Jahon | 17:42 / 13.02.2023
17179
4 daqiqa o‘qiladi

Britaniya mudofaa vazirligi: so‘nggi haftalarda Rossiya Ukrainada bosqin boshidan buyon eng yirik yo‘qotishlariga uchradi

Foto: Ukraine Weapons Tracker

So‘nggi ikki haftada Rossiya armiyasi Ukrainada katta yo‘qotishlarga uchragan. Buyuk Britaniya mudofaa vazirligining har kungi tezkor ma’lumotida aytilishicha, Rossiya tomoni keng ko‘lamli bosqinning ilk kunlaridan buyon bu kabi jiddiy yo‘qotishlarga uchramagandi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, bunday katta yo‘qotishlarga qator omillar, jumladan frontda ta’lim ko‘rgan mutaxassislar, muvofiqlashtirish va resurslar yetishmovchiligi sabab bo‘lmoqda.

Shu bilan birga Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi bu xulosa Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi ma’lumotlariga asoslangani, britaniyalik ekspertlarda buni mustaqil tekshirish imkoni yo‘qligiga e’tibor qaratgan. Shunga qaramay, vazirlikdagilar bu ma’lumotlar hozirda kuzatilayotgan tendensiyaga mos kelishiga ishonmoqda.

Xususan, obzor mualliflari havola bergan Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabiga ko‘ra, so‘nggi hafta davomida Rossiya kuniga o‘rtacha 824 kishini yo‘qotgan. Bu Rossiya qo‘shinlarining 2022 yil iyun-iyul oylaridagi kunlik yo‘qotishlaridan (kuniga o‘rtacha 170 nafar atrofida) to‘rt barobardan ko‘proq. Vazirlik grafigiga ko‘ra, Ukrainaga bosqinning ilk davrida, 2022 yil fevralida, Rossiya kuniga 1140 kishi yo‘qotgan.

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi Ukraina tomoni yo‘qotishlari ham katta ekanini qayd etgan, ammo svodkada muayyan raqamlar keltirilmagan.

Rossiya armiyasining katta yo‘qotishlari haqidagi ma’lumotni «Mediazona» va Ukrainada halok bo‘lgan rossiyalik askarlar haqidagi ma’lumotlarni yig‘uvchi ko‘ngillilar jamoasi bilan hamkorlikda ishlovchi BBC rus xizmati ham tasdiqlaydi. Xususan, nashr ma’lumotiga ko‘ra, avvallari qurbon bo‘lganlar ro‘yxatiga har hafta 250-300 nom kiritilgan bo‘lsa, yanvar oyi oxiridan —haftasiga o‘rtacha 700 familiya tasdiqlanmoqda.

  • Rossiya ham, Ukraina ham qoidaga ko‘ra o‘z yo‘qotishlari haqida ma’lumot bermaydi. Rossiya mudofaa vazirligi so‘nggi bor o‘z yo‘qotishlari haqida 2022 yil sentabrida hisobot bergandi. O‘shanda qariyb olti ming kishi halok bo‘lgani tan olingandi. O‘z navbatida, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning ofisi dekabr oyida 10-13 ming ukrainalik harbiy xizmatchi halok bo‘lganini tasdiqlagan. 
  • Shunga qaramay, G‘arbdagilar ikki tomonning ham yo‘qotishlari o‘n minglab ekanini aytadi. Fevral oyida The New York Times gazetasi AQSh va Yevropaning boshqa mamlakatlari mulozimlariga tayangan holda halok bo‘lgan va yaralanib safdan chiqqan rossiyalik harbiy xizmatchilar soni 200 mingga yaqinlashgani to‘g‘risida xabar bergandi. Bungacha Norvegiya qurolli kuchlari qo‘mondoni, general Eyrik Kristoffersen Rossiya halok bo‘lganlar va yaralanganlar qo‘shib hisoblanganda qariyb 180 ming kishi yo‘qotganini aytgandi. Norvegiyalik harbiy Ukraina yo‘qotishlari haqida ham to‘xtalib, bu miqdor 100 mingdan oshishini ma’lum qilgandi. Shuningdek, Rossiya bosqini davomida Ukraina tinch aholisi orasidagi qurbonlar soni 30 mingdan oshgan.
Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid