Jahon | 09:42 / 04.02.2023
9571
2 daqiqa o‘qiladi

AQShning Ukrainaga yordam paketi uzoq masofali GLSDB snaryadlarini o‘z ichiga oladi

AQSh tomonidan e’lon qilingan Ukrainaga harbiy yordamning yangi paketi GPS tizimi tomonidan boshqariladigan va 150 kilometrgacha bo‘lgan masofadagi nishonlarni urib tushirishga qodir GLSDB (Ground Launched Small Diameter Bomb, tarjimasi - yerda joylashtiriluvchi kichik diametrdagi bombalar) aniq snaryadlarni o‘z ichiga oladi. 

Foto: mil.in.ua

Ular M270 MLRS va M142 HIMARS yerusti raketa tizimlaridan uchiriladi. Bu o‘q-dorilar Ukraina Qurolli kuchlariga «kengroq masofani egallashga, shuningdek, o‘z mamlakatini himoya qilish va Rossiya tomonidan bosib olingan suveren hududlarini qaytarib olish bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirishga imkon beradi», dedi AQSh Mudofaa vazirligi matbuot kotibi, brigada generali Pat Rayder Vashingtondagi brifing.

Shu bilan birga, yangi paketga 300 kilometr masofaga uchadigan va Ukraina uzoq vaqtdan beri AQShdan so‘rab kelayotgan ATACMS raketalari kiritilmagan.

Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukraina uchun 2,2 milliard dollarlik yangi harbiy yordam paketini tayyorlamoqda, u birinchi marta uzoq masofali raketalarni o‘z ichiga oladi, deb xabar bergandi Reuters agentligi 1 fevral kuni o‘z nomini oshkor etmagan ikki amerikalik rasmiyga tayanib. 

Raketalardan tashqari, u Patriot havo mudofaa tizimlarini qo‘llab-quvvatlash uskunalarini, aniq boshqariladigan o‘q-dorilarni va Javelin tankka qarshi raketa tizimlarini o‘z ichiga oladi. 

Yanvar oyida The New York Times gazetasi AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Ukrainani Rossiya tomonidan annexia qilingan Qrimdagi nishonlarga zarba berish vositalari bilan ta’minlash masalasi bo‘yicha o‘z pozitsiyasini asta-sekin yumshatib borayotgani haqida xabar bergan edi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid