O‘zbekiston | 18:55 / 17.02.2023
31016
3 daqiqa o‘qiladi

“Eski Juva” bozorida sotuvchi ayol o‘zaro janjal vaqtida hamkasbining qulog‘ini tishlab uzib oldi

28 va 29 yoshdagi ayollarning har ikkisi sud tomonidan javobgarlikka tortilgan.

“Eski Juva”ning sut mahsulotlari rastasida sotuvchilik qiladigan ikki ayol o‘rtasidagi janjalga ancha vaqtdan buyon davom etib kelgan kelishmovchilik sabab bo‘lgani aytilmoqda. Natijada 1994 yilda tug‘ilgan ayol qo‘shni savdo rastasida sut mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi 1993 yilda tug‘ilgan hamkasbini do‘pposlab, kamiga qulog‘ining bir qismini uzib olgan.

Sudga oid tibbiyot ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, 29 yashar ayolga o‘ng quloq solinchagi ezilib yirtilgan yarasi, chap yelka, chap boldir ichki, o‘ng son va o‘ng boldir sohalari qontalashlari, chap qo‘l 5-kaft suyagi sathi, o‘ng lunj va o‘ng tovon sohalari shilinmalari ko‘rinishidagi badanning tuzalmaydigan darajadagi xunuklashishiga sabab bo‘lgan qasddan og‘ir shikast yetkazilgan.

Qulog‘i tishlangan ayol ham raqibiga bir qancha jarohat yetkazgan. Biroq ekspertizasi chap yelka sohasi qontalashi, pastki lab ichki shilliq qavatiga qon qo‘yilishi ko‘rinishidagi jarohatlarni sog‘liqning qisqa muddatga yomonlashuviga olib keladigan yengil shikast deb topgan.

“O‘sha kuni ertalabdan savdo qilish maqsadida ish joyimga keldim. Oradan biroz vaqt o‘tib, yonimga sotuvchi hamkasbim ham keldi. Bir necha soat vaqt o‘tganidan so‘ng oldimizga xaridor keldi va mening mahsulotim yoqqanini aytdi. Hamkasbim unga mahsulotim Qashqadaryodan kelishi, sifati yaxshi emasligini aytib xaridorni qaytarmoqchi bo‘lib harakat qila boshladi. Sherigim o‘z mahsuloti solingan qoshiqni uzatdi. Qo‘lini ortga itarib yuborganimdan so‘ng, u meni tepdi. So‘ng esa u sochimga, men esa uning yoqasiga yopishdim”, deya sudda ko‘rsatma bergan tishlong‘ich ayol.

“Bir vaqt o‘ng qulog‘imda kuchli og‘riqni his qila boshladim va “qo‘yib yubor” deb baqirdim. O‘sha yerdagi bir ayol sherigimning ustidan chelakda suv sepgach, u to‘xtadi va uning yuziga qaraganimda og‘zi qon ekanini ko‘rdim. Shok holatiga tushib, qulog‘imga qo‘lim bilan tekkan vaqtimda o‘ng qulog‘imning yarmi yo‘q ekanini bildim, atrofdagilardan qulog‘imning uzilgan qismini qidirishni iltimos qildim, – deydi 29 yashar sudlanuvchi.

Toshkent shahar sudi matbuot kotibi Sadoqat Allaberganovaning ma’lum qilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi tomonidan qulog‘ining yarmidan ayrilgan ayol qasddan badanga yengil shikast yetkazishda aybdor deb topilib, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida jarimaga tortilgan. Tishlong‘ich ayolga esa 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid