O‘zbekiston | 18:17 / 04.02.2023
38709
2 daqiqa o‘qiladi

“Juda kuchli hayajon bosdi” – prezident savoliga javob berishda adashgan hokim yordamchisi 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida Andijon tumanidagi “Sadda tagi” MFY hokim yordamchisi Abdulhafiz Abdumannopov bilan suhbatlashdi. Suhbat davomida hokim yordamchisi hududdagi ishsizlar sonini aytayotganda adashib ketgan. Bu esa ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Kun.uz muxbiri mazkur mahallada bo‘lib, hokim yordamchisi bilan suhbatlashdi.

Sadda tagi mahallasida 3 615 nafar aholi istiqomat qiladi. Bu yerdagi aholining asosiy daromadi issiqxonadan. Shuningdek, yangi ishga tushirilgan baliqchilik klasteri orqali intensiv baliq yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan.

Prezident oldida juda kuchli hayajon bosdi. Otam bizni o‘qitaman deb o‘zi yangi kostyum kiymasdan o‘tib ketgan. Davlat rahbari bilan ko‘rishganda o‘zimni zo‘rg‘a bosdim: bo‘g‘zimga nimadir tiqildi. Shungami, raqamlarni aytishda xatoga yo‘l qo‘ydim. Haqiqatda bugungi kun holatiga mahallada 25 nafar ishsiz bor xolos. Videoda ham shunday deganman. Faqat raqamlarni aytayotganda 106 nafar fuqaroga imtiyozli kredit berilganini aytish yodimdan chiqib qolgan. Shunda hammasi to‘g‘ri bo‘lardi”, – deydi hokim yordamchisi.

Mahallada yangi tikuv sexi ham ish boshlagan. Bu yerda 2 000 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlash rejalashtirilyapti. Bundan tashqari, asalarichilik, gulchilik bilan shug‘ullanayotgan, issiqxonaning ortidan yaxshigina daromad topayotgan xonadonlar ham bor.   

Issiqxonada gul ko‘chati yetishtirishni yo‘lga qo‘ydik. Quva tumanidan 45 ming tup gul qalamchasini olib kelib o‘tqazdim. Fevralda ularni sotishni boshlayman. 150 million so‘m atrofida daromad olishni reja qilib turibmiz. Ushbu mablag‘ga turmush o‘rtog‘im bilan Umra safariga bormoqchimiz”, – deydi Arofatxon Qurbonova.

Abdulhafiz Abdumannopov hokim yordamchisi sifatida Sadda tagi mahallasida ish boshlaganiga 1 yil bo‘ldi. U tez orada qolgan 25 nafar ishsizning ham bandligini ta’minlash haqida prezidentga hisobot bergan.

Abduvali Qurbonov,
Jahongir Turg‘unov.

Абдували Қурбонов
Muallif Абдували Қурбонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid