Jahon | 18:12 / 05.02.2023
27981
4 daqiqa o‘qiladi

Isroilning sobiq bosh vaziri Putin unga Zelenskiyni o‘ldirmaslikka va’da berganini esladi

Naftali Bennet Ukrainaga bosqin boshida ikki mamlakatni yarashtirishga bo‘lgan urinishlari haqida gapirib berdi.

Foto: Sputnik/Kremlin/Reuters

Isroilning sobiq bosh vaziri Naftali Bennet urushning ilk kunlarida Vladimir Putin unga Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni o‘ldirmaslikni va’da qilgani haqida eslagan. Bu haqda The Jerusalem Post nashri xabar berdi.

Isroildagi 12-kanalga bergan intervyusida mamlakat hukumatini 2021-2022 yillarda boshqargan Bennet 2022 yil bahorida Moskvaga tashrif buyurganida RF prezidenti bilan ushbu masalani ham muhokama qilganini aytib bergan. Sobiq bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, u Rossiya prezidentiga Ukraina prezidentining hayoti haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri savol bergan, Putin esa shunday javob qaytargan: «Men Zelenskiyni o‘ldirmoqchi emasman». O‘shanda Bennet Rossiya prezidentidan bunga so‘z berishni so‘ragan va Putin bunday qilmoqchi emasligini takrorlagan.

Uchrashuvdan keyin Bennet bu vaqtda maxfiy bunkerda bo‘lgan Zelenskiyga Putinning va’dasini yetkazish uchun qo‘ng‘iroq qilgan va uning hayotiga xavf yo‘qligini xabar qilgan:

«Meni eshit, hozir yig‘ilishdan chiqdim, u seni o‘ldirmoqchi emas». U so‘radi: «Ishonching komilmi?» Men aytdim: «100 foiz, u seni o‘ldirmaydi».

Bennetning eslashicha, shundan bir necha soat o‘tib Ukraina prezidenti o‘z ofisidan video e’lon qilgan.

Isroilning sobiq bosh vaziri uning barcha harakatlari AQSh, Germaniya va Fransiya bilan kelishilganini qo‘shimcha qilgan.

Bennetning ta’kidlashicha, uning vositachiligida Putin Ukraina armiyasini qurolsizlantirishga erishish maqsadidan qaytgan, Zelenskiy esa NATOga a’zo bo‘lib kirmaslikka va’da bergan.

Bennet oldin ham keng ko‘lamli bosqinning ilk haftalarida Ukraina va Rossiyani yarashtirishga qanday uringani haqida aytib bergandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bosqindan bir necha kun o‘tib Putin unga «ukrainlar menga aytishganidan ancha bardoshliroq bo‘lib chiqdi» degan. Ammo u Naftali Bennetni shunday ogohlantirgan «Biz katta mamlakatmiz va bizning sabrimiz yetarli». 

Bennet shuningdek 2021 yil oktyabrida, uning Putin bilan ilk uchrashuvi vaqtida Rossiya prezidenti Volodimir Zelenskiy haqida o‘shqirib shunday deganini eslagan: «U qanaqasiga yahudiy bo‘lsin? U natsizmga sherik».

  • 2022 yil martida Britaniyaning The Times gazetasi bir hafta ichida Volodimir Zelenskiyning hayotiga uch marta suiqasd uyushtirilgani haqida xabar qilgandi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatga Ukraina prezidentini o‘ldirish topshirig‘i bilan ikki guruh kelgan — «Vagner» XHK yollanmalari va chechenlarning maxsus topshiriqli bo‘linmasi — ammo ularning rejasiga Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining urushga qarshi chiqqan xodimlari xalaqit qilgan. 2023 yil yanvarida Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan buyon Zelenskiy kamida 12 marta suiqasdni boshdan kechirgani, shuning bir qismining oldini olishda Markaziy razvedka boshqarmasi yordam ko‘rsatgani xabar qilindi.
Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid