Jahon | 23:46 / 10.02.2023
25961
3 daqiqa o‘qiladi

Bir guruh respublikachilar Ukrainaga harbiy va moliyaviy yordamni to‘xtatishga chaqirdi 

10 nafar trampchi va AQSh Kongressi Vakillar palatasi a’zosi Kiyevni qo‘llab-quvvatlashga qarshi chiqdi. 

Foto: Sergei Supinsky/AFP via Getty Images

AQSh Respublikachilar partiyasining Mett Geyts boshchiligidagi guruhi Vakillar palatasida «Ukrainadan charchoq rezolyutsiyasi»ni ro‘yxatdan o‘tkazdi. FoxNews xabariga ko‘ra, 10 nafar trampchi (sobiq prezident Donald Tramp tarafdorlari) hujjat asoschisi hisoblanadi. 

Rezolyutsiya AQSh tomonidan Ukrainaga harbiy va moliyaviy yordam berishni to‘xtatishni talab qiladi. Bundan tashqari, unda nizolashayotgan tomonlar o‘rtasida tinchlik bitimini imzolash zarurligi ham ko‘rsatilgan. 

Respublikachilarning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar boshqa davlatlar qatorida Ukrainaga Rossiya bosqiniga qarshi kurashda eng ko‘p yordam bergan. Umuman olganda, Vashington 110 milliard dollar miqdorida turli yordam ko‘rsatdi (harbiy, moliyaviy, gumanitar), jumladan, xavfsizlik uchun 27,4 milliard dollar ajratgan. 

Rezolyutsiyada aytilishicha, pul AQSh ichidagi muammolarni, jumladan, migratsiya inqirozini yengish uchun sarflanishi kerak. Shuningdek, ta’kidlanishicha, AQSh yordami tinch aholining qurbon bo‘lishiga hissa qo‘shmoqda (ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu taxminan 40 ming kishi). 

Respublikachilar partiyasi a’zolari AQSh tomonidan Ukrainaga yordam berilishi masalasida yakdil emas. 

Avvalroq, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning Qo‘shma Shtatlarga tashrifi chog‘ida uning nutqini tinglash uchun respublikachilarning atigi 40 foizi kelgan edi. 

Shu bilan birga, oktyabr oyida Senatda Respublikachilar partiyasi rahbari Mitch Makkonnel hukmron Demokratik partiyani Ukrainaga tezroq yordam berishga chaqirgan edi. 

Zelenskiyning Vashingtonga tashrifidan so‘ng respublikachilar Ukraina prezidenti haqida yaxshi fikr bildirishdi, ammo AQSh tomonidan ko‘rsatilgan yordamni taftish qilishni talab etishgan edi. 

AQSh qonunchiligiga ko‘ra, rezolyutsiya Kongressning ikkala palatasida (Senat va Vakillar palatasida) ham ma’qullanishi kerak. Shundan so‘ng, tasdiqlash uchun prezidentga taqdim etiladi. «Ukrainadan charchoq rezolyutsiyasi» qachon ko‘rib chiqilishi ma’lum emas. 

Mavzuga oid