyatini boshladi.

Jumladan, Oltiariq tumanidagi Qiziltepa mahallasida joylashgan bog‘cha, maktab, tibbiyot maskani, mahalla fuqarolar yig‘ini idorasining issiqlik ta’minoti ko‘zdan kechirilib, aniqlangan muammolar tezkorlik bilan bartaraf etildi.

Eski arab va Yangi arab mahallalarida 16 dan ziyod xonadon ko‘mirga muhtojligi aniqlanib, Oltiariq tumani ko‘mir omboridan har bir mahallaga 10 tonnadan ko‘mir yetkazib berildi.

Aholi bilan uchrashuvlar davomida fuqarolar Qiziltepa mahallasidan Oltiariq tumani markaziga qatnovchi “Damas”lar yo‘lkira narxini oshirib yuborganidan shikoyat qilishdi. Holat mutasaddilar va ushbu yo‘nalishda aholiga transport xizmatiga ko‘rsatuvchi shaxslar bilan birgalikda muhokama qilinib, yo‘lkira narxini tushirishga erishildi.

IIV axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ishchi guruh viloyat bo‘ylab o‘rganishlarini davom ettirmoqda. Bungacha mas’ullar Qashqadaryo viloyati shahar-tumanlaridagi holatni o‘rganib, muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashib qaytgandi.

Mavzuga oid