Jahon | 09:08 / 20.02.2023
7747
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Turkiya va Suriyaga yordam uchun yana 100 mln dollar ajratadi

AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, Vashington NATOdagi ittifoqchisining tabiiy ofat ta’sirida vayron bo‘lgan hududlarni tiklash bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash niyatida.

Foto: AA

AQSh Turkiya va Suriyadagi zilzila qurbonlariga gumanitar yordam ko‘rsatish uchun yana 100 million dollar ajratadi. Bu haqda 19 fevral, yakshanba kuni NATO ittifoqchisini qo‘llab-quvvatlash uchun Turkiyaga tashrif bilan kelgan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken ma’lum qildi.

Yangi yordam «tez orada yuboriladi. Afsuski, gap qidiruv-qutqaruv operatsiyalari haqida emas, balki uzoq muddatli tiklanish haqida ketmoqda», dedi Blinken jurnalistlarga. «Bu uzoq muddatli ish bo‘ladi. Qayta tiklash uchun katta kuch talab etiladi, lekin biz bu sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga qat’iy qaror qildik», dedi u. Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, umumiy hisobda Vashington Turkiya va Suriyaga 185 million dollar yordam ajratgan.

Blinken Turkiya janubida, Adana shahri yaqinida joylashgan Injirlik havo bazasiga kelganligi xabar qilingan. Ushbu AQSh havo bazasi jabrlangan hududlarga yordam yetkazish uchun ishlatiladi. AQSh davlat kotibi Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li bilan birgalikda vertolyotda jabrlangan hududlarning bir qismi bo‘ylab uchib o‘tdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyadagi zilzila qurbonlari soni 40 689 kishiga yetgan. Tabiiy ofat qurbonlarining umumiy soni, Suriyani hisobga olgan holda, hozirda 44 377 kishini tashkil etadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid