Jahon | 14:16 / 22.02.2023
9077
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada inflatsiyaning o‘sish sur’ati tezlashdi

Yanvar oyi yakuni bo‘yicha Germaniyada iste’mol narxlarining o‘sishi dekabrdagi 8,1 foiz va noyabrdagi 8,8 foizdan keyin 8,7 foizni tashkil etdi, deya xabar beradi Federal statistika boshqarmasi.

Foto: Getty Images

Germaniyada dekabr oyida biroz sekinlashuvdan so‘ng, joriy yil boshida inflatsiya yana tezlashdi. Yanvar oyi oxirida iste’mol narxlari 2022 yilning shu oyiga nisbatan 8,7 foizga oshdi, deb xabar qildi Germaniyaning Visbadendagi Federal statistika boshqarmasi 22 fevral, chorshanba kuni oy boshida qilingan birinchi hisob-kitoblarni tasdiqlab.

Dekabr oyida, qayta ko‘rib chiqilgan ma’lumotlarga ko‘ra, yillik inflatsiya darajasi 8,1 foizni, noyabrda - 8,8 foizni tashkil etdi. Dekabr oyida ko‘rsatkichning biroz pasayishi Germaniya hukumati ushbu oyda favqulodda yordam dasturi doirasida iste’molchilarga gaz va issiqlik uchun oylik to‘lovlarni budjetdan qoplagani bilan bog‘liq.

«Biz ko‘p tovarlar uchun narxlar o‘sishini ko‘ryapmiz, ayniqsa - xizmatlar uchun. Yanvar oyida xususiy uy xo‘jaliklari uchun energiya va oziq-ovqat narxlarining ko‘tarilishi sezilarli bo‘ldi», - dedi Federal statistika boshqarmasi rahbari Rut Brand. Yanvar oyida aholi uchun energiya narxlari 2022 yilning birinchi oyiga nisbatan 36,5 foizga, xususan, tabiiy gaz narxi 51,7 foizga, mazut 30,6 foizga, elektr energiyasi 25,7 foizga oshdi. Oziq-ovqat sohasida yillik inflatsiya 20,2 foizni tashkil etdi. Yanvar oyida oylik nisbatda iste’mol narxlari 1 foizga oshdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid