Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yil oxirigacha 13 mingta suv xo‘jaligi obekti raqamlashtiriladi
2023 yilgi davlat dasturi loyihasida qishloq xo‘jaligini suv resurslari bilan barqaror ta’minlashga oid qator vazifalar ko‘zda tutilgan.
Unga ko‘ra, bu yil:
- suv resurslarini boshqarishda “vazir-mirob-fermer” uzluksiz tizimini yo‘lga qo‘yish hamda suvni tejaydigan raqamli texnologiyalarni joriy qilish hisobiga suvni yetkazib berishdagi tabiiy yo‘qotishlar salmog‘ini 10 foizgacha kamaytirish;
- suv solig‘i bo‘yicha tushumlarning 25 foizini tumanlarda sug‘orish xizmatlarini rivojlantirish, ariq, zovur va kanallarni betonlashga yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda.
Ta’kidlanishicha, ichki xo‘jalik sug‘orish tarmoqlarining 77 foiz (119,5 ming km) sug‘orish tarmog‘i tuproq o‘zanli bo‘lib, 44 foiz (68,3 ming km) tarmoq ta’mirlash va tiklashga, 10 foiz (15,5 ming km) tarmoq esa, rekonstruksiya qilishga muhtoj. Suv iste’molchilarining suv olish joylari esa aksariyat holda suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlanmagan.
Shu sababli, irrigatsiya tizimi va sug‘orish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyenti past bo‘lib, asosiy manbalardan olinadigan suvning 35-40 foizi sug‘orish tarmoqlarida yo‘qotilmoqda.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2050 yilgacha Sirdaryo havzasida suv resursi 5 foizga, Amudaryo havzasida 15 foizgacha kamayishi kutilmoqda. Talabga nisbatan yetishmaydigan suvning qariyb 12 mlrd kub metr qismi suv iqtisod qilish tadbirlari hisobiga qoplanib, O‘zbekistonda 2030 yilga borib yetishmaydigan suv 3 mlrd kub metrni tashkil qilishi mumkin.
Hukumat suv hisobini ochiq-oshkora yuritish tizimini joriy etish maqsadida 13 mingta suv xo‘jaligi obektlarini raqamlashtirish bilan bog‘liq barcha xarajatlarni Davlat budjeti mablag‘lari va xalqaro moliya institutlari grantlari hisobidan moliyalashtirmoqchi.
16 ta yirik nasos stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish chora-tadbirlari ishlab chiqiladi.
Suv xo‘jaligi va Raqamli texnologiyalar vazirliklariga 13 mingta suv xo‘jaligi obektlarini raqamlashtirish vazifasi yuklatilmoqda.
Qayd etilishicha, 2023 yilda jami 13 057 ta suv xo‘jaligi obektida raqamli texnologiyalar joriy qilinib, shundan 10 937 ta obektda “aqlli suv” qurilmalari o‘rnatiladi, suvning hisobini onlayn rejimda monitoring qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi, 2 100 ta meliorativ kuzatuv quduqlari avtomatlashtirilgan monitoring tizimiga o‘tkaziladi, 20 ta yirik suv xo‘jaligi obektlarini boshqarish jarayonlari avtomatlashtirilgan boshqaruvga o‘tkaziladi.
Shuningdek, respublika bo‘ylab suvning aniq hisob-kitobini yuritish, suvdan belgilangan limit asosida foydalanish hamda suvni operativ boshqarish imkoniyati oshiriladi, suv manbalaridagi mavjud suvlardan foydalanish samaradorligi ortishiga va loyiha hududlarida 2-5 foizgacha suv resurslari iqtisod qilinishiga erishiladi.
Suv xo‘jaligi obektlarini raqamlashtirishga jami 390 mlrd so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.
Mavzuga oid
17:00 / 27.05.2025
Bozor – go‘sht narxi haqida: “Yem-xashak qimmat, mol boqish oson bo‘lmay qoldi”
10:43 / 26.05.2025
“Koreyada olgan tajribani qishlog‘imda qo‘llamoqchiman” – bo‘sh yerlarni o‘zlashtirayotgan shahrixonlik yigit
11:24 / 22.05.2025
Mehmonxonaga hujjat taqdim etmay, MyID identifikatsiyasi bilan kirish mumkin bo‘ladi
09:55 / 21.05.2025