Jahon | 16:33 / 08.02.2023
6609
2 daqiqa o‘qiladi

Prokuratura Xabarovsk sobiq gubernatorini 23 yilga qamashni so‘radi

Ayblov tomoni Xabarovsk o‘lkasi sobiq gubernatori tadbirkorlarni o‘ldirishni uyushtirganini isbotlangan holat deb hisobladi. Bu ish bo‘yicha boshqa ayblanuvchilar ham uzoq muddatga qamalishi mumkin. 

Foto: TASS

Xabarovsk o‘lkasining sobiq gubernatori Sergey Furgal ishi bo‘yicha sud jarayonida prokuror ayblanuvchi uchun 23 yilga qattiq rejimli koloniyaga yuborish jazosini so‘radi. Ayblov tomoni Furgal 2000-yillar boshida tadbirkorlarni buyurtma asosida o‘ldirishni uyushtirganini isbotlangan deb hisoblamoqda, deb xabar beradi TASS 8 fevral, chorshanba kuni o‘z muxbiriga tayanib. 

Shu bilan birga, prokuratura bu ish bo‘yicha yana uch nafar ayblanuvchini uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilishni talab qildi: Marat Qodirovni - 10,5 yilga, Andrey Paleyni - 17 yilga, Andrey Karepovni - 22 yilga. 

Xabarovsk o‘lkasining sobiq gubernatori Sergey Furgal 2020 yil 9 iyulga o‘tar kechasi Xabarovskda qo‘lga olindi. Uning hibsga olinishi shaharda siyosatchini qo‘llab-quvvatlash va Moskvaning mintaqa ishlariga aralashuviga qarshi ommaviy namoyishlarga sabab bo‘ldi. Xabarovskda olti oy davomida har shanba kuni sobiq gubernator himoyasi uchun yurishlar tashkillashtirildi.

2023 yil 2 fevralda hakamlar hay’ati Furgalni aybdor va yengillikka loyiq emas deb topdi. SOTA Telegram-kanalida e’lon qilingan sud zalidan olingan videoda Xabarovsk o‘lkasining sobiq gubernatori hakamlar hay’atiga qarata «uyat» deb baqirgani eshitiladi. Siyosatchining advokati Boris Kojyemyakinning so‘zlariga ko‘ra, himoyachi adolatni rus tilida emas, xalqaro instansiyalarda izlamoqchi. 

Отабек Матназаров
Muallif Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid