O‘zbekiston | 19:12 / 17.02.2023
15377
2 daqiqa o‘qiladi

Jamoat transportida kunlik “plan” bekor qilinadi

Prezident qaroriga ko‘ra, Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida avtobusda yo‘lovchi tashish faoliyati brutto-shartnoma tizimiga o‘tkazilib, avtomatlashtirilgan dispetcherlik xizmatlari tashkil etiladi. Poytaxt uchun mingta (shundan 200 tasi 18 metrli), Nukus shahri va viloyat markazlari uchun mingta avtobus sotib olinmoqda.

Foto: Kun.uz

“Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident qarori imzolandi.

Qarorga ko‘ra:

  • shahar avtobus yo‘nalishlarida cheklangan tariflar bo‘yicha yo‘lovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi;
  • tashuvchilar bilan hisob-kitoblar bosib o‘tilgan yo‘l va sifat mezonlari asosida amalga oshiriladi;
  • yo‘lkira haqini kunlik yig‘ish reja-topshirig‘ini belgilash amaliyoti bekor qilinadi;
  • tashuvchilar tomonidan yo‘nalish ko‘rsatkichlari bajarilishini monitoring qilish, bajarilgan ish hajmi va sifatini aniqlash hamda baholash, yo‘lkira haqi to‘lanishini va ko‘rsatilgan xizmatlar sifatini nazorat qilish uchun avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi va nazorat tizimi tashkil etiladi.

Shaharlarda avtobus yo‘nalishlarining yangi tarmog‘i joriy etilishi, avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi va avtomatlashtirilgan dispetcherlik xizmati:

  • 2023 yil 1 martgacha – Toshkent shahrida;
  • 2023 yil 1 avgustgacha – Andijon, Samarqand, Namangan, Qarshi va Urganch shaharlarida;
  • 2024 yil 1 iyungacha – Nukus shahri va boshqa viloyatlar markazlarida yo‘lga qo‘yiladi.

Yo‘lovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimi:

  • 2023 yil 15 apreldan – Toshkent shahrida;
  • 2024 yil 1 yanvardan – Andijon, Samarqand, Namangan, Qarshi va Urganch shaharlarida;
  • 2024 yil 1 iyundan – Nukus shahri va boshqa viloyatlar markazlarida ishga tushiriladi.

Ma’lum qilinishicha:

  • Toshkent shahri jamoat transporti uchun 200 ta 18 metrli va 500 ta 12 metrli tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslar hamda 300 ta 12 metrli elektrobuslar
  • Nukus shahri va viloyat markazlari jamoat transporti uchun jami 1000 ta tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslarni xarid qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.

Avvalroq Kun.uz bu kelishuvlar Xitoy kompaniyalari bilan tuzilgani va boshqa ayrim tafsilotlar haqida ma’lumot bergandi.

Mavzuga oid