Bryanskdagi hodisa. Bu haqda nimalar ma’lum?
Vladimir Putin bugun Bryansk oblastida ro‘y bergan hodisani terakt deb atadi. Bryansk oblasti gubernatori Aleksandr Bogomaz va FXX oblastning chegaradagi Klimovskiy rayoniga ukrain diversantlari kirib kelganini ma’lum qilgan. Ukraina prezidenti ofisida esa ukrain diversantlari haqidagi gap «klassik provokatsiya» deb baholandi.
Voqealar rivoji
2 mart kuni Bryansk oblasti gubernatori Aleksandr Bogomaz telegram-kanalida region hududiga «Ukrainadan diversiya-razvedka guruhlari kirib kelgani» haqida xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «diversantlar» chegaradagi Klimovskiy rayonining Lyubchane qishlog‘iga bostirib kirgan va avtomobilni o‘qqa tutgan, natijada tinch aholi vakillaridan bir kishi halok bo‘lib, 10 yoshli bola yaralangan.
Rossiya propaganda nashrlari esa maktab avtobusi o‘qqa tutilgani haqida xabar bergandi, ammo region rasmiylari buni rad etib, hududdagi maktablar masofadan ta’lim shakliga o‘tganini ma’lum qildi. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa vaqtida ikki kishi halok bo‘lgan.
Mash va Baza manbalariga ko‘ra, Bryansk oblastiga jami 40-50 nafar «diversant» kirib kelgan. TASS guruh o‘nlab qurollangan kishilardan iborat bo‘lganini xabar qildi. «112» telegram-kanali «diversantlar» ikki guruhga ajralgani va bir-biridan 20 kilometr masofada joylashgan Lyubechane va Sushani qishloqlariga yo‘l olganini xabar qildi.
TASS manbasi «diversantlar» ikki qishloqqa bostirib kirganini xabar qilgan. Ulardan birida to‘rt yoki olti kishi garovga olingani, Rossiya kuchlari va «diversantlar» o‘rtasida jang kechgani haqida aytilgan. Region rahbariyati huquq-tartibot organlari Sushani qishlog‘ida ish olib borayotganini ma’lum qilgan. Baza esa bu qishloqda go‘yoki elektr nimstansiyasi va gaz stansiyasi portlatilgani haqida yozdi. OAV Sushanida odamlar garovga olinganini xabar qildi, ammo region rahbariyati buni rad etdi. RIA Novosti esa Lyubechane qishlog‘idagi do‘konda bir necha kishi garovda ekani haqida yozdi.
Bryansk oblasti gubernatorining so‘nggi ma’lumotiga ko‘ra, Lyubechane qishlog‘ida «Ukrainadan kelgan diversantlar reydi» oqibatida halok bo‘lganlar soni ikki nafarni tashkil etmoqda.
Putin safarini qoldirdi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Bryansk oblastidagi voqealar fonida Stavropol o‘lkasiga safarini qoldirdi, bu yerda u O‘qituvchi va ustozlar yili ochilish marosimida ishtirok etishi ko‘zda tutilgandi.
RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga Putin marosimda «tushunarli sababga ko‘ra, videokonferensiya rejimi»da qatnashishini aytdi. RIA Novosti nashri aniqlik kiritishicha, Putinning Stavropol o‘lkasiga safari bekor qilinishi Bryansk oblastidagi voqealar bilan bog‘liq.
U marosim ochilishida videokonferensiya rejimida qilgan chiqishida Bryansk oblastidagi hodisani «navbatdagi terrorchilik akti, navbatdagi jinoyat» deb atadi va «tinch aholi vakillari o‘qqa tutilgani»ni aytdi.
«Bu fuqarolik mashinasi ekanini ko‘rdik, unda tinch aholi vakillari va bolalar bo‘lgan, oddiy «Niva» - unga qarata o‘t ochilgan», dedi u.
Ko‘p o‘tmay Rossiya FXX RF mudofaa vazirligi bilan birgalikda Klimovskiy rayonida «davlat chegarasini buzib kirgan qurolli ukrain natsionalistlarini yo‘q qilish bo‘yicha tadbirlar» o‘tkazayotganini ma’lum qildi, ammo bu ma’lumotni tasdiqlovchi dalil keltirilmadi.
Ukrainaning reaksiyasi
«Ukrain diversantlari» to‘g‘risidagi xabarlarga Ukraina hukumati nomidan prezident ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyak munosabat bildirdi. U «Rossiya boshqa davlatga qilingan hujumni va urush yil davomida qashshoqlikni oshirganini qandaydir oqlash uchun o‘z xalqini qo‘rqitmoqchi» ekanini aytdi.
«Rossiyadagi Ukraina diversiya-razvedka guruhlari haqida gap-so‘zlar klassik provokatsiyadir. Ongli provokatsiya. Rossiya boshqa davlatga qilingan hujumni va urush yil davomida qashshoqlikni oshirganini qandaydir oqlash uchun o‘z xalqini qo‘rqitmoqchi. Ayni paytda, Rossiyada partizanlik harakati kuchliroq va tajovuzkor bo‘lib bormoqda. O‘z partizanlaringizdan qo‘rqing», deb yozdi u Twitter’da.
Keyinroq Podolyak videomurojaat yo‘lladi: «Bryansk oblastidagi ukrain diversiya razvedka guruhlari haqidagi feyk bo‘yicha. Klassik Rossiya. U hamisha provokatsiya, yolg‘on yo‘lidan yuradi, u hamisha informatsion bahonalar o‘ylab topadi - to‘g‘ri, bu safar ular nega bunday qilayotgani tushunarsiz, axir bizda shusiz ham to‘laqonli urush ketmoqda. Sen bilan allaqachon urush qilayotganlarni provokatsiya qilishdan ma’ni yo‘q».
«Rossiya ko‘ngillilar korpusi»
Ammo ko‘p o‘tmay ijtimoiy tarmoqlarda ikki video keng tarqaldi, ularda sariq bog‘ichlar taqilgan harbiy liboslardagi to‘rt kishi aks etgan, ular o‘zlarini «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» a’zolari deb ataydi, Bryansk oblastiga «diversiya razvedka guruhlari sifatida emas, balki «o‘z ona yurtiga ozodlik armiyasi» sifatida kelganini aytishadi. Fondagi binoda «feldsherlik-akusherlik punkti» deb yozilgan tablichkani ko‘rish mumkin, uni qo‘li bilan ko‘rsatgan jangchi bu bilan video Bryansk oblastida olinganiga dalil keltiradi.
Bu videoda gapirgan odam - 38 yoshli Denis Nikitin, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu «ko‘ngillilar korpusi»ni aynan u boshqaradi. Nikitin Moskvada tug‘ilgan, Yevropada o‘qigan, 2017 yilda esa Ukrainaga ketgan.
«Agenstvo» nashri feldsherlik punkti oldida chindan ham Denis «Rex» turganini xabar qilgan, u avvalroq matbuot anjumanlari va intervyularda «korpus» komandiri sifatida namoyon bo‘lgan. Videodagi kishilar qo‘llarida ushbu tashkilotni ifodalovchi bayroqni tutib turishadi, Lyubechaneda esa chindan ham shunday feldsherlik punkti mavjud.
«Sirena» nashri esa Pimeyes yuzdan tanish xizmatiga tayangan holda boshqa familiyani keltirgan: bu Denis White Rex sifatida ham mashhur bo‘lgan Denis Kapustin. «Novaya gazeta Yevropa» Nikitin - Kapustinning yangi familiyasi ekanini yozgan.
Yanvar oyida Volgogradda sud YouTube platformasida u bilan uyushtirilgan intervyuni bloklagandi, u intervyuda «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» tomonida jang qilishini aytgan. Kapustin o‘tmishda - futbol bezorisi bo‘lgan va TsSKA klubi muxlislari safida mushtlashuvlarda ishtirok etgan.
Ikkinchi videodagi jangchi esa «Rossiya ko‘ngillilari korpusi» «tinch aholi vakillari bilan jang qilmasligi va qurolsizlarni o‘ldirmasligi»ni aytadi.
«Men hozirgina u yerdan keldim»
«Vajnyye istorii» nashri «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» a’zolaridan biri bilan gaplashgan, anonimlik sharti bilan gapirgan bu shaxs Rossiya hududida bo‘lganini tasdiqlagan.
«Men u yerdan hozirgina keldim. Biz bu vazifani bajarishda 45 kishi edik. Ichkariga kirib, suratga tushirdik va ikkita BMPga pistirmaga qo‘ydik. Men jabrlangan bolalarni ko‘rmadim. Lekin jarohatlanganlardan biri chegarachi edi. Hech kim garovga olinmadi», degan u.
TASS nashri guvohlarga asoslanib xabar berishicha, «diversantlar» RF hududini tark etgan. «RF hududida ukrain guruhlaridan hech kim qolmadi, ularning barchasi chiqib ketgan. Hozirda Ukraina qurolli kuchlari jangchilaridan birortasi bizning hududda qolgan-qolmagani tekshirilmoqda», degan agentlik suhbatdoshlaridan biri.
Bir necha soat o‘tib FXX Klimovskiy rayoni hududida «turli tipdagi ko‘p miqdordagi portlovchi qurilmalar aniqlangani, minalardan tozalash ishlari olib borilayotgani» haqida xabar berdi. Klimovskiy rayonidagi aholi yashash manzillari «huquq tartibot organlari nazorati ostida ekani» qo‘shimcha qilingan.
Ma’lumot uchun, Bryansk oblasti hududi orqali «Drujba» neft quvuri o‘tadi, Rossiya nashrlari yozishicha, bu quvurga bir necha bor hujum qilishga urinish kuzatilgan. Bundan tashqari, Klimovskiy rayonida yopiq harbiy aviabaza joylashgan.
Urush tarafdorlari nima deydi?
Bryansk oblastiga «ukrainlar diversiya razvedka guruhi» kirgani haqidagi xabarlar kutilganidek Rossiyadagi harbiylashgan blogosferada keng muhokama qilindi - Z-kanallar va urush tarafdorlari qasos olishni talab eta boshladi. Bu ritorika «ko‘ngillilar korpusi» videolari tarqalgandan keyin biroz yumshadi.
«Bryansk oblastiga kirib kelganlarning barchasining ishi eng qattiq shaklda, maksimal darajada qattiq va shafqatsizlik bilan hal etilishi kerak. Ular otib tashlanishi kerak», dedi Checheniston rahbari Ramzon Qodirov. U ularning oilasi Rossiyada bo‘lsa, ularni ham jazolashni talab qildi.
Bloger va VGTRK xodimi Yevgeniy Poddubniy «Bryansk oblasti aholisiga hujum» «Ukraina qurolli kuchlari bosh razvedka boshqarmasi nazoratidagi jangarilar» tomonidan amalga oshirilgani, shuning uchun bu hujum uchun javobgarlik Ukraina harbiy razvedkasi rahbari Kirill Budanov zimmasida ekani haqida yozdi.
Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi vakili Ondriy Yusov bunga javoban «ko‘ngillilar korpusi» bayonotini havola qildi va bu guruhni Putin rejimiga va uni qo‘llab-quvvatlovchilarga qarshi «qo‘lda qurol bilan» kurashuvchilar deb atadi.
«Ukraina RF hududiga hujum qilmaydi, u yerga diversiya razvedka guruhlarini yubormaydi, u yerdagi tinch fuqarolarni o‘ldirmaydi. Ukrainaga bu kerak emas», dedi Podolyak.
Rossiya regionlariga dronlarning yangi hujumlari
2 mart tongida gubernator Bogomaz Bryansk oblasti hududiga yana dron qulagani haqida xabar bergandi.
«Ukraina qurolli kuchlari Klimovskiy rayoniga yana bir hujum uyushtirdi. Dron tushishi oqibatida Sushani qishlog‘idagi turar joyda yong‘in chiqdi», deya yozgandi u telegram-kanalida.
Bu joriy hafta davomida ushbu oblast hududiga dronlar orqali qilingan ikkinchi hujum bo‘ldi. Seshanbaga o‘tar kechasi, 28 fevral kuni oblastning Surajskiy rayoni osmonida ukrainlarning uchuvchisiz uchish qurilmasi urib tushirilgandi. Bu hodisa oqibatida vayrongarchiliklar va jabrlanganlar qayd etilmagan.
Shu kuni Moskva oblasti va Rossiyaning yana to‘rt regionida dronlar hujumi kuzatilgandi. Rossiya mudofaa vazirligi dronlar hujumida «Kiyev rejimi»ni ayblagan.
Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyak esa Ukraina Rossiyaga hujum qilmasligi, faqat mudofaa urushi olib borishini aytgandi. «Ukraina RF hududi bo‘ylab zarbalar bermaydi. Ukraina o‘zining barcha hududlarini deokkupatsiya qilish maqsadida mudofaa urushi olib boradi», deya yozgandi Podolyak tvitterida.
Rossiya prezidenti matbuot xizmati rahbari Dmitriy Peskov esa Kreml Podolyakning so‘zlariga ishonmasligini aytgandi.
Bundan tashqari, 2 mart kuni tongida Tula oblastidagi Berezovskiy aholi yashash manzilidan 600 metr masofada portlashdan hosil bo‘lgan o‘ra aniqlandi. Tula oblasti rahbariyati bu ma’lumotni tasdiqlagan.
Keyinroq region hukumati matbuot xizmati gubernator Aleksey Dyumin o‘tkazgan operativ shtab yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra, Tula oblastining Kireyev rayonida ro‘y bergan portlashning ehtimoliy sabablaridan biri sifatida dron qulashi ko‘rib chiqilayotganini xabar qildi.
Mavzuga oid
09:00
Kiyev: Tramp inauguratsiyasigacha «tinchlik rejalari» haqidagi gaplar asossiz
08:19
Bayden respublikachilarni Ukrainaga yordam berishga ishontirmoqchi
21:05 / 10.11.2024
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
20:11 / 10.11.2024