Jahon | 23:31 / 03.03.2023
8419
2 daqiqa o‘qiladi

2035 yilga borib, dunyo aholisining yarmidan ko‘pi ortiqcha vazn yoki semizlikdan aziyat chekadi

Ortiqcha vazn va semirish muammosi dunyoning barcha mamlakatlarida mavjud. 

Foto: Matthew Horwood/Getty Images

2035 yilga borib Yer yuzida yashovchi odamlarning yarmidan ko‘pi ortiqcha vazn yoki semizlikka duchor bo‘ladi va bu muammo bolalarga ko‘proq ta’sir qiladi. Bunday prognoz Butunjahon semizlikka qarshi kurash federatsiyasi (WOF) hisobotida keltirildi. 

Ekspertlarning ta’kidlashicha, ortiqcha vazn va semirish muammosi dunyoning barcha mamlakatlarida mavjud, ammo kam daromadli mamlakatlarda bundan aziyat chekayotganlar soni so‘nggi yillarda ayniqsa tez o‘sib bormoqda. 

WOF hisob-kitoblariga ko‘ra, agar vaziyat hozirgidek davom etsa, 2035 yilga borib dunyoda 4 milliarddan ortiq odam ortiqcha vazndan, ularning 2 milliardi semizlikdan aziyat chekadi. Shu bilan birga, 2035 yilga borib semirib ketgan o‘g‘il bolalar soni ikki baravar ko‘payib, 208 millionga, xuddi shunday muammoga duchor bo‘lgan qizlar soni esa ikki barobardan ko‘proq oshib, 175 millionga yetadi. 

2035 yilda ortiqcha vaznli va semirib ketgan odamlarning juda yuqori ulushi bo‘ladigan mamlakatlar qatorida Kiribati va Tonga (kattalar aholisining 67 foizi), Samoa (66 foiz), Mikroneziya (64 foiz), Fransiya Polineziyasi (65 foiz) bo‘ladi. 

Vaziyat yaxshi bo‘lgan davlatlar qatorida Viyetnam (7 foiz), Yaponiya (8 foiz) va Singapur (9 foiz) bo‘ladi. 

Dunyo uchun iqtisodiy oqibatlar, WOF hisob-kitobiga ko‘ra, har yili 4 trillion dollardan oshadi. Bu global yalpi ichki mahsulotning deyarli 3 foizini tashkil etadi va COVID-19 pandemiyasi davridagi global yo‘qotishlar bilan taqqoslanadi. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid