O‘zbekiston | 21:23 / 18.02.2023
23324
7 daqiqa o‘qiladi

Avtobuslar uchun ajratilgan yo‘lakda yurmang: Toshkent ko‘chalariga qo‘shimcha 55 ta kamera o‘rnatildi

Toshkentda, jamoat transporti uchun alohida harakatlanish bo‘lagi tashkil etilgan 4 ta ko‘chada bu yo‘laklardagi qoidabuzarliklarni qayd etuvchi 55 ta yangi kamera o‘rnatildi. Bunga qo‘shimcha ravishda avtobuslarning o‘ziga ham qoidabuzarlikni avtomatik qayd etuvchi smart-kameralar o‘rnatiladi.

Ayni paytda Toshkentdagi 4 ta: Alisher Navoiy, Beruniy, Amir Temur va Farg‘ona yo‘li ko‘chalariga avtobuslar uchun alohida yo‘lak qilingan va chiziqlar tortilib, katta harfda A harfi yotqizilgan. O‘tgan oy oxiridan mana shu yo‘laklardagi qoidabuzarlikni aniqlash va unga chora ko‘rish maqsadida Navoiy, Farg‘ona yo‘li va Amir Temur shohko‘chalariga 55 dona kuzatuv kameralari o‘rnatildi.

“Toshshahartransxizmat” AJning Kun.uzʼga bergan ma’lumotiga ko‘ra, 19 yanvardan boshlab, kameralar qoidabuzarlik sifatida qayd etgan holatlar tegishli qurilmalarda saqlana boshlangan.

Kamera 360 gradusli bo‘lib, u avtobus uchun ajratilgan maxsus yo‘lak va unga tortilgan 1.1 chizig‘ini kuzatadi. Agarda qaysidir avtomobil shu chiziqni bosib yo‘lakdan harakatlansa yoki u yerda to‘xtab turgani ko‘rinsa, holat YHXX xodimlariga kelib tushadi. Xodimlar bularni ko‘rib chiqib, haqiqatan qoidabuzarlik sodir etilganlariga protokol rasmiylashtiradi.

“Toshshahartransxizmat” vakilining aytishicha, kameralar to‘liq ishlab turgan bo‘lsa-da, tizim to‘laqonli ishga tushirilmagan. Qoidabuzarlarni jarimaga tortish tizimi YHXB bazasiga integratsiya qilinganidan keyin boshlanadi.

“Aniqlangan qoidabuzarliklar haqidagi ma’lumotlarni protokol tuzishlari uchun YHXBga yuborish imkoniyatiga egamiz, ammo hozircha bundan foydalanmayapmiz. Chunki odamlarimiz bu profilaktik choralar jamoat transporti jozibadorligini oshirish maqsadida qilinayotganini tushunib yetishlari kerak. Ayni vaqt avtobuslar ichiga ham avtomatlashtirilgan foto va videoga oluvchi qurilmalarni o‘rnatishni reja qilyapmiz. Bir qancha avtobuslar shunday kameralar bilan ta’minlanadi. Ular harakatlanayotgan vaqtda tizim avtomatik tarzda yo‘llardagi qoidabuzarliklarni aniqlaydi va o‘sha zahotiyoq YHXBning ma’lumotlar tizimiga yuboradi.

Bu qurilmalar videoregistratorlardan ham yaxshiroq. Videoregistratorda siz shunchaki tasvirni ko‘rasiz va shu tasvirda transportlar harakatlanayotgan bo‘ladi xolos. Oddiy kameralar shunday. Men aytayotgan shakli esa smart bo‘lib, u tasvirga qarab faktlar asosida qoidabuzarlikni qayd etadi. Buni inson qilmaydi, tizimning o‘zi transport raqamini, yo‘l belgisi, qandaydir bekatni yoki avtobusdan qancha masofada avtomobil qo‘yilganini avtomatik tarzda aniqlaydi. Hozirda tajriba tariqasida bir qancha avtobuslarimizda shunday videoregistratorlar o‘rnatilgan. Bu borada ham hozircha hech qanday jarimali holatlarni DAN xodimlariga yuborayotganimiz yo‘q. Chunki tizimni “Toshshahartransxizmat” va YHXB bilan integratsiya qilish ishlari, texnik choralari ketmoqda”, – dedi “Toshshahartransxizmat” AJ direktorining birinchi o‘rinbosari Rustam Shomurodov.

Mas’ullarning aytishicha, avtobus yo‘laklarida kameradan aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha jarima hali yozilmayotgan bo‘lsa-da, joylardagi inspektorlar maxsus yo‘lakda besabab harakatlangan yoki to‘xtab turgan haydovchilarga chora ko‘rib boryapti. Birgina Amir Temur ko‘chasida kuniga 15-20 ta mana shunday holat qayd etiladi.

O‘z-o‘zidan bu qoidabuzarlik uchun jarima summasi qancha ekani ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy.

Uzluksiz chiziqni bosib o‘tib, sababsiz ravishda avtobuslar uchun ajratilgan maxsus yo‘lakda harakatlangan avtomobillar BHMning 50 foizi, ya’ni 150 ming so‘m jarimaga tortiladi.

Agarda avtomobil o‘sha yo‘lakda to‘xtasa va bu to‘xtash yo‘lovchini tushirish yoki chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmasa, jarima miqdori BHMning 2 baravari – 600 ming so‘m bo‘ladi.

Masalaning yana bir tomoni bor. Avtobuslar uchun maxsus yo‘laklar ajratildi, videokameralar o‘rnatildi. Lekin kutilgan natijaga erishish uchun bu yetarli bo‘lmasligi mumkin.

7 yillik tajribaga ega shaharsoz Iskandar Soliyev bu borada ayrim tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, avtobuslar uchun ajratilgan yo‘laklar maxsus to‘siqlar, konuslar bilan to‘silishi kerak. Bundan tashqari, bekatlarda savdo shoxobchalari bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur, chunki bu haydovchilarni do‘konga kirish uchun bekat oldida to‘xtashga undaydi. Shuningdek, yo‘lakka yotqizilayotgan bo‘yoqlar tezda o‘chib ketmaydigan bo‘lishiga e’tibor berilishi kerak.

Shaharsoz vaqtinchalik avtoturargohlarni ko‘paytirish, avtobuslar uchun alohida yo‘lakni yo‘lning eng chetki o‘ng bo‘lagi emas, eng chetki chap bo‘lagiga o‘tkazishni ham taklif qilmoqda.

“Tez amalga oshirilgan va to‘liq o‘ylanmagan loyiha uzoq vaqt va to‘g‘ri ishlay olmaydi. Imkon qadar kameralar o‘rnatilishi, YHXX xodimlari qoidabuzarliklarni diqqat bilan kuzatishi mumkin, ammo amaliyotda haydovchilar yo‘l qoidalarini buzaveradi. Chunki loyiha noto‘g‘ri o‘ylangan.

Men yuqorida aytgan tajribalar, ya’ni maxsus yo‘laklarni yo‘lning markazida qilish, uning atrofini to‘siqlar bilan o‘rash hamda vaqtinchalik avtoturargohlar tashkil qilish ko‘plab BRT(Bus Rapid System) mamlakatlarida sinalgan”, – deydi Iskandar Soliyev.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, odamlarga qulaylik yaratish, ish, o‘qish yoki uylariga tezroq borishlari uchun alohida yo‘laklar qilingani yaxshi bo‘ldi. Bu jarayon takomillashib borishi, asosiy ko‘chalarning hammasida avtobus uchun alohida yo‘laklar tashkil etilishi, qoidabuzarlikni aniqlovchi tizim tezroq ishga tushishi va qing‘irliklarsiz ishlashi kerak. Rasmiylar jamoat transportiga ustunlik berish nega muhimligini tushuntiruvchi va buni targ‘ib qiluvchi ko‘plab ijtimoiy roliklar tayyorlashiga ham zarurat bor, nazarimizda.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Tasvirchi Asror Almurodov.

Mavzuga oid