Qo‘qondagi kimyo zavodi Abdulaziz Komilovning o‘g‘liga tegishli kompaniyaga sotildi
«Qo‘qon biokimyo» aksiyadorlik jamiyati 277 mlrd so‘mga xususiylashtirildi. Xaridor – «First Premium Alliance» MChJ. Kompaniya sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilovga tegishli. Avvalroq uning boshqa bir kompaniyasi Toshkent markazidagi sobiq MXX binosini sotib olgandi.
«Qo‘qon biokimyo» AJ ustav kapitalidagi 99,7 foiz davlat aksiyalar paketi 277 mlrd so‘mga «First Premium Alliance» MChJga sotildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘tkazilgan tenderda investorlardan «Qo‘qon biokimyo» AJni sotib olish bo‘yicha 4ta ariza kelib tushgan. Xususiylashtirish bo‘yicha konsultant – Deloitte, huquqiy ko‘makchi – Dentons.
«Qo‘qon biokimyo» AJ – 2000 yildan 2020 yilgacha «Qo‘qonspirt» aksiyadorlik jamiyati sifatida faoliyat olib borgan.
“Davaktiv” xabarida qayd etilishicha, “First Premium Alliance” MChJ – alkogol mahsulotlarini ulgurji va chakana sotishga ixtisoslashgan kompaniya. Kompaniyada oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi bo‘yicha xalqaro ISO 22000:2005 standarti joriy etilgan. Kompaniya ta’sischilari Toshkent shahrida alkogol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yirik zavodga ega, kompaniyaning respublikada va MDH mamlakatlarida yirik distribyutorlik tarmoqlari mavjud.
Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestriga ko‘ra, xaridor «First Premium Alliance» MChJ 2020 yil 25 dekabrda Toshkentda ro‘yxatga olingan. Joriy ustav fondi – 245 mln so‘m. Faoliyat yo‘nalishi – spirtli ichimliklar ulgurji savdosi. Kompaniyaning 100 foizlik ulushi – Komilov Doniyor Abdulazizovichga tegishli. Rahbari sifatida Idrisov Rustam Muxtasimovich ko‘rsatilgan.
Doniyor Komilov – sobiq tashqi ishlar vaziri, hozirda prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Abdulaziz Komilovning o‘g‘li hisoblanadi.
2021 yilda yagona ta’sischisi Doniyor Komilov bo‘lgan «Metropol Group» MChJ Toshkent shahri Sayilgoh ko‘chasida joylashgan sobiq MXX binosini 210 milliard so‘mga sotib olgandi. Bundan tashqari, u «Delta global dynamics», «Progressgortech-asia», «First premium alliance» kabi kompaniyalarda ham 100 foiz ulushga ega.
Shuningdek, Doniyor Komilov Moskvada ro‘yxatdan o‘tgan: qimmatli qog‘ozlar sohasida faoliyat yurituvchi «Selena» MChJ, moliyaviy xizmatlar sohasida faoliyat yurituvchi «Ks» MChJ, ko‘chmas mulk sohasida faoliyat olib boruvchi «Glomaks» MChJ, mashina va uskunalar ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi «VLK» MChJ va «Holding Invest» kabi bir nechta korxonalarning ham ta’sischisi hisoblanadi.
U 2010-2014 yillarda Gazprombankning «Upravlyayushchaya kompaniya – Strategicheskiye aktivy» YoAJ tuzilmasi rahbari bo‘lgan. Shuningdek, 2015-2016 yillarda «Uralmashzavod» direktorlar kengashiga a’zo bo‘lgan.
Mavzuga oid
15:44 / 21.11.2024
Toshkentdagi International va Lotte mehmonxonalari xususiylashtirildi
13:52 / 21.11.2024
Britaniya O‘zbekistonda davlat kompaniyalarini xususiylashtirishda qatnashmoqchi
11:04 / 19.11.2024
Istirohat bog‘lari, sayilgoh va xiyobonlarni xususiylashtirish taqiqlanishi mumkin
17:10 / 18.11.2024