Possovet hududining ozodlik urushiga – 1 yil
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganiga bir yil to‘ldi. 2022 yil 24 fevral kuni Rossiya samolyotlari va artilleriyachilari Ukraina chegaralarini buzib, ko‘plab shaharlarni bombardimon qila boshladi. Xuddi o‘tmishdagi kabi, tajovuz erta tongda amalga oshirildi.
Unga qadar ba’zi davlatlar “Rossiya Ukrainaga bostirib kirishga tayyorlanmoqda” deb ogohlantirdi. Bunga Yevropa davlatlari shubha bildirdi. Ukrainaning o‘zi ham u qadar ishonmadi. Rossiya mulozimlari esa “bu yolg‘on!” deya bayonotlar berdi. Putinning matbuot kotibi Peskov “Rossiya ahmoq emaski, Ukrainaga bostirib kirsa” degandi. Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa kinoya bilan “Biz Ukrainaga bostirib kirmadikmi hali?!” deya jurnalistlarga savollar ham berdi.
Putinning o‘zi ham “Biz Ukrainaga bostirib kirmaymiz” deya ko‘p ta’kidladi. Lekin bu bayonotlarning barisi yolg‘on bo‘lib chiqdi. Rossiya ko‘p ming sonli kuch va vositalar bilan Ukrainaga bostirib kirdi. Ko‘plab kuzatuvchilarning aytishicha, Rossiya Ukrainani bir necha kun ichida bosib olishni rejalagan. Ukraina prezidenti Zelenskiy qochib ketishi, davlat tezda yiqilishi reja qilingan. Lekin vaziyat butunlay boshqacha bo‘lib chiqdi. Zelenskiy qochmadi, aksincha, qarshilik ko‘rsatish borasida safarbarlik e’lon qildi. Ukraina siyosiy elitasi parokandalikka uchrash o‘rniga, aksincha, jipslashdi. Ukraina xalqi va davlati birlashib, bosqinchilarga qarshi kurashni boshlashdi.
Mubolag‘asiz aytish mumkinki, bu – O‘zbekistonning atrofidagi urush. Ukraina bizga ko‘pchilik o‘ylaganidan ancha yaqinroq: O‘zbekistonning eng g‘arbiy nuqtasidan Luhansk oblasti chegarasigacha bo‘lgan to‘g‘ridan to‘g‘ri masofa 1300 kilometrga ham yetmaydi. Qolaversa, globallashgan dunyoda jismoniy masofalar ahamiyati pasayib, uzoqroq bo‘lsa-da, o‘zaro shakllangan munosabatlar ahamiyati oshib boradi.
SSSR parchalanganiga 30 yildan oshdi. O‘zbekiston, urushga qadar, possovet hududidagi uchinchi yirik davlat edi. Birinchi yirik davlat – 145 million aholisi bilan Rossiya. Ikkinchisi – Ukraina. Urushga qadar uning aholisi 42 million atrofida edi. Urush boshlanib, Ukrainadan millionlab aholi chiqib ketishi natijasida, O‘zbekiston possovet hududining ikkinchi davlatiga aylandi deyishga asos bor. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bugun Ukrainadan taxminan 9-10 million aholi chiqib ketgan. O‘zbekistonning aholisi 36 milliondan oshmoqda.
Rossiya – O‘zbekistonning birinchi yoki ikkinchi (Xitoy bilan o‘rin almashib turadi) savdo-iqtisodiy hamkori. 1990-2000 yillari, bitta Rossiyaning o‘ziga O‘zbekistonning 30 foiz savdo-iqtisodiy ulushi to‘g‘ri kelgan davrlar bo‘ldi. Keyingi yillarda Xitoy Xalq Respublikasi birinchi o‘ringa chiqyapti.
Rossiyada millionlab o‘zbekistonliklar mehnat muhojiri bo‘lib ishlab kelishadi. Ular har yili O‘zbekistonga milliardlab pul jo‘natishadi. Butun Markaziy Osiyo davlatlari qatori, O‘zbekiston ham Rossiyaning axborot hududida qolmoqda. O‘zbekiston-Rossiya gumanitar aloqalari, ta’lim, turizm va boshqa sohalardagi bog‘liqliklar – juda qalin.
Ukraina esa urushga qadar O‘zbekistonning sakkizinchi savdo-iqtisodiy hamkori edi. Garchi O‘zbekistonning Ukraina bilan iqtisodiy aloqalari Rossiya bilan aloqalari kabi nihoyatda katta bo‘lmasa-da, Toshkentning Kiyev bilan aloqalari muhim siyosiy va geosiyosiy ahamiyatga ega.
O‘zbekiston davlati va xalqi uchun, eng katta milliy qadriyat – bu mustaqillik. Ukrainadagi urush esa, post-sovet davlatlarining siyosiy va geosiyosiy mustaqilligi uchun bo‘layotganini hamma tushunadi.
Demak, Ukraina, aslida Markaziy Osiyo davlatlarining avvalo geosiyosiy, qolaversa, siyosiy mustaqilligi uchun ham urushyapti. Agar bu urushda Ukraina yutqazsa, hech shubha yo‘qki, keyingi navbat Moldovaga, Qozog‘istonga va so‘ngra O‘zbekistonga bo‘ladi. Chunki bu urush natijasida Rossiyaning yo‘qotadigan narsasi qolmadi.
O‘zbekiston manfaatlari uchun, Ukrainadagi urush, ancha ziddiyatli hisoblanadi. Bir tomondan, O‘zbekistonning iqtisodiyoti, ijtimoiy vaziyati Rossiyaga ancha kuchli bog‘langan. Rossiya iqtisodining sanksiyalar bosimi ostida qolishi, O‘zbekiston iqtisodiga salbiy ta’sir qiladi.
Ikkinchi tomondan, Ukrainaning bu urushda yutqazishi O‘zbekistonning davlat mustaqilligiga, geosiyosiy erkinligiga katta zarba beradi. Balki, bevosita tahdidni kuchaytiradi. Demak, bu urush O‘zbekistonning siyosiy mustaqilligi va iqtisodiy manfaatlari o‘rtasida ma’lum ziddiyat hosil qiladi. Lekin, qaysi manfaat ustuvor? Iqtisodiy qiyinchiliklar – davlat va millat uchun ekzistensial tahdid emas. Lekin, mustaqillik – fundamental qadriyat, bu Davlat va Millatning borligi bilan belgilanadi.
Rossiya – O‘zbekiston uchun, abadiy omil: u bor bo‘lgan, hozirda ham mavjud va kelajakda o‘zaro bog‘liqlik kuchayib boradi. Rossiyaning Ukrainaga urushi mutlaq ko‘pchilik tomonidan “imperialistik urush” deb nomlandi. Ko‘plab o‘zbekistonliklar esa bu urushda Rossiyaning vajlari asosli degan fikrda. Chunki aksariyat vatandoshlarimiz Rossiya axborot hududida qolmoqda, ularga faqat Rossiya axborot bermoqda, ularning dunyoqarashini shakllantirmoqda. Bu vatandoshlarimiz Rossiya propagandasining qurbonlaridir.
O‘zbekistonliklar oldida “Rossiyami yoki Ukraina?” degan tanlov turgani yo‘q. O‘zbekistonliklar oldida “Qanday Rossiya: avtoritar va imperialistik Rossiyami yoki demokratik va O‘zbekistonning mustaqilligini chinakam tan oladigan Rossiyami?” degan tanlov turibdi.
Qachonki, Rossiya imperiyachilik tafakkuridan voz kechsa va boshqalarning mustaqil bo‘lish huquqini tan olsa, shunda Rossiyada ishlab yurgan millionlab vatandoshlarimizning ham maqomi mutlaq oshadi, ijobiylashadi.
Rossiya demokratik-huquqiy bo‘lganda, u yerdagi siyosiy islohotlarning ta’siri O‘zbekistonga ham yetib keladi. Bugun Rossiya avtoritarizm o‘rnatish borasida yuqori standart yaratgan. U demokratik bo‘lishi bilan, qolgan avtoritar davlatlardagi avtoritarizm darajasi ham pasayib boshlaydi. Chunki yaqin hamkor davlatlardagi siyosiy tizimlar, bir-biriga qarab rang oladi.
Ukrainaning bu urushda yengishi, bir vaqtning o‘zida, O‘zbekiston xalqi va davlati uchun, bir qancha bonuslar olib keladi. O‘zbekistonning geosiyosiy sub’yektligi oshadi. Siyosiy islohotlar tezlashadi, chunki Rossiyadagi avtoritar tuzum tanazzulga uchrab boshlaydi.
Qolaversa, possovet makonida yangi davr boshlanadi, va bu davrda istiqboli yuqori bo‘lgan jamiyatlardan biri, albatta O‘zbekiston bo‘ladi. Bu kafolat emas, balki katta imkoniyat. Bu imkoniyatdan O‘zbekiston davlati va xalqi qanchalik foydalana oladi – bu O‘zbekistonning o‘ziga bog‘liq bo‘lib qoladi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi
Mavzuga oid
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024