O‘zbekiston | 19:26 / 11.02.2023
14952
3 daqiqa o‘qiladi

OTMlar joylashuvining Toshkentdagi tirbandlikka ta’siri o‘rganildi

Talabalarning o‘qish soatlaridagi qatnovi yo‘llardagi o‘ta tirbandlik holatini 33 foizga ko‘paytirishi ma’lum qilindi. Tadqiqot mualliflari oliygohlarni shahar tashqarisiga ko‘chirish zaruratini istisno qilmagan.

Foto: KUN.UZ

Oliy ta’lim muassasalarining joylashuvi shaharlar holatiga, tirbandlik muammosiga qanday ta’sir qilishi haqida Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlarining tahlillari e’lon qilindi.

Mutaxassislar Toshkent shahri yo‘llarining tirbandlik darajasini yo‘llardagi o‘rtacha tezlik, tirbandlik mavjud yo‘llar uzunligi va ijtimoiy so‘rov natijalari asosida tahlil qilgan.

Tadqiqot natijasida aniqlanishicha:

  • Toshkent shahrida tirbandlik yuqori bo‘lgan yo‘llarning jami uzunligi 120 kmdan ortiq. Bu – Toshkent shahridan Guliston shahrigacha bo‘lgan masofa (119 km)dan ham ko‘p.
  • Respublikadagi OTMlarning 43 foizi Toshkent shahrida joylashgan bo‘lib, jami talabalarning 34 foizi (354 ming) poytaxtda tahsil oladi.
  • So‘rovnoma ishtirokchilarining 47 foizi aynan o‘qishga qatnovchilar tufayli faollikning ortishini tirbandlikni keltirib chiqaruvchi uchta asosiy sababdan biri sifatida qayd etdi.
  • Talabalarning o‘qish soatlaridagi qatnovi o‘ta tirband yo‘llar uzunligining 8,5 kmdan 11,3 kmgacha oshishiga sabab bo‘ladi.
  • O‘qish davrida tirbandlik ortishi sabab bir yilda atmosferaga qo‘shimcha 507 tonna CO2 ajralib chiqadi. Bu qo‘shimcha 19 031 tup daraxt ekish yoki 53 gektar yashil hudud barpo etish degani.
Infografika: Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti

Tirband yo‘llar uzunligi QGIS dasturi orqali, Quick Map Service ma’lumotlari asosida aniqlangan. Tirbandlik xaritasida avtomobil soatiga 10 kmdan kam tezlikda harakatlansa – to‘q qizil, soatiga 10-25 km oraliqdagi tezlikda harakatlansa – qizil, soatiga 25-45 km oraliqdagi tezlikda harakatlansa – sariq va soatiga 45 kmdan yuqori tezlikda harakatlansa – yashil rangda ifodalangan. Shuni inobatga olib, faqat qizil va to‘q qizil rangli yo‘llar tahlil qilingan.

PMTIga ko‘ra, yo‘llardagi yuklamani kamaytirish uchun oliygohlarni poytaxtdan tashqariga chiqarish – dunyoda bor amaliyot. Masalan, 2012 yilda Moskvada 2020 yilgacha poytaxtdagi 5ta yirik universitetning Moskva halqa yo‘li tashqarisida o‘quv binolarini qurish rejalashtirilgan. Dunyo miqyosida ham QS World University Ranking reytingidagi 25 ta eng nufuzli oliy ta’lim muassasasining 9 tasi poytaxtda joylashgan. Qolgan 16tasi poytaxtdan tashqarida qurilgan.

Mutaxassislar, shuningdek, ayrim tarmoq mutaxassislarini tayyorlovchi OTMlarni o‘sha tarmoqqa ixtisoslashgan hududlarga joylashtirish fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlashini aytishmoqda.

“Shu bilan birga, oliy ta’lim muassasalari atrofida xizmat ko‘rsatish obektlari ko‘payishi hududlarning iqtisodiy rivojlanishiga multiplikativ ta’sir qilib, hududlararo tabaqalashuv darajasini qisqartiradi”, – deyiladi institut mutaxassislari tavsiyasida.

Mavzuga oid