Urush boshlangan kun. To‘rt hikoya
2022 yil 24 fevrali tongi ko‘pchilik ukrainlar uchun hayotidagi eng og‘ir iztiroblar boshlanishi bo‘lgandi. Rossiya bosqinidan omon qolish uchun millionlab kishilar bir soat ichida o‘z uylarini tashlab chiqdi, yaqinlari bilan vidolashdi va shu vaqtgacha faqat kinolarda ko‘rilgan kechinmalarni boshdan o‘tkazdi. Xarkiv, Zaporijjya va Mariupoldan bo‘lgan to‘rt ukrainalik ayol bir yil o‘tib urush ular uchun qanday boshlanganini xotirladi.
Oksana. Xarkiv
«24 fevralga qadar men o‘zimni dunyodagi eng baxtli ayol deb bilardim. Ba’zida o‘zimga ham hasad qilganman».
33 yoshli Oksananing – uni yaqinlari Ksyusha deb atashadi – mehribon oilasi, muvaffaqiyatli biznesi, tez-tez sayohat qilish imkoniyati, o‘z uyi, yangi mashinasi bor edi. 2021 yil dekabrida Oksana sevimli insoniga turmushga chiqadi, 2022 yilning 23 fevral kuni esa yangi qurilgan uylardan sotib olgan kvartirasi kalitlarini oladi.
Shu kuni u shaharni uzoq aylanadi – ta’mirlash ishlari uchun kerakli materiallar tanlaydi, mebel buyurtma qiladi. Kech kirganida, avtomobilini garajga olib kirayotganida, Oksana benzin juda kam qolganini payqab qoladi. «Ertaga quyib olaman», deya xayol qiladi u.
Ertalab Oksana soat beshga yaqinlashganida uyg‘onadi – uning Xarkiv atrofidagi kvartirasining derazalari titrardi, deraza ortidagi avtomobillarning signalizatsiyalari chinqirardi. Ilk soniyada u buni momaqaldiroq va chaqmoq bo‘lsa kerak deb o‘ylaydi.
Oksana derazaga yaqinlashadi va olov ichida qolgan yonilg‘i quyish shoxobchasidan ko‘z uzolmay qoladi. U bu portlash ovozlari ekanini anglaydi – ovozlar shu atrofdagi harbiy qism tomondan kelardi. Atrofda hamma narsa yonardi. Endi Oksanada aslida nimalar ro‘y berayotganiga shubha qolmaydi.
Rossiya armiyasi 24 fevral kuni, urushning ilk kunidayoq shaharga hujum qilgandi. Rossiyadan Xarkivga eltuvchi yo‘llarda, og‘ir texnikalar va artilleriya ishtirokida janglar ketayotgandi. Rus tanklari shaharning shimoliy-g‘arbiy chekkasiga yaqinlashib keladi. Ukraina tankka qarshi majmualari bilan qarshi chiqadi.
Oksana erini uyg‘otadi. Ular tezda kiyinishadi, ustlariga puxovik tashlashadi. Ksyushaning kichik ryukzagiga pasport, telefon va pauerbank (quvvatlagich) joylanadi. Sovuq tashqariga otilib chiqishadi. Atrofda vahimaga tushgan odamlar yugurishardi.
Uyga ukrain tanklari yaqinlashib kelib, ko‘cha bo‘ylab tiziladi. «Otishma bo‘ladi», – deya o‘yladi Oksana. – Hozir biz tomonga otishadi, tanklar javob qaytaradi».
Butun oila shahar chekkasida yashardi – bu eng xavfli joy bo‘lib chiqdi. Shahar markazidagi yerto‘laga ega xususiy uyi bor tanishlarnikiga borishga qaror qilinadi – u yerda portlash ovozlari bu qadar qo‘rqinchli eshitilmasdi. Ketayotib Oksana ular kechgacha, barchasi o‘tib ketguncha yerto‘lada o‘tirishlari haqida xayol qiladi.
U shundan keyin o‘z uyini boshqa ko‘rmaydi.
Ikkinchi kun Oksananing eri do‘konga chiqadi – oziq-ovqat tugagandi. Yarim soat o‘tib u buxanka non va chipslar bilan qaytadi – bular supermarketda topilgan bor narsalar edi. Ona qolgan mahsulotlardan sho‘rva qaynatadi, buxankani teng bo‘lishadi.
Kunlar birin-ketin o‘ta boshlaydi. Har tongda Oksana o‘ylaydi: «Hozir biroz shu yerda o‘tiramiz, kechqurun uyga ketamiz». Ammo kechasi otishmalar davom etadi.
Uchinchi kun Oksana va eri kvartira sotib olgan yangi uyga rossiyaliklar snaryadi kelib tushadi. Shu kuni oila Ksyushaning ota-onasining uyi ham vayron bo‘lganidan xabar topadi.
«Eng qo‘rqinchlisi – bu tun. Sen yotasan, uy ustidan dronlar uchib o‘ta boshlaydi. Ular shu qadar pastlab va shovqin solib uchadiki, hozir tomga urilib ketadi deb o‘ylaysan. Qo‘rquv ichida yotasan, titraysan va qaltiraysan. Polga yiqilasan, qo‘llaring bilan boshingni yopasan va tushunasan: bu shunchaki o‘zni saqlash instinkti, bu yordam bermaydi».
Oksana har yarim soatda sakrab turmasdan, normal uxlashni, dush qabul qilishni, normal ovqat yeyishni orzu qilardi.
Bir haftadan keyin yana boshpanaga qaytib tushishga ortiq toqat qolmaydi. Ksyusha karavotda yotar va o‘ylardi: nima bo‘lsa bo‘lsin. Raketa tushadimi – tushsin. Yashirinishga ortiq kuch qolmadi. Sevimli ishingga shuncha e’tibor va mehnat ajratasan. Haftasiga yetti kun, 24 soatdan ishlaysan. Barchasidan bir soatda mahrum etishadi.
Keyingi kuni snaryad Oksananing yana bir uyiga, ko‘chishdan oldin yashagan uyga tushadi. Kvartira omon qolmaydi.
Oilada janjallar chiqa boshlaydi – hech qanday sababsiz. Odamlar jazavaga tushadi, asablar dosh bermaydi, tajovuzkor va jahldor bo‘la boradi. Oksana eri bilan shunday qattiq janjallashadiki, ikkisi ham qizishib, ajrashish haqida baqira boshlashadi. Keyin divanga cho‘kishadi: «Urush, bizga qiyin, kel, urushmaymiz».
Yerto‘lada kechgan ikki haftadan keyin shahardan ketishga qaror qilishadi. Otishma va bombardimonlar ostida Ksyusha va turmush o‘rtog‘i garajga yetib oladi. Mashina butun turgandi – ammo benzin qariyb yo‘q edi.
Yaqindagi shoxobchada uch soat navbatda turishadi – benzin yetmaydi. Keyingisida yana uch soat navbat – va yana samarasiz.
Uchinchi zapravkada Oksana navbatda oxirgi edi, ammo undan oldinda – faqat olti mashina bor edi. Shu vaqt xodim chiqadi va ovoz kuchaytirgich orqali e’lon qiladi: «Bizda atigi 150 litr qoldi». Yana unga yetmaydi.
Oksana ko‘zda yosh bilan yugurib chiqadi va navbatda turganlarga o‘tina boshlaydi: «Iltimos, kelinglar bo‘lishaylik. Hammaga yetishi uchun har bir mashinaga 20 litrdan bo‘lsa ham!»
Oksanaga 20 litr quyib berishadi – bu zapravkada qolgan oxirgi benzin edi.
Shaharni otishmalar ostida tark etishadi. Aniqrog‘i, Dnipro tomon yo‘lning dastlabki 50 kilometri Xarkivdan jo‘nab qolishga uringanlar chiqqan son-sanoqsiz mashinalar tirbandligi bilan bosib o‘tiladi.
Dniprogacha masofa – jami 220 kilometr uch soatlik yo‘l hisoblanadi. Oksana esa eri bilan kun davomida yo‘l bosadi. Yo‘l tinch emasdi. Shu kunlarda qor yog‘gan, mashinalar muzlagan yo‘lda sirpanar va aylanib ketar, bir-biri bilan to‘qnashardi.
Shaharga yaqin qolganida kapot ostidan qora tutun chiqa boshlaydi. Mashina zirillab ketadi. Adoqsiz tirbandlik o‘rtasida turib, mashina ko‘p yura olmasligini tushungan Ksyusha qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib, harakatlana boshlaydi, yo‘l-yo‘lakay tirbandlikda turganlardan uzr so‘rab boradi.
Baribir yetib borishga ulgurmaydi – avtomobil to‘xtab qoladi. Yaqin shoxobchagacha uni itarib borishga to‘g‘ri kelardi – dvigatel yonib ketgandi.
Oksana avtomobilga – o‘z puliga sotib olgan ilk mashinasiga, baxtli hayotining bir bo‘lagiga qaraydi. U urush o‘chog‘idan olib chiqa olgan yagona qimmatli narsasi endi – bir uyum metallolomga aylangandi.
Qaltirayotgan qo‘llari bilan Oksana Xarkivda qolgan otasining raqamini teradi va undan kelishni so‘raydi. Sovuq va bo‘shab qolgan shoxobchada soatlab kutib turadi.
Ota oilani Dniproga eltib qo‘yadi. Bu yerdagi odamlar ko‘chalar bo‘ylab erkin yurar, oziq-ovqat sotib olar, yonilg‘i quyish shoxobchalarida haydovchilar stakanlarda qahva ho‘plardi. «Biz esa kimsasiz oroldan qochib kelgan yovvoyilar kabi edik».
Keyingi kuni Oksana otasi bilan shaharni kezib evakuator qidiradi – ular yo‘lda tashlab kelingan mashinani olib kelib, tuzatmoqchi edi. Evakuator topiladi, ammo keyingi ikki haftada Oksana mashinani Dniprodagi barcha ustaxonalar bo‘ylab sudrab yuradi: urush tufayli hech kim tuzatib bera olmasdi – ehtiyot qismlar yo‘q edi.
15 mart kuni Rossiya Dniprodagi aeroportga zarba beradi. Raketalar uchish-qo‘nish polosasini vayron qiladi va terminalga ham shikast yetkazadi.
Keyingi kuni Oksanaga qo‘ng‘iroq bo‘ladi. Shikastlangan aeroport oldidagi ustaxonadagilar mashinani tuzatishga va’da berishadi – ular to‘rt ming dollar evaziga ishlatilgan dvigatelni Odessadan olib kelib o‘rnatib berishga tayyor edi.
«Qo‘rqmasang, olib kel», deyishadi ustaxonadagilar.
«Men uni shunchaki bir uyum temir-tersakdek tashlab yuborgandan ko‘ra, tuzatib, uch kopeykaga bo‘lsa ham sotishga qaror qildim. O‘zimning so‘nggi jamg‘armamni mashina uchun sarfladim». Avtomobil tuzatiladi va sotiladi.
Oksana eri va ota-onasi bilan tanishlarining Dnipro yaqinidagi hovlisiga joylashadi. Bu xilvatdagi kichik uycha edi: bir tomoni – o‘rmon, boshqa tomonida – daryo irmog‘i. Eng yaqin do‘kon – besh kilometr masofada. Yaqindagi uylardan biridan xonadon tuxumi va kartoshka sotib olish mumkin edi. Bu yerda Oksana ilk marta toza kiyimlarini kiyib oladi.
Bu yerni o‘qqa tutishmasdi.
«Bu ham miyaga bosim o‘tkazadi. O‘tirasan va o‘ylaysan: barchasi vayron bo‘lgan, qaytadigan joyning o‘zi yo‘q, oldinda nima kutayotgani – tushunarsiz. Chiroyli hayot bor edi va bir lahzada gadoga aylandim. Pul yo‘q, uy yo‘q – hech narsa yo‘q. Muvaffaqiyatli hayot va bularning bari o‘rtasi – bir kun, 24 fevral. Hayot esa davom etmoqda. Men tushundim: ortga qaytib bo‘lmas ekan, oldinga yurish kerak».
Aprel oyi boshida eri Oksanani Dnipro atrofidagi qishloqdan Ukraina g‘arbiga, Ruminiya bilan chegaraga olib boradi. Ammo uning o‘zi buyog‘iga unga hamrohlik qila olmaydi.
Oksana chegaradan yolg‘iz o‘tadi. U tomonda duch kelgan ko‘ngillining oldiga boradi. Uni baptistlar cherkovi tomonidan ochilgan qochqinlar uchun markazga joylashtirishadi. Maydoni uch metrga uch metr bo‘lgan xonada sakkizta o‘rin bor edi, erkaklar va ayollar birgalikda yashardi. Ammo har kuni uch marta ovqatlantirishar, almashtirish uchun kiyim berishardi.
Urush boshidan buyon Oksananing Avstraliyadagi tanishi uni o‘z oldiga chaqirardi. Internetda Oksana Avstraliya ukrainaliklar uchun maxsus viza bera boshlaganidan xabar topadi. Bir necha kun o‘tib u Avstriyaga yetib boradi, bu yerdan esa – Germaniyadagi aeroportga o‘tadi va Melburnga reysga o‘tiradi.
Melburnga kelganining uchinchi kunida Oksana qurilish kompaniyasi xo‘jayinining personal assistenti sifatida ish boshlaydi. Ikki oy o‘tib alohida yashash uchun joy topadi va bu yerda hozirga qadar yashab kelmoqda.
Uning oilasi Ukrainada qolishga qaror qilgan. Ular Dnipro yaqinidagi qishloq uyida yashashda davom etmoqda, ammo ota-ona qadrdon Xarkivga talpinadi. Ular bir necha bor jonajon uylarini ko‘rish uchun borib kelishgan. Binoning bir qismi yonib ketgan, zinalar proleti birinchi qavatdan to‘qqizinchi qavatgacha qulagan. Ularning kvartirasi beshinchi qavatda osilib turadi. Ular kran yollashadi va «Sikstin Madonnasi»ni olish uchun ko‘tarilishadi. Ular eshikni ochishadi va bo‘shliq qarshisidan chiqishadi.
Oksana Rossiyadan bo‘lgan qarindoshlari bilan muloqot qilishni to‘xtatgan. Ular unga «ukrainlar o‘zlari o‘zinikilarni otishayotgani», «yerto‘ladagi hayot – bu uydirma ekani»ni yozishadi. Sochidagi qarindoshi unga shunday yozadi: «Internetdan olingan feyklarni tarqatishni bas qil». Ksyusha javob beradi: «Bu men o‘zim olgan fotosurat».
«Qaysidir pallada men o‘ylab qolaman: men ulardan nafratlanaman, nafratlanaman, ular mening butun hayotimni barbod qilishdi. Ammo keyin tanishim shunday deydi: ich-etingni yeb bitirmaslik uchun yuragingdagi butun nafrat va jahlni yo‘q qilishing kerak. Agar sen bu orklarga nafratingni o‘zingda qoldirsang, sen doim bu haqda o‘ylab yurasan va bu seni tamom qiladi. Hayot shunday. Biz buning baridan o‘tamiz. Va hozir men o‘ylayman: demak, bularning barchasi shunchaki emasdi. Men bu xalqqa nafrat saqlamaslikka harakat qilaman».
Anna. Zaporijjya
45 yoshli Anna 23 fevral kuni stol tuzaydi. Ukrainada bu bayram kuni hisoblanmaydi, ammo u turmush o‘rtog‘ini «eskichasiga» tabriklamoqchi edi.
Kechki ovqatdan keyin 12 yoshli qizi Yevani uxlashga yotqizgach, Anna eri yoniga yotadi va ertangi kun qilinadigan ishlar ro‘yxatini varaqlaydi: qizini maktabga, keyin – repetitorlarga olib borish kerak, yana uy yumushlari.
Soat to‘rtlar atrofida Anna erining hayqirig‘idan uyg‘onib ketadi: «Anya, urush boshlandi!»
«Men chuqur uyqudan uyg‘onib ketdim. O‘tirdim va hech narsani anglamayotganimni tushundim. Televizorni yoqdim, unda – qo‘rqinchli film bo‘layotgandi. Albatta, mish-mishlar bor edi. Ammo biz bunday bo‘lishi mumkin emas deb o‘ylagandik. Buni aqlimizga sig‘dira olmasdik, shuning uchun hech kim ishonmasdi. Endi esa – shok. Nima qilish kerak? Qayerga qochish kerak? Televizorda – bombalar uchmoqda, chinqiriqlar, o‘limlar. Dahshat».
Rossiyalik harbiylar shu kuni Ukrainaga Rossiyadan, Belarusdan va annexia qilingan Qrimdan bostirib kirishadi. Rossiyaliklar Kiyevni, Chernihivni, Mariupolni, Xersonni, Xarkivni, Sumini va boshqa shahar hamda qishloqlarni o‘qqa tutishadi.
Zaporijjyada nisbatan tinchlik hukmron edi.
Annaning xususiy uyi – shahar tashqarisida, Moskva – Simferopol trassasi bo‘yida joylashgandi. Shahardagilar shunday joylashuvi tufayli uy birinchi nishonga aylanishi mumkinligini aytishadi.
Shaharda mudofaaga tayyorgarlik ko‘rish boshlanadi. Yo‘llarda tankka qarshi to‘siqlar paydo bo‘ladi, qum to‘ldirilgan qoplardan mudofaa istehkomlari barpo etiladi. Do‘kon egalari derazalarni faner bilan to‘sishadi, uylarda esa Molotov kokteyllari tayyorlash boshlanadi.
Barcha rejalar bekor bo‘ladi. Yeva maktabga bormaydi. Uyda barcha narsa muzlagan, sukunat hukmron edi. «Qora kun. Xuddi motamdek, – deya tasvirlaydi o‘sha kunni Anna. – Eslayman, har safar 9 may kuni buvim harbiy filmlarni tomosha qilar va kun bo‘yi yum-yum yig‘lardi. Men o‘shanda buni to‘liq tushunmaganman…»
Oila filmlar o‘rniga televizor tomosha qiladi. Rossiya qo‘shini Mariupol va Xersonni qamal qilayotgan, Chernihivga yaqinlashib kelgandi. Kiyev atrofida janglar ketayotgandi.
Anna oziq-ovqat olish uchun uydan chiqadi. Mahalliy bozorda odamlar don va bo‘tqa mahsulotlarini g‘amlayotganiga guvoh bo‘lib u shunday o‘ylaydi: «Agar tepadan bomba tushayotgan bo‘lsa, endi kasha kimga kerak?»
U shundan keyin uydan ko‘p chiqmaslikka harakat qiladi.
Televizorda favqulodda vaziyatlar uchun chamadon haqida eslatishadi. Anna hujjatlar, pul va birinchi galda zarur bo‘luvchi buyumlarni yig‘adi.
Televizorda aviatsiya uchun oriyentir bermaslik uchun yorug‘likni o‘chirib qo‘yish zarurligi haqida aytishadi. Anna birinchi qavat derazalarini yopadi va lampani o‘chiradi. Fevralda erta qorong‘i tushardi.
Trevoga signali chalinadi va oila qo‘shni yerto‘laga chopadi. Anna matraslarda va polda yotgan bolalarga qarab chiqadi va o‘z qizi Yevani topadi. Jim turishadi. Tinchlantiruvchi dorilar ichishadi.
«Anna, men ketaman, – Kiyevdagi dugonasi qo‘ng‘iroq qiladi. – Bu yerda barcha narsa tutun ichida, sirenalar tinmayapti. Men bilan ketasanmi?»
«Yo‘q, men qayerga ham borardim. Bir-ikki haftadan keyin ular qandaydir til topishadi va barcha tinchlanadi».
Mart oyi boshiga kelib tushunarli bo‘ladi: vaziyat tinchimaydi. Oilaviy kengashda Anya Yevani olib, xorijga ketishi va Belgiyadagi tanishinikida qolishi bo‘yicha qaror qabul qilinadi.
Keyingi kun tongida temiryo‘l vokzaliga chiqishadi. Anna o‘z posyolkasiga kirish joyida o‘rnatilgan to‘siqlarga, qumlar uyumidan qilingan mudofaa istehkomlariga, tambalab tashlangan derazalarga qarab yig‘lab yuboradi. Yeva – esa yo‘q.
Ular o‘zi bilan kichikkina chamadon olishgandi. Ichida - tish cho‘tkalari, ikkitadan jinsi, futbolkalar, krossovkalar, shampunlar.
Perronda olomon yig‘ilgandi. Poyezd bo‘ladimi? Agar bo‘lsa, qachon? U qayerga eltadi? Ular vagonga chiqa olishadimi?
Odamlar so‘kinishardi: kimdir platformaga ulkan va ichi liq to‘la chamadon olib kiradi. «Bu sandiq o‘rniga poyezdga to‘rt kishi sig‘ishi mumkin!» – deydi to‘planib turganlardan biri.
Yaqinlashib kelayotgan poyezd ovozini eshitib, odamlar jonlanib qolishadi. Elektrichka kirib keladi – odamlar baxtiga u bo‘sh edi.
Odamlar ichkarini to‘ldira boshlaydi. Hamrohlik qilib kelgan erkaklar o‘z rafiqalariga joy yetmay qolmasligidan xavotirlanib, ularni vagon ichkarisiga kuch bilan itara boshlaydi.
Ichkarida odatiy hayot tarzidagi qonunlar ishlamasdi – hech kim katta yoshlilarga yoki yosh bolalarga joyini bo‘shatib berish haqida o‘ylamasdi. Yosh bolalar oyoqlarini ostiga yig‘ishtirgan holda polga yotishadi. Qariyalar devorga tisarilib turishadi. Katta yoshlilar tik turishadi.
Hojatxonaga kirish uchun ikki soatgacha kutish kerak edi. Anna Yevani ichkariga kiritadi va yana o‘zi uchun navbatga turadi.
Deraza ortida tezda qosh qorayadi. Daraxtlar miltillab o‘ta boshlaydi. Poyezd qayerga ketayotganini tushunish qiyin edi - barcha yo‘lko‘rsatkichlar mato yoki fanerlar bilan o‘rab yopib qo‘yilgandi. Odamlar telefon orqali xaritaga kirishga harakat qilishadi, ammo yo‘lovchilardan telefonlarni o‘chirish so‘raladi – evakuatsiya poyezdi harakati hech kimga ko‘rinmasligi kerak edi.
Lvivgacha hali uzoqmi? «Yana sakkiz soatlik yo‘l», – javob qaytaradi bort kuzatuvchisi.
Uch soat o‘tadi: «Yana qancha qoldi?» – «Yetti soat».
Qo‘shni vagonda ayollardan birini to‘lg‘oq tutadi.
40 soat o‘tib elektrichka Lvivga yetib keladi. Vokzalda ularni ko‘ngillilar kutib oladi. Anya va Yevani qochqinlarni qabul qilish punktiga aylantirilgan sobiq internat binosiga olib boradi. Har bir kishiga matras berishadi, ovqatlantirishadi, cho‘milib olish imkoni bo‘ladi.
Keyingi kun tongida Anna chegaragacha taksi chaqiradi.
«Polsha bizni bunday kulfatli kunda eng qadrdon kishidek, onadek kutib oldi. Ular lager qurishdi, bizni ovqatlantirishdi, suv berishdi, mehmonxonalardan tekin xona berishdi, transportdan yordam qilishdi».
Anna Polshadan Belgiyaga yetib oladi, bu yerda uni tanishi Olga uyiga qabul qilishga rozi bo‘ladi.
Olga ham asli Zaporijjyadan bo‘lib, anchadan buyon Antverpenda yashaydi, mahalliy kishiga turmushga chiqqan. Anna Olga «putinparast» ekanini oldindan bilgani va unikida ko‘p vaqtga qolishni rejalashtirmaganini aytadi.
Olganing turmush o‘rtog‘i Annaning fikrlarini qo‘llab-quvvatlaydi – gugl-tarjimon orqali. Olga siyosatga aralashmasligini bildiradi.
Ammo bir hafta o‘tib kechki ovqat ustida bahs boshlanadi.
«U boshladi: «Sen sakkiz yil qayerda eding?» Olya xola, siz juda yaxshi bilasiz, bu odamlarning barchasiga jonim achiydi, ammo bu ikki vaziyatni solishtirmang. Hozir keng ko‘lamli urush ketyapti. Unga fotosuratlarni ko‘rsatdim. U yana aytadi: «Sen buni o‘z ko‘zing bilan ko‘rdingmi? Sening uyingni bombalashdimi? Sen shaxsan shunaqasini ko‘rdingmi? Bularning bari sahnalashtirilgan».
Kichik Yeva qo‘shni xonaga chiqib ketadi, ayol uning ortidan ergashadi va eshikni ichkaridan yopib oladi.
«Olga eshikni ochadi va deydi: '*** [yo‘qol] mening uyimdan. Men sizlarni ko‘rishni va bilishni istamayman. Siz sakkiz yil qayerda edingiz? Sakkiz yildan buyon bombardimon qilingan o‘sha odamlarga beparvo bo‘lgan bo‘lsangiz, uydan chiqib keting'».
Kech tushgan, soat sakkizlar atrofida edi. Anna Yevropada boshqa hech kimni tanimasdi. Ular Yeva bilan bor narsalarini chamadonga joylashadi va tashqariga yo‘l olishadi.
Olga esa o‘ziga kelib, mehmonlarni tashqariga qo‘yib yuborishni istamaydi. Ular ko‘chaga chiqib ketmasligi uchun u Annaning kurtkasini olib qo‘yadi. Anna kurtkasiz ketishga qaror qiladi.
U Yeva bilan bekatgacha borishadi. Ularda xarita yo‘q edi, internet – yaxshi ishlamasdi, ikkisi ham mahalliy tilni bilishmasdi. Vokzalga borishga qaror qilishadi – bu yerda tekin internetdan foydalanish mumkin bo‘lgan kafe bor edi. Anna uyga qaytish haqida o‘ylaydi: «Adashib qolgandan ko‘ra, o‘q ostida o‘tirgan yaxshidir».
Telefondan u ukrainlarga yordam uchun ochilgan guruhga yozadi. Bu yerda qandaydir erkak javob qaytarib, o‘zi bilan ketishni taklif qiladi. Annaga bu taklifga rozi bo‘lish qo‘rqinchli edi. Yarim tun keladi.
Bo‘shab qolgan kafedagi sukunatni begona ovoz buzadi: «Anya, bu sizmi? Men uxlashga yotib bo‘lgandim, keyin sizning xabaringizni o‘qib qoldim, taksi tutdim va siz vokzalda tunashingizga yo‘l qo‘ymaslik uchun oldingizga yo‘l oldim». Notanish qiz Anya va Yevani uyiga olib ketadi.
Tongda – yana feysbuk, ko‘ngillilar chatlari, yordam guruhlari.
Vaqtincha – ikki haftaga – rossiyalik Zoya ona va qiziga boshpana berishga rozi bo‘ladi. Ko‘ngillilar bu vaqt ichida unga doimiy yashash uchun uy topib berishni va’da qilishadi.
Ular ikkisi ham 60 yoshdan oshgan va farzandi 10 yoshdan oshgan ona va bolani qabul qilishga rozi bo‘lgan juftlikni topishadi. Anyaga oilaning fotosuratini ko‘rsatishadi. Fotoda ikki itni ko‘rgan Yeva onasini taklifni qabul qilishga ko‘ndira boshlaydi - u Zaporijjyada qolgan o‘z itini juda sog‘ingandi.
Yangi uyda ularga pastki qavatni (yerto‘la) berishadi. Uy egalari odatda bu yerda bilyard o‘ynashgan, trenajyorda sport bilan shug‘ullanishgan va televizor ko‘rishgan. Annaning kelishiga ular bu yerga karavot o‘rnatishadi. Bu yerning derazalari yo‘q edi.
Uy egalari doimo bir gapni takrorlardi: «Nou stress, nou stress» (Tushkunlikka berilma). Ular bilan muloqot qilish qiyin edi - Anna barcha gapga javob qaytarishga harakat qilardi: «Danke, veri gut» (Rahmat, barchasi yaxshi).
Bir necha kun o‘tib uy egasi Annaga tanbeh beradi: uni «juda ko‘p sovun ishlatish» va dushdan keyin vannadagi suv oqib ketadigan joyni yaxshilab tozalamaslikda ayblaydi.
Bir haftadan keyin erkak kechki ovqatdan keyin undan so‘raydi: «O‘zingizni qanday his qilyapsiz?» - «Danke, veri gut». Erkak gugl-transleytga shunday yozadi: «Biz esa o‘z uyimizda o‘zimizni yomon his qilyapmiz. Bilasizmi, o‘rtamizda shu vaqtgacha hech qachon bahs bo‘lmagandi».
«Sizni tushundim, - xo‘rsinadi Anna. - Men o‘zimga boshqa joy izlashim kerak. Biz yana bir kecha qolsak maylimi?» Uy egalari rozi bo‘lishadi.
Butun kechani Anya ko‘ngillilar bilan chatlarda o‘tkazadi. Oxiri Anya va Yeva Bryusselga ketadigan bo‘ladi - u yerda nimadir topish mumkin edi.
Tongda Anna oshxonaga ko‘tariladi. U o‘zi sotib olgan mahsulotlarning barchasi allaqachon paketga joylab qo‘yilganini payqaydi. Vannadan esa uning barcha sochiqlari olib qo‘yilgandi. Uning kurtkasi eshik oldidagi stulda yotardi. «Siz bugun ketishingiz kerakligini bilasiz-a?» - so‘raydi uy egasi bo‘lgan ayol.
«Sizni vokzalga olib borib qo‘yaymi?» - deya qiziqadi uning eri. «Yo‘q, - deya uning so‘zini bo‘lib qo‘yadi ayol. - Bekatgacha».
Yana - noma’lumlik. Yana - vaqtincha yashash joylari. Bryusselda ularni «muammo va mojarolarsiz, shunchaki oddiy oila» kutib oladi. Ular Anna va Yevaga erkinlik va bo‘shliq berishadi, ammo vaqt bera olishmaydi, shu tufayli tegishli muddat ichida o‘zi ketishi kerak edi.
«Men yana ko‘ngilli qizga yozaman. Men barchasini to‘g‘ri tushunaman: u ijtimoiy xodim emas, u shunchaki oddiy odam, uning o‘zining ham uyi yo‘q. Ammo men vokzallar va vaqtincha kvartiralar bo‘ylab kezishdan juda charchadim. Menda kuch qolmadi. Menda shunday hissiyot bo‘lgandiki, bizni xuddi chamadonlarni irg‘itgandek irg‘itishmoqda. Biz axir o‘yinchoq emasmiz…»
Belgiyadagi bir oila Anya va Yevaga boshpana berishga rozi bo‘ladi - bu juda kichik xona, ammo ularning o‘ziniki bo‘ladi. Bu yerda faqat ikki karavot va Yeva dars qilib, ovqatlanishi mumkin bo‘lgan stol sig‘ardi. Hatto shkaf yo‘q edi, lekin mitti oshxona bor edi. Buyumlarning asosiy qismini hamon chamadonda saqlashga to‘g‘ri keladi.
Belgiyaliklar Anna va qizi bu yerda yarim yil muddat tekinga yashashi mumkinligini aytishadi. Olti oy tugaganidan keyin Anna joy uchun pul to‘lay boshlaydi.
Keyingi oylarda Anna fransuzchani o‘rgana boshlaydi, Yeva esa mahalliy maktabga qatnaydi.
Hozir Anya urushning ilk oylaridagi kabi ko‘p yig‘lamaydi. Onasining so‘zlariga ko‘ra Yeva uning ko‘z-yoshlariga e’tibor berishni bas qilgan - qizaloq uyi va sevimli itini sog‘inadi.
«Men unga aytaman: bu u yerda barchamizni o‘ldirishlaridan yaxshiroq. Yoki nogiron, qo‘lsiz, oyoqsiz qolishdan. Bu yerda, albatta, daydiysan, burchak izlaysan… ammo baribir. Biz bungacha ham kuchli edik, endi yanada kuchliroq bo‘ldik. Bu yerda chiqish yo‘lini topish mumkin. Ukrainada esa bomba keladi - va barchasi tamom».
Anya eri Sasha bilan har kuni qo‘ng‘iroqlashadi. Fevral oyidagi suhbatlardan birida Sasha bir kunda 17 marta zarba kelganini aytdi.
Natalya*, Mariupol
Fevralda Ukraina armiyasi harbiy xizmatchisi Yevgeniyning* ahvoli yomonlashadi. Uni shoshilinch operatsiya uchun Dniproga olib ketishadi, uning 52 yoshli turmush o‘rtog‘i Natalya Mariupolda yolg‘iz qoladi.
Natalya va Yevgeniyning farzandlari - ikki o‘g‘li - allaqachon o‘z hayotini qurgan va boshqa shaharlarda yashashardi. Kichigi 25 yoshga to‘lgan, 23 fevral kuni u onasini ko‘rish uchun Mariupolga kelgan va o‘ziga yangi pasport olgandi. «Uni Xudo yubordi», - deydi Natalya.
Keyingi kun ertalab soat to‘rt atrofida Natalya akasining qo‘ng‘irog‘idan uyg‘onib ketadi. «Natash, urush boshlandi», deydi u go‘shakka.
U shokka tushmaydi. Ko‘p yillar Luhanskda yashagan Natalya nima qilishni bilardi. U eng yaqin bankomatga boradi va naqd pul yechib oladi - ko‘p o‘tmay pul qolmasligi tayin edi. Keyin ishga ketadi.
«Men maktabda ishlayman. Men bormasligimning iloji yo‘q edi, u yerga bolalar kelishi mumkin edi. Soat yettilar atrofida, allaqachon ishda ekanimda «kelmanglar» buyrug‘i berildi. Barchaga uyga qaytish buyrug‘i berildi.
Rossiya urushning ilk kunidan Mariupolni o‘qqa tuta boshlagandi, ammo Natalyaning xotirlashicha, 24 fevral uni u yashaydigan shahar markazida ancha tinchlik hukm surardi.
U narsalarni yig‘ishtirib, qayergadir qochishga to‘g‘ri kelishiga ishonmagan. Kechasi Yevgeniy jonlantirish xonasidan turib qo‘ng‘iroq qiladi: «Agar olib ketishga borishsa, ketinglar». O‘g‘il onasining oldiga keladi: «Ona, biz bir uyimizni tashlab keldik. Ikkinchisini tashlab ketishni istamayman».
Shahardan evakuatsiya poyezdlari chiqa boshlaydi, ammo, keyinroq shahar rasmiylari aytib berishicha, o‘shanda sostavlar yarmiga ham to‘lmagan.
«Biz odamlar bilan shaharni tark etish imkoniyati haqida gaplashdik, ammo ko‘pchilik bundan foydalanishga mayl bildirmadi. Kelinglar, to‘g‘risini aytamiz - faqat men emas, mariupolliklarning ko‘pchiligi urush 2014 yildagi kabi bo‘lishini o‘ylashgan. Otishadi, otishadi va kelishiladi. Va barchasi tinchlanadi, bu holda nima uchun ketish kerak? Bu butunlay boshqacha urush ekani ma’lum bo‘lganida esa - kech bo‘lgandi. Dushman shaharni o‘rab oldi», - deydi keyinroq shahar meri Vadim Boychenko.
Urushning ikkinchi kunida elektr ta’minotida uzilishlar boshlanadi. Isitish tizimi o‘chadi. 28 fevral kuni Mariupol butkul toksiz qoladi - amalda urushning keyingi to‘qqiz oyi davomida. Mart oyi boshida Rossiya armiyasi shaharni blokada qiladi. Ukraina bir necha bor aholi evakuatsiyasi uchun yashil yo‘lak ochish bo‘yicha kelishuvga erishishga urinadi, ammo samarasiz.
Turar joylar hovlilariga snaryadlar uchib kela boshlaydi. «Ahmoqligimiz tufayli ulardan unchalik qo‘rqmasdik. Biz ular o‘ldiradi deb o‘ylamaganmiz shekilli. Qayergadir snaryad kelib tushsa - ko‘rish uchun borardik. Va o‘ylardik: o xudoyim, bu yerda bitta mashina shikastlanibdi, mana oynalari to‘kilib yotibdi».
Natalya yashagan uy derazalari hali butun edi, shuning uchun xonada issiqlik saqlanardi. Ichkarida harorat - 16 daraja atrofida edi. Ammo kun o‘tgan sayin harorat bir-bir yarim darajaga pasayib, butun oynalar soni esa kamayib boradi.
Natalya mart oyi o‘rtalarida, telefoniga to‘lqin izlab sakkizinchi qavatdagi uyi balkoniga chiqqanida birinchi bor qattiq qo‘rqib ketadi. Balkonda turib u ilk bor Z belgisi aks etgan tankni ko‘radi.
«Jyen, - deya u telefon orqali eridan so‘raydi. - Z harfi - sizlarniki emasmi?»
Bu 16 mart - bombalar Mariupoldagi yuzlab kishilar boshpana tutgan teatr bombardimon qilingan kun edi. O‘sha kuni tashqi dunyo bilan aloqa butkul uziladi.
Natalya o‘g‘li bilan tamburga (bino tomining gumbaz qilib ishlangan qismi) - derazalarsiz, bir tomoni lift shaxtasiga tutashgan xonaga ko‘chib o‘tadi. Polga penka va adyol to‘shashadi.
Yanada kuchliroq o‘qqa tuta boshlashadi - oskolkalar kvartiralar derazalariga uchib keladi. Bir safar tongda uyining mehmonxonasiga o‘tgan Natalya devorda teshik paydo bo‘lganini ko‘radi - bu u odatda o‘tirib televizor ko‘radigan joy edi.
19 mart kuni Z harfi aks etgan tank Natalyaning uyiga zarba beradi. U va o‘g‘li polga yiqiladi. Omon qolishadi.
Natalya ko‘chaga chopib chiqadi - qayerdir yonmayotganini qarash uchun. Qo‘shni pod’yezdda yong‘in chiqqandi. Natalya yerto‘ladagilarga qarab baqiradi: «Yigitlar, sizning pod’yezd yonyapti, ketdik!» Bir ayol boshini ko‘tarib qaraydi: «Xudoyim. Bu mening kvartiram. U yerda onam va mushugim qolgan».
Zarba to‘g‘ri uyga kelib tushgandi. Kvartira boshdan oyoq yonib ketadi.
Qo‘shnilar boshqa kvartiralarga o‘tib ketmasligi uchun yong‘inni o‘chirishga harakat qilishadi, ammo olov yuqoriga qarab o‘rlaydi. Uni to‘xtatish uchun tashlab ketilgan boshqa kvartiralarning eshiklarini sindirishga to‘g‘ri keladi. Tun bo‘yi navbatchilik qilinadi.
«Biz panelli uy uch kun yonishini bilardik. Atrofni shunday uylar o‘rab turardi. Bunday uylar asta-sekinlik bilan yonar, o‘zgaruvchan shamol esa uni yanada alangalatardi. Biz uch kun qo‘shni uydagi qora tutunni kuzatdik. Hatto ufq ham qora tusda edi».
Natalyaning kvartirasi ham shikastlanadi. Bu yerda qolib bo‘lmasdi va unga qo‘shni besh qavatli uyda boshpana berishadi.
Ular uydan chiqmaslikka harakat qilishadi - faqat pod’yezddan bir necha metr masofadagi qo‘lbola plitada choyga suv qaynatish uchun chiqilardi. Choynak yuqoriga olib chiqilguncha suv sovib qolardi. Suv tugaydi. Ba’zida ular yarim vayrona do‘konlarga kirib chiqishadi.
Uy juda sovib ketadi - harorat nol daraja atrofida saqlanib turadi, tunda esa -4 darajagacha tushadi. Qariyalar taom borligida ham yeyishdan bosh tortishadi va yerto‘lalarda jon berishadi. Natalya birinchi bo‘lib vafot etgan keksa ayolni eslaydi. Uning jasadini tashqariga olib chiqish juda qo‘rqinchli edi - atrofda otishma tinmasdi. Qo‘shnilar birgalikda uni baribir yerga qo‘yishadi, ozgina qazishadi va ortga qochishadi.
Jasadlar soni ko‘paya boradi. Yonib ketgan jasadlarni uydan uzoqroqqa, yo‘l bo‘ylariga olib borishga harakat qilishadi.
«Men o‘lim haqida o‘ylamasdim. Nima bilandir shug‘ullanishga urinardim. Ustimdan kulishardi, ammo men har kuni pod’yezdni tozalashni yoqtirardim. Havo sovuq edi, choy ichardik, ammo qilgani ish yo‘q edi. Men esa supurishga ketardim. Har kuni - yoki derazalar to‘kilar, yoki romlar uchib tushar, yoki suvoq ko‘chib tushardi. Supuraman - ikki soatni o‘ldiraman».
Otishma vaqtida bir qismi yonayotgan uy tebrana boshladi. Xuddi kuchli shamol vaqtida arqonli pillapoyani tutib turgandagidek hissiyot edi. Yomg‘ir boshlanganida snaryadlardan biri tomni yorib o‘tib, to‘qqizinchi qavatni vayron qilgani ma’lum bo‘ladi.
Omon qolganlar tepaga ko‘tariladi va endi hech qanday to‘qqizinchi qavat yo‘qligini ko‘rishadi. Shiftlar karavotda yotardi. Yuqorida esa - teshikdan osmon ko‘rinib turardi.
May oyi o‘rtalarida Mariupol Rossiya nazoratiga o‘tdi. Har qadamda hujjatlarni tekshirish ishlari tashkil etildi, lekin hech bo‘lmaganda ko‘chaga chiqish mumkin edi. Natalyaning o‘g‘lidan tashqari hamma - ona uni olib ketishlaridan xavfsirardi.
Natalya vayron bo‘lgan shahar oralab sakkiz kilometr yurib suv uchun borardi - ichimlik suvi Donetskdan sisternalarda olib kelingandi.
Shahardan chiqishda filtrlash postlari o‘rnatilgan. Natalya ketishni istaydi, ammo dastlabki vaqtlarda o‘g‘li uchun xavotir oladi. Avvaliga filtratsiyadan o‘tib, zarur «hujjatlar»ni olishga qaror qiladi.
«Filtrlash markazlari bor edi, bu joylarda odamlar yechintirilar, kamsitilar, to‘liq tekshirilardi. Shuningdek, Donetsk yaqinida qochqinlarga yaxshiroq munosabat ko‘rsatiladigan punktlar ham bor edi. Haydovchi ming rubl evaziga bizni u yerga olib bordi. Bu yerda ortiqcha savollarsiz filtratsiya hujjatlarini qo‘lga kiritdik».
Shahardan chiqishning bitta yo‘li bor edi - Rossiya FVV avtobuslari odamlarni Rossiyaga eltib qo‘yardi. Yozda Natalya o‘g‘li bilan avtobusga o‘tiradi. «Hujjatlar va «filtratsiya» qog‘ozlarini ko‘rsatib, «DXR»dan osonlik bilan chiqib ketdik. Ular shunday deyishdi: «O‘tinglar - ko‘rishguncha».
Rossiya bilan chegarada esa avtobus uzoq turib qoladi.
Natalyaning o‘g‘li muddati o‘tgan ukrain pasportini ko‘rsatadi - u yangi hujjatni olishga ulgurmagandi.
«Shunda qandaydir odamlar kelishdi va o‘g‘limga baqirishdi».
Aytishdi: pasportingning muddati o‘tgan. «Men qanday qilib yangi pasport qila olardim? Tug‘ilgan kunim 25 fevral kuni bo‘lsa».
Boshqa, amal qiluvchi hujjatlar bormi?
Yigit xorijga chiqish pasportini ko‘rsatadi. Kutib turishadi. Chegarachilar o‘zaro nima haqdadir gaplashishadi, qog‘ozlariga nimanidir yozishadi, ammo baribir kirish ruxsatnomasi berishadi.
Barcha erkaklarga avtobusdan tushish buyuriladi va FXX (FSB) xodimlari bilan suhbatga yuboriladi. Ayollar bir necha soat kutib turishadi.
FXXchilar erkaklar o‘tgan vaqt ichida Mariupolda nima bilan mashg‘ul bo‘lishgani va nimalarni ko‘rishganiga qiziqishadi. Telefonlarni ochish talab qilinadi, sinchkovlik bilan tekshiriladi. «Barcha bu protseduralardan juda qo‘rqardi. Hech qachon qayerda kuyib qolishingni bilmaysan, ayniqsa agar telefonda Ukraina tarafdori ekaningni ko‘rsatadigan nimadir bo‘lsa. Shu tufayli yo‘lga chiqish oldidan barcha telefonlarini tozalagandi».
Ayolni o‘g‘li bilan chegaradan o‘tkazishadi.
Chegaradan o‘tilgach, evakuatsiya avtobuslari haydovchilari o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib olishgan. Istaganlar safarni Taganrogdagi lagergacha davom ettirishi mumkin edi, ammo alohida to‘lov evaziga ikkinchi avtobusda Rostovgacha yetib olish taklifi ham bor edi. Natalyaning puli uncha ko‘p emasdi, ammo u qolgan pulini Rostovga olib boradigan avtobus uchun to‘laydi - bu yerda uning qarindoshlari yashardi.
Rossiyada u o‘g‘li bilan o‘n kun o‘tkazadi. Natalya Rostov bo‘ylab yuradi va ko‘radi: odamlar bungacha qanday yashagan bo‘lsa, shunday yashashda davom etmoqda, xotirjam ishiga bormoqda, o‘z televizorini tomosha qilmoqda. Avvaliga Natalya hech narsani his qilmaydi, endi esa, aytishicha, unga o‘shanda qiyin bo‘lgan.
U ko‘ngillilar yordami bilan Rossiyani tark etadi va hozirda Fransiyada yashamoqda. U Mariupoldan o‘zi bilan bir necha oskolka olib chiqqan - «uni o‘ldirishi mumkin bo‘lgan temir parchalari».
Natalya hammasidan ham rossiyalik harbiylarga uning eri ukrain harbiy xizmatchisi bo‘lganini aytmagan qo‘shnilaridan minnatdor.
— U hozir qayerda?
— Erim Ukraina o‘rmonlarida yashamoqda. U butun hayoti davomida mashg‘ul bo‘lgan ishini qilishda davom etmoqda.
Diana, Xarkiv
24 fevral tongida Xarkiv meri shahar aholisiga uydan chiqmaslikni so‘rab murojaat qiladi. Ammo kvartirada o‘tirib, urush o‘tishini kutib bo‘lmasdi. Uzoqlardagi portlashlardanoq devorlar silkinib ketardi.
Hali ham ishlashda davom etayotgan do‘konlarda ulkan navbatlar yuzaga kelgan. Konservalar, suv, sigaret sotib olishardi. Dorixonada ham bir soatdan oshiq navbatda turish kerak edi.
32 yoshli Diana eri va ikki bolasi - to‘qqiz yoshli qizi hamda to‘rt oyli o‘g‘li bilan - Xarkiv markazidagi besh qavatli uyda yashashardi. Uyda qolish xavfsiz emasdi.
Markazda yerosti boshpanalari ko‘p emasdi. Eng yaqinigacha Diananing uyidan yetti daqiqalik yo‘l, bu Yuridik akademiya binosida edi. Yerto‘la anchagina issiq, bu yer qachondir tir sifatida foydalanilgan. Birinchi tunni oila bu yerda yolg‘iz o‘tkazadi. Keyingi tunda esa bu yerda o‘nlab kishilar tunab qolishadi - akademiya talabalari va mahalliy aholi vakillari yetib kelishadi.
Devor bo‘ylab o‘rindiq joylashgan. Bu yerda qornini pastga qilib Diananing katta qizi uxlaydi - junli ishton, pushti paypoq va qo‘lida telefonni mahkam tutib. Uning boshi ustida devorda ko‘plab qurol tutgan erkaklar suratlari aks etgan - bular tirdan qolgan tasvirlar.
Taglik taqqan to‘rt oylik chaqaloq Diana uydan olib kelgan ko‘rpada emaklaydi.
Atrofda notanish kishilar mashg‘ulot gilamlari va penkalar ustiga cho‘zilgan. Ayrimlari o‘zi bilan yostiq va hatto matraslar olib kelishgan.
Diana yerto‘lada o‘tirgancha eri bilan gaplashadi: ketish vaqti kelmadimi? Ammo yo‘llarda aql bovar qilmas tirbandliklar hosil bo‘lgandi. Va tashqari juda qo‘rqinchli edi. Yo‘lda nima kutadi? Bilib bo‘lmasdi. Ketish yerto‘lada yashirinishdan ko‘ra qo‘rqinchliroq ko‘rinardi.
Shu kuni ularning do‘sti uyidan ayriladi - unga snaryad uchib kelgandi. Diana ketish vaqti kelganini anglaydi.
Oila uyga qaytadi, eng zarur narsalarni oladi va shahardan tashqariga, qishloqqa ketadi. Yo‘lda Diana tashlab ketilgan avtomobillarni ko‘radi, ko‘pi - muzlama tufayli avariyaga uchrab shikastlangandi. Ro‘paradan ukrain harbiy texnikalari harakatlanadi.
Diananing qarindoshlari yashovchi qishloqda uning kichik uyi bo‘lib, bu yer tinch, sovutkichda yeguliklar bor edi. Ammo oila qo‘rqinch bilan urush hali yakunlanmasligini anglaydi.
1 mart kuni Rossiya qo‘shini Xarkiv markazidagi Ozodlik maydoniga zarba beradi. Raketalardan biri oblast ma’muriyati binosiga kelib tushadi.
«Menimcha, xarkivliklarning ko‘pchiligi aynan shundan keyin g‘arbga ketishga qaror qildi». Diana - ham. Uzoq yo‘lga, hali emizikli chaqaloq bilan chiqishga qaror qilish oson emasdi.
Oila qandaydir oziq-ovqat mahsulotlarini to‘playdi - qolgan blinchiklar, buterbrodlar va suv. Mart boshlangan bo‘lsa-da, havo hali sovuq edi. Yo‘l bo‘yi qor yog‘ar, mashinaning old oynasida ayozda naqshlar paydo bo‘lardi.
Xarkivliklar yoppasiga o‘z shahrini tark etishga tushgan va yo‘llarda adoqsiz tirbandliklar hosil bo‘lgandi. Diananing eri o‘z mashinasida, qizi, yaqinlari va do‘stlari bilan harakatlanardi. Diana - o‘zinikida, rulni boshqarar, mashinada qaynonasi va do‘stlari bor edi. Emizikli chaqalog‘i ham qo‘lida edi.
Ba’zida kimdir qatordan chiqar va qarama-qarshi yo‘nalishga yoki yo‘ldan tashqariga chiqib, navbatda turgan mashinalarni quvib o‘tishga harakat qilardi. «Shunda ayrim odamlar bita ko‘tarib chiqishdi. Chinakam to‘qnashuv bo‘ldi. Barcha uchun - teng sharoit talab qilindi».
Har yigirma kilometrda - blokpost. Shunda Diana uydan haydovchilik guvohnomasini ham, mashina texpasportini ham olib chiqmaganini bilib qoladi. Ammo bu vaqtda bu hujjatlar hech kimni qiziqtirmas, ukrain pasporti bo‘lishi yetarli edi.
Yegulik tezda tugab qoladi. Sotib olish imkoni ham yo‘q - yo‘l bo‘ylab hali ochiq turgan yonilg‘i quyish shoxobchalarida ham allaqachon barcha narsa tugagandi.
Tunashga joy topish uchun Diana instagramga yozadi - va odamlar e’tibor qaratadi va butun kompaniyani qabul qilishga tayyor bo‘lganlar topiladi.
Yo‘ldagi ikkinchi kunning kechasida navbatdagi blokpostda mashina faralarini o‘chirish buyuriladi. Bu ma’lumot zanjir bo‘ylab tarqaladi - bir mashinadan boshqasiga. Shu vaqtda bu yerga zarba berilishi mumkin edi. Oldinda ham, orqada ham - avtomobillar tizilgan. O‘ngda va so‘lda - adoqsiz dalalar, yalang‘och tekislik, zulmat. «Bolalar bilan mashinada o‘tirasan va kutasan». Ularning omadi keladi.
Yuz kilometr yo‘lni bosib o‘tish uchun yetti soat ketadi. Diana rulni boshqara turib chaqalog‘ini emizadi.
G‘arbga yaqinlashilgani sayin kolonna harakati tezlashadi.
«Navbatda turmasdan, yo‘lda harakatlanayotganingda tezroq yurish kerak, to‘xtash mumkin emas. Shu tufayli bolani yo‘l-yo‘lakay emizishga to‘g‘ri keladi. Biz juda kam uxladik. Kam yedik. Qo‘rqchinchli edi. Biror narsa uchib kelmasligini o‘tinib so‘rardik».
Uch kun o‘tib oila Ternopilga yetib keladi.
«Biz bu yerda bir necha hafta bo‘lamiz, keyin barchasi iziga tushadi, deb o‘ylagandik. Ammo hech narsa joyiga tushmadi».
Ternopilda Diana nimadir o‘zgachaligini tushuna boshlaydi - avvaliga gap stress tufayli deb o‘ylaydi. Dorixonada u homiladorlikni aniqlovchi test sotib oladi. Ikki chiziq ko‘rinadi - shok.
«Qo‘rqinchli. Urush ketyapti, bunday mahalda uchinchi bola? Ammo men atrofga qaradim va hozir bu urushda qancha bolalar halok bo‘layotganini ko‘rdim. Mening boshqacha qaror qilishga ma’naviy haqqim yo‘q edi. Men o‘yladim: hechqisi yo‘q, katta qilib olamiz».
Ternoptilda ancha tinch edi. Ba’zida trevoga sadolari yangraydi va bu vaqtda boshpanaga tushish kerak bo‘ladi. Dastlabki vaqtlarda kechalari «svetomaskirovka» amal qilardi - soat 21 dan keyin svetni yoqishga ruxsat yo‘q edi. Ammo oziq-ovqat do‘konlari ishlab turadi, qaysidir vaqtlarda hatto alkogol sotib olishga ruxsat berildi, kafelar ochildi. Diananing eri ishlashda davom etdi, uning o‘zi esa bolalari bilan ikki oyga Angliyaga ketdi, bu yerda xolasi yashardi.
«Bu biz uchun hamisha ikkinchi uy bo‘lib kelgan. Va bizda qayerga borish bo‘yicha boshqa variant yo‘q edi. Ammo qadrdon uyingni tashlab ketish juda og‘ir. Men o‘zini xavfsizlikda his qilishni istagan, ammo o‘z shahrida, otishmalar ostida qolishga majbur bo‘lgan odamlar haqida o‘ylayman. Nega ular u yerda qolmoqda? Chunki nima qilib bo‘lsa ham yashash kerak. Mamlakatimizda maoshlar u qadar yuqori emas, kvartira uchun to‘lash kerak, oziq-ovqat sotib olish kerak. Albatta, insonparvarlik yordamlari markazlari bor, bu yerlarda yegulik olish mumkin, ammo bir umr konservalar bilan yashab bo‘lmaydi. Urush tufayli juda ko‘pchilik ishsiz qoldi, odamlarga juda og‘ir bo‘ldi».
Londonda nafas rostlab olgach, Diana avgustda Ternopilga, eri oldiga qaytadi.
U urushning ilk kunlarida g‘azab, hatto nafrat va umidsizlik his qilganini eslaydi. Ammo janglar qancha uzoq davom etgani sari, charchoq shunchalik kuchliroq edi.
«Men hamisha qandaydir maqsad, orzular bilan yashaganman. Hozir esa kichik vaqt oralig‘i uchun yashaysan. Kuch kam. Ruhan ham, jismonan ham. Barchasi tezroq tugashini xohlaysan. Va yashashni... yana noldan boshlashni».
Dekabr oyida Ternopilda Diana qiz ko‘rdi. Unga Mayya deb ism qo‘yishdi.
* Qahramonning va uning turmush o‘rtog‘ining ismlari xavfsizlik nuqtayi nazaridan o‘zgartirilgan.
Mavzuga oid
20:12
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024