O‘zbekiston | 10:10 / 26.02.2023
31968
18 daqiqa o‘qiladi

Urushning 1 yilligi, yopiqlikni istovchilar va trillion so‘mlik imtiyoz - hafta dayjesti

Ikkinchi urinish: O‘zbekistonda dron ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Imtiyozlar kimni boyitgan: qazilma boyliklardan budjetga tushumlar 2 trln so‘mga kamaydi. Prezident internetni kuzatishini aytdi: undan so‘z erkinligini tugatishni so‘rovchilar ko‘p. O‘tgan haftaning asosiy xabarlari – Kun.uz dayjestida.

24 fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganiga, ukrain xalqining erkinlik va vatan ozodligi uchun kurashga chiqqaniga bir yil to‘ldi. Bir yil oldin ayni mana shu kunlarda dunyo jamoatchiligi Ukraina mudofaasi yana necha soat turib bera olishi haqida o‘ylayotgan, hujumga uchragan poytaxt Kiyev va boshqa o‘nlab shaharlardan kelayotgan xabarlar oqimini katta hadik bilan kuzatib borayotgan edi.

Ukraina esa turib bera oldi. Hozir ortga nazar tashlab aytish mumkinki, aynan dastlabki soatlar – urushning hal qiluvchi pallasi edi. Shimol, sharq va janubdan bir vaqtning o‘zida hujumga o‘tilgan, butun mamlakat bo‘ylab raketalar yog‘ilayotgan, safarbarlik endigina e’lon qilingan, hali g‘arbning qurollari yetib kelmagan ilk kunlar – Kiyevdagi hokimiyatning ag‘darilishiga eng katta tahdid pallasi edi.

Kutilganidan karrasiga ko‘p yo‘qotishlarga uchragan Rossiya armiyasi o‘tgan bir yil davomida Ukraina davlatchiligini qulatish darajasidagi bunday tahdidni boshqa yarata olmadi. Qo‘shnisini yashin tezligida taslim qilishiga ishongan Putin, urushning ikkinchi kunidayoq ukrain mudofaachilariga murojaat qilib, ulardan hokimiyatni o‘zlari ag‘darib berishni so‘rashga majbur bo‘ldi. Shu tariqa, bu urush avtokrat rahbarlar va ularning atrofidagilar real voqelikdan uzilib qolishi, mavjud vaziyatga, o‘zining va boshqalarning imkoniyatlariga noreal baho berishini yana bir marta tasdiqladi.

Biz Ukraina voqealarini umuminsoniy qadriyatlar va O‘zbekistonning milliy manfaatlari nuqtayi nazaridan yoritib boryapmiz. Bu urush, qanday yakun topishidan qat’i nazar, possovet mintaqasining kelgusi o‘n yilliklardagi kun tartibiga jiddiy ta’sir o‘tkazadi. Shu hafta Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel aytganidek, Rossiya istilosi Yevropa va Markaziy Osiyo uchun haddan tashqari qaramlikdan qochish kerakligini ko‘rsatib berdi. Ya’ni Rossiyaga energoresurslar bo‘yicha qaram bo‘lib qolgani uchun katta tovon to‘lagan Yevropa xuddi shu xatoni qilayotgan Markaziy Osiyoni ogohlantiryapti. Borrel o‘z bayonotida Rossiya propagandasining mintaqamizdagi ta’sir kuchiga alohida urg‘u berib o‘tgan. Oxirgi paytlarda Moldovada rossiyaparastlik harakati kuchayayotgani ham ayni shu propaganda omili bilan bevosita bog‘liq.

O‘zbekiston Ukrainaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini e’lon qilgan bo‘lsa-da, urushga nisbatan rasman betaraflik pozitsiyasini tanlagan. Shu hafta, 23 fevral kuni BMT Bosh assambleyasida Rossiyani Ukrainadan zudlik bilan chiqib ketishga chaqiruvchi rezolyuyatsiyaga O‘zbekiston ovoz bermadi. Rezolyutsiya 141 ta davlatning qo‘llab-quvvatlashi bilan xalqaro chaqiriq sifatida qabul qilindi. 7 ta davlat qarshi chiqdi, 32 ta davlat ovoz berishda qatnashmadi. Pozitsiya bildirmaganlar orasida MDHning deyarli hamma a’zolari, Xitoy va Hindiston ham bor.

Kelasi hafta O‘zbekistonga AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning tashrifi kutilyapti. Blinken 28 fevral kuni avval Ostonada bo‘lib, S5+1 formatidagi Markaziy Osiyo – AQSh tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida ishtirok etadi. Keyin Toshkentga kelib, o‘zbek rasmiylari bilan muloqot qiladi. Amerikaning bosh diplomati 1 mart kuni “katta yigirmatalik” tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida qatnashish uchun Toshkentdan Hindiston poytaxti Dehliga uchib ketadi.

2-urinish: O‘zbekiston dron ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi

Ukrainadagi urush zamonaviy harbiy harakatlarda dronlarning ahamiyati qanchalik ortib ketganini hammaga ko‘rsatib qo‘ydi. Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov shu hafta e’lon qilingan intervyusida aytishicha, Rossiyaning Buchadagi harbiy kolonnasini yo‘q qilgan yigitlar dron – safarbarlikka chaqirilishidan oldin kompyuter o‘yinlarini ko‘p o‘ynagan va dron boshqarishni o‘rgangan yosh yigitlar bo‘lgan. Umuman, dron uchirishni biladigan ukrain yoshlarining urushdagi roli qanchalik muhim bo‘layotgani haqida avval ham ko‘pgina ma’lumotlar paydo bo‘lgan edi.

O‘zbekistonda esa vakolatli organlardan tashqari, fuqarolarga dronlar va ularning qismlarini chetdan olib kirish, sotish, saqlash va uchirish jinoyat deb belgilangan. 2019 yilda bu harakatlar uchun 3 yilgacha qamoq jazosi belgilangan edi. 2023 yilgi davlat dasturiga asosan, bu harakatlarni birinchi marta sodir etganlik uchun jinoiy emas, ma’muriy javobgarlik belgilanishi kutilyapti.

24 fevral kuni prezident Qarshi shahridagi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtiga tashrifi vaqtida tajriba tariqasida dronlar yig‘ishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi. Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, dunyoda kuzatilayotgan xavf-xatarlar havo mudofaasini yangi darajaga ko‘tarish kerakligini ko‘rsatyapti.

E’tiborlisi, O‘zbekistonda uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani haqida bundan bir yil oldin Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi xabar bergan edi. Xabarda “Lochin” deb atalgan milliy dronlar xalqaro talablarga to‘liq javob berishi, ko‘p funksiyali ekani aytilgandi. Lekin o‘tgan vaqt davomida bu borada boshqa yangilik bo‘lmadi, loyihaning hozirgi holati noma’lum. Nima bo‘lganda ham, zamonaviy armiya ixtiyorida dronlar albatta bo‘lishi kerak ekaniga shubha yo‘q va bu boradagi ishlar faollashishi kerak. Fuqarolarning uchuvchisiz uchish apparatlari borasidagi huquqlarini kengaytirish masalasi milliy xavfsizlik nuqtayi nazaridan qayta ko‘rib chiqilsa yomon bo‘lmasdi.

“Hamma yopib qo‘y deydi, yo‘q, yopmayman” — prezident OAV haqida

Oliy Majlisda Konstitutsiyani yangilash bo‘yicha muhokamalar jarayoni tiklandi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan yili e’lon qilingan loyihaga ayrim qo‘shimchalar qo‘shilgan. Masalan, mahalliy kengashlarga hokimlar raislik qilishi mumkin emasligi haqidagi aniq qoida kiritilyapti. Konstitutsiya o‘zgarganidan keyin, hokimlar mahalliy deputatlik kengashlari raisligidan ketadi va kengash a’zolari orasidan yangi rais saylanadi. Shu bilan birga, mahalliy budjetni shakllantirish vakolati hokimda qoladi, kengash budjetni hokim taqdimiga binoan tasdiqlaydi. Hokimlar saylovi esa bo‘lmaydi.

Konstitutsiya loyihasidagi yangiliklardan yana biri – hukumat zimmasiga ochiqlik va samaradorlikni ta’minlash vazifasi yuklatiladi. Ya’ni vazirlik va idoralar ochiq, shaffof, qonuniy va effektiv ishlashi kerakligi konstitutsiyaviy talabga aylanadi. Bundan tashqari, jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilganlar va aralashganlar javobgarlikka tortilishi ham asosiy qonunda yozib qo‘yiladi.

Ochiqlik va oshkoralik Konstitutsiyaga kiritilayotgan bir paytda, yana yopiqlikka qaytishni istayotganlar ham ko‘p. Buni shu hafta Qarshiga tashrifi vaqtida prezident Shavkat Mirziyoyev ham aytib o‘tdi.

“Yopiq davlat bo‘lib, ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlamaganimiz uchun xalqning ovozini eshitmadik. Erkinlik nafasi yoqadimi? Menga yoqadi. To‘g‘ri, menga bunday ishlash qiyinroq. Hamma aytadi, e, yopib qo‘y, deydi. Yo‘q, yopmayman. Yana oldingidek, prokuror, SNB, tekshiruvchi bo‘laversinmi? Biz niyatimizga yetdikmi? Birimiz ikki bo‘ldimi?

Shuning uchun, erkinlik nafasini, ommaviy axborot vositalarini do‘st bilamiz. Gapirsin, adolatli gapirsin. Tanqid qilsin, to‘g‘ri tanqid bo‘lsin. Shu qishloqqa, maktabga, ta’limga foydasi bo‘lsa, nur ustiga nur. Men har kuni o‘qiyman, internetni ham o‘qiyman. Kim qanday gapirganini vaqtim boricha, qo‘limga qalam olib, o‘zimga yozib olaman. Baribir 10 ta fikrdan 9 tasi to‘g‘ri bo‘lib chiqadi. Bu to‘g‘ri yo‘nalishmi? Agar bizda [OAV] yopiq bo‘lsa, sizlarni ham hech kim eshitmaydi”, – dedi prezident maktab jamoasi bilan muloqotda.

Oliy ta’lim: Maqtovli komment yoz, talabalarni guruhlarga bo‘l...

Ta’lim yangiliklari. Oliy ta’lim vaziri lavozimini egallagan Ibrohim Abdurahmonov biri-biridan g‘alati topshiriqlari bilan bir qator faollarning oliy ta’lim rivojiga bo‘lgan bor umidlarni ham so‘ndiryapti. U avvaliga bitiruvchilari yetarlicha ishga kirmagan xususiy universitetlarni yopib yuborish bilan tahdid qildi. Bunaqa talab, aniqki, davlat oliygohlaridagi bitiruvchilarning ishga kirishi bo‘yicha soxta byurokratiyani xususiy universitetlarga ham ko‘chiradi. Oddiy qilib aytganda, ishga kirganing haqida ma’lumotnoma olib kelmasang, diplomingni ololmaysan, hatto universiteting xususiy bo‘lsa ham.

Bu bayonotdan ko‘p o‘tmay Abdurahmonov endi talabalarning odob-ahloqi bilan shug‘ullana boshladi. Bu borada hamma rektorlarga shoshilinch topshiriq jo‘natildi. Hozir oliygohlar o‘z talabalari orasidan uchta guruhni ajratib olish bilan shug‘ullanyapti: jinoyatchilikka moyil, yot g‘oyalar ta’siriga tushish arafasidagi va tartibbuzarlar. Talabalarni toifalarga bo‘lish mezonlari hozircha yo‘q. Masalan, kalta paypoq kiyganlar qaysi guruhga mansub bo‘lishi noma’lum.

Topshiriq faqat shundan iborat emas. Oliy ta’limda ishlaydiganlar xodimlardan internetda yozilgan maqola va postlarga “tizim sha’nini himoya qiladigan” kommentlar yozish talab qilinyapti. Bundan tashqari, oliygohlar yoshlar o‘rtasida paydo bo‘layotgan yomon illatlardan ogoh qilish maqsadida ta’sirchan qisqa hikoyalarni nashr qilishi kerak. Shuningdek, yuz minglab talabalarning har biriga ijtimoiy-psixologik pasport tuzilyapti.

Xalq ta’limida ham ayrim bahsli yangiliklar yo‘q emas. Navoiy shahri hokimi Murodxon Egamqulov shahardagi maktablar faoliyatini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tuzdi. Oddiy qilib aytganda, maktablarga hokimiyatdan komissiya kelyapti. Buning nimasi yangilik deyishingiz mumkin. Gap shundaki, bu xabarni, aniqrog‘i bu holat OAVda tanqid qilinganini eshitgan hokimlar o‘zlariga qiziq bir yangilikni kashf qilishgan bo‘lsa ajab emas: hokimlarning maktablar faoliyatini tekshirishga haqqi yo‘q.

2019 yildagi hukumat qaroriga asosan, maktablar faoliyatini tekshirish vakolatiga ega davlat organlari ro‘yxati tasdiqlangan. Bu ro‘yxatda hokimliklar yo‘q. “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunda ham hokimlarga bunaqa vakolat berilmagan. Shunga qaramay, biz bilan gaplashgan soha vakiliga ko‘ra, Navoiy shahar hokimligining ishchi guruhi a’zolari maktab direktorlariga bosim ham o‘tkazyapti.

Eslatib o‘tamiz, prezident shu oy boshida Andijonga tashrifi vaqtida maktab direktorlariga erkinlik berish haqida gapirgan edi.

“Biz direktorni qo‘lsiz, oyoqsiz, ko‘zsiz qilib qo‘yganmiz. “Rayono”ning mudiri yo‘talsa, yo‘taladi, yo‘talmasa, yo‘talmaydi – to‘g‘risi shu endi. Mana shu narsani yo‘q qilish kerak. Hamma narsa maktabda.

Nazoratini qilsin sizning tizimingiz, lekin ularga ham erkinlik berish kerak. Talab kuchli bo‘lishi kerak, shu bilan birga vakolatlari ham yuqori bo‘lishi kerak. Bitta odamni bo‘shatishga ham “rayono”ga borish kerak, qanaqasi bu?”degandi Shavkat Mirziyoyev xalq ta’limi vaziriga qarata.

Bemisl soliq imtiyozlariga qaramay, gaz qazib olish kamayyapti

Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yili O‘zbekistonda yerosti boyliklari bo‘yicha soliqlar anchagina pasaytirilgan edi. Xususiy kompaniyalar uchun tabiiy gaz bo‘yicha soliq stavkasi 3 baravarga, neft va gaz kondensati bo‘yicha 2 baravarga kamaygan edi. Bundan maqsad – xususiy kompaniyalarni investitsiya kiritishga rag‘batlantirish ekani aytilgandi. Amalda esa unaqa bo‘layotganga o‘xshamayapti.

Gap shundaki, 2022 yilda yer qa’ridan foydalanuvchilar bir yil oldingiga qaraganda salkam 2 trln so‘m yoki 12 foiz kam soliq to‘ladi. Bu yo‘nalishdagi 14 trln so‘mlik tushumning asosiy qismi xususiy emas, davlat korxonalariga to‘g‘ri keladi. Bir qator turdagi soliqlar prognozdan oshirib bajarilgan bo‘lsa, qazilma boyliklarni o‘zlashtiruvchilar to‘lagan soliq miqdori prognoz qilingan darajadan 538 mlrd so‘mga kam bo‘lgan.

E’tiborlisi, imtiyozlar sababli soliq tushumi 12 foizga kamaygan bo‘lsa ham, gaz qazib chiqarish 4 foizga tushib ketgan. Gaz kondensati qazib olish 3 foizga kamaygan. Neft qazib olish esa atigi 2 foizga oshgan. Rasmiy statistikaga qaraganda, bunday tendensiya 2023 yil yanvar oyida ham davom etgan.

Berilayotgan katta-katta soliq imtiyozlari qanaqa natija keltirgani tahlil qilinadimi o‘zi? Kun.uz 2021 yilda mas’ullarga shunday savol berib, “hozircha yo‘q” degan javobni olgandi. Shundan keyin ham biror bir soliq imtiyozining qanaqa foyda keltirgani haqida tahlillar e’lon qilingani yo‘q. Va bunaqa tahlillarsiz ham ko‘rinib turibdiki, hamma imtiyozlar ham foyda berayotgani yo‘q, budjetga tushum kamayib, natijada buning og‘irligi imtiyozi yo‘qlarga tushyapti.

Toshkent: Transportda yangi tariflar va avtoturargohlar

Toshkentda jamoat transporti tariflari qimmatlashishi kutilyapti. Hozirgi yagona 1400 so‘mlik tarif 1 maydan boshlab naqd shaklda 2000 so‘m, elektron shaklda 1800 so‘m, ATTO kartasi orqali to‘laganda esa 1600 so‘m bo‘ladi.

Bir soat ichida bitta avtobusdan tushib ikkinchisiga chiqsangiz, tarif 70 foizga arzonlashadi, uchinchi avtobusga chiqqaningizda esa yo‘lkira bepul bo‘ladi. Bir soat ichida avtobusdan metroga yoki metrodan avtobusga o‘tsangiz, ikkinchi yo‘lkira 30 foizga arzonroq bo‘ladi. Jamoat transportida ko‘p yuradiganlar kuniga 6 ming so‘m to‘lab, cheklovsiz tarifni sotib olishi mumkin.

Tirbandliklarni kamaytirishning yana bir chorasi sifatida shaharda ko‘p qavatli avtoturargohlar quriladi. Buning uchun alohida davlat tashkiloti tuziladi. Internetda “stoyanka vazirligi” deb ta’riflangan tashkilotga yer maydonlari ajratiladi. Tashkilot bu yerda budjet hisobidan yoki davlat-xususiy sheriklik asosida bir necha qavatli avtoturargohlar quradi. Keyin qurilgan obekt tayyor biznes sifatida tadbirkorlarga sotiladi. Bunda avtoturargohni olgan tadbirkor uning profilini o‘zgartirmaslik majburiyatini oladi.

Poytaxtga oid yana bir xabar. Shaharda 7 ta viloyat – Andijon, Namangan, Farg‘ona, Sirdaryo, Samarqand, Buxoro va Surxondaryo viloyatlari hokimliklariga 32 sotixdan yer ajratiladigan bo‘ldi. Yerlar Mirzo Ulug‘bek tumanining Chingeldi mahallasidagi aholi punktlari yerlaridan ajratiladi. Bu borada hozircha rasmiy izoh bo‘lmadi. Viloyatlar Chingeldida 2025 yilgi yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari uchun mehmonxonalar qurishi mumkinligi taxmin qilinyapti.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

O‘zbekiston Suriyaga insonparvarlik yordami yubordi. Zilzila oqibatlari bilan kurashayotgan mamlakatga 50 tonnaga yaqin yordam yuki yetkazib berildi. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, Suriya va Turkiyada jami qurbonlar soni 50 mingdan oshgan. Shanba kuni o‘zbekistonlik qutqaruvchilar otryadi Turkiyadan qaytdi. Ular 18 kun davomida 18 kishini tirik holda qutqarib oldi, vayronalar ostidan 200 ga yaqin jasadni olib chiqdi.

Toshkentda qo‘lga olingan strimerning tarafdorlari uning qo‘yib yuborilishini talab qilib, ko‘cha yurishini o‘tkazdi. Eng qizig‘i, aksiya ishtirokchilari – bolalar. Voqea YouTube'da 380 ming obunachiga ega strimer – Aslamboi taxallusli PUBG o‘yinchisi o‘z muxlislari bilan Magic City'da uchrashuv o‘tkazganidan boshlangan. Ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlari 19 yoshli yigitni idoraga olib ketgan. Uchrashuvga yig‘ilgan 140ga yaqin bola esa uning qo‘yib yuborilishini so‘rab, hayqiriqlar bilan ko‘cha yurishini o‘tkazdi. Voqea yakunida Aslamboyga ko‘cha yurishlari tartibini buzish moddasi bilan bayonnoma rasmiylashtirildi.

Yangi avtomobil sotib olganda uni onlayn tarzda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va raqam olish mumkin bo‘ladi. Bunda yo‘l harakati idorasiga borib o‘tirish shart bo‘lmaydi. Chorshanba kuni prezident selektorida shu haqda topshiriq berildi. Yig‘ilishda raqamlashtirish bo‘yicha qator vazifalar belgilandi. IMEI masalasida yangilik bo‘lmadi.

Mavzuga oid