OAV Ukraina mudofaa vaziri iste’foga chiqishi haqida xabar berdi. Uning o‘zi munosabat bildirdi
Uning o‘zi bu borada prezident qaror qabul qilishi va uning har qanday qarorini qabul qilishini aytdi.
Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov keyingi haftada iste’foga chiqishi mumkin. Bu haqda «Ukrainskaya pravda» prezident ofisi, vazirlar mahkamasi va Ukrainaning kuchishlatar tuzilmalaridagi manbalariga tayanib xabar tarqatdi.
Nashr suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, hozirda Volodimir Zelenskiy jamoasida vazirni qaysi lavozimga o‘tkazish masalasi muhokama qilinmoqda, chunki «Ukraina prezidenti ofisida hech kimda u jamoada qolishi kerakligi borasida shubha yo‘q». Asli huquqshunos bo‘lgan Reznikov adliya vaziri bo‘lishi ham mumkin. Bu haqda 1 fevral kuni Oliy Rada deputati Aleksey Goncharenko ham aytib o‘tgandi.
Reznikovning iste’fosi kutilayotgani haqida xabar bergan «RBK-Ukraina» nashri esa «u adliya vaziri lavozimiga o‘tkazilishi haqidagi xabarlar haqiqatga mos kelmasligi» haqida yozgan. Rada deputati Yaroslav Jyeleznyak avvalroq Reznikov Strategik sanoat vazirligiga ishga o‘tishi mumkinligini aytgandi.
Har ikki nashr ham Ukraina mudofaa vazirligi rahbarligi uchun asosiy nomzod sifatida Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov nomzodi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgan.
Reznikovning o‘zi ishdan ketishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirgan.
«Hech kim kursida abadiy emas. Bu bosqich tugashiga tayyor turish kerak. Men mudofaa vaziri bo‘lib qolishim yoki yo‘qligi bo‘yicha faqat bir kishi qaror qiladi — bu Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. U tayinlov bo‘yicha tavsiya beradi, Oliy Rada esa tayinlaydi. Shu tufayli men faqat Ukraina prezidenti qaroriga ko‘ra u yoki bu qarorni qabul qilaman. Undan keyin esa Zelenskiy menga nima taklif qilsa, shuni qilaman. Men g‘alabamizga qadar barcha ishni qilaman. Mening huquqshunos sifatidagi kasbim nafaqat bu urushda g‘alaba qozonish, balki RF harbiylarini jazolash uchun o‘zimga qiziqarli loyiha topaman degan optimistik o‘ylarga imkon beradi», deya uning so‘zlarini keltiradi «Ukraina seychas» telegram-kanali.
- Yanvar oyi oxirida Ukrainada korrupsiya mojarolari ortidan qator yuqori martabali amaldorlar ishdan ketgandi. 1 fevral kuni Ukraina xavfsizlik xizmati qator amaldorlar va biznesmenlarning uylarida tintuvlar o‘tkazdi. Mojarolardan biri Ukraina mudofaa vazirligi bilan bog‘liq: vazirlik harbiy xizmatchilar uchun oziq-ovqat mahsulotlarini bozordagidan ikki-uch barobar qimmat narxda sotib olishda ayblangan. Buning natijasida mudofaa vaziri o‘rinbosari Vyacheslav Shapovalov lavozimdan ozod etildi, shuningdek vazirlikning Davlat xaridlari bo‘yicha departamenti direktori Bogdan Xmelnitskiy ishdan ketdi, shartnomalarga aynan u qo‘l qo‘ygandi.
Mavzuga oid
00:35
«Yevropadagi istalgan nishonni yo‘q qila oladi» – Putin «Oreshnik» yaratuvchilari bilan uchrashdi
22:08 / 23.11.2024
Putin Kursk oblastini qaytarish muddatini belgiladi - Zelenskiy
17:55 / 23.11.2024
WSJ: Ukraina o‘zining ballistik raketasini yaratish ustida ish olib bormoqda
13:12 / 23.11.2024