Jahon | 11:46 / 01.02.2023
7397
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiyani strategik qurollar to‘g‘risidagi shartnomani buzganlikda aybladi

Rossiya strategik qurolli kuchlar shartnomasi bo‘yicha o‘z majburiyatlari doirasida AQShga tekshiruv o‘tkazishda yordam berishdan bosh tortyapti, deb ma’lum qildi Davlat departamenti. Moskva 2026 yilda shartnomadan chiqish bilan tahdid qilmoqda.

Foto: AP

31 yanvar, seshanba kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Moskvani Strategik hujum qurollari bo‘yicha shartnoma (SQSh-3) bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmaganlikda aybladi, deya xabar beradi CNN va Reuters. «Rossiyaning inspeksiya faoliyati bo‘yicha hamkorlik qilishdan bosh tortishi AQShning shartnomaga oid muhim huquqlaridan foydalanishiga to‘sqinlik qiladi, AQSh-Rossiya yadroviy qurollar nazorati jarayoniga tahdid soladi», dedi AQSh Davlat departamenti vakili.

Bitim Amerika Qo‘shma Shtatlari va Rossiya Federatsiyasining bir-birining hududidagi yadroviy obektlarini o‘zaro tekshirishni ko‘zda tutadi, shunda har bir tomon boshqa taraf kelishilganidan ko‘ra ko‘proq yadroviy kallaklarni, shuningdek ularni yetkazib berish vositalarini (tashuvchilar, suvosti kemalari) joylashtirmayotganiga ishonch hosil qilishi mumkin. 

Vashingtonning ta’kidlashicha, Moskvada majburiyatga qaytish uchun «aniq yo‘l» bor - tekshiruvlarga ruxsat berish. Shu bilan birga, Davlat departamenti vakilining qo‘shimcha qilishicha, Qo‘shma Shtatlar hali ham SQSh-3 shartlarini to‘liq amalga oshirish uchun Rossiya bilan hamkorlik qilishga tayyor.

SQSh-3 (New START nomi bilan ham tanilgan) 2011 yil 5 fevralda kuchga kirdi. U joylashtirilgan yadro kallaklarini 1550 donaga, qit’alararo ballistik raketalarni, suvosti kemalarining ballistik raketalarini va og‘ir bombardimonchi samolyotlarni 700 donaga, shuningdek, joylashtirilgan va joylashtirilmagan raketalarni 800 tagacha qisqartirishni nazarda tutadi. Bu Qo‘shma Shtatlar va Rossiya o‘rtasidagi yadro qurollarini nazorat qilish bo‘yicha shartnomalar tizimida qolgan yagona element bo‘lib, ular birgalikda dunyodagi yadro kallaklarining qariyb 90 foiziga ega.

2011 yildan 2020 yilgacha tomonlar ushbu kelishuvlarga muvofiqligini tekshirish uchun bir-birining yadroviy inshootlarida 328 ta tekshiruv o‘tkazdi. 2020-2021 yillarda COVID-19 pandemiyasi sababli o‘zaro kelishuv asosida tekshiruvlar o‘tkazilmagan. 2021 yil fevralida Bayden va Putin kelishuvni 2026 yilgacha uzaytirdi. 2022 yil avgustida Moskva Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Vashington va uning ittifoqchilari tomonidan kiritilgan sayohat cheklovlarini bahona qilib, AQShga yadroviy inshootlarini tekshirishni taqiqladi.

2022 yil oxirida Qohirada SQSh-3 bo‘yicha ikki tomonlama maslahat komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi kerak edi. Biroq, Rossiya yangi sanalarni keyinroq belgilashga va’da berib, uni bir tomonlama bekor qildi. Yanvar oyi oxirida Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov Rossiya 2026 yilda kelishuvdan chiqishga tayyorligini aytdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid