O‘zbekiston | 19:50 / 03.03.2023
9874
2 daqiqa o‘qiladi

Avtobuslarning 1-partiyasi mart yakuniga qadar keladi - “Toshshahartransxizmat”

Ijtimoiy tarmoqlarda Xitoyning Yutong kompaniyasidan 500 ta tabiiy gazda, 300 ta elektr tokida harakatlanadigan jami 800 dona avtobus O‘zbekistonga yetkazilgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Mas’ullarning holatga munosabat bildirishicha, avtobuslarning birinchi partiyasi, ya’ni 160 donasi mart oyi yakunigacha olib kelinadi. 

Foto: Toshshahartransxizmat

“Toshshahartransxizmat” AJning ma’lum qilishicha, avtobuslarning 1-partiyasi tarkibida 110 dona avtobus va 150 dona elektrobus bo‘lishi kutilmoqda.

“Hozirda Xitoyning "Yutong Bus Co Ltd" kompaniyasi va “Toshshahartransxizmat” AJ o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan, Xitoyning “Yutong Bus Co Ltd” kompaniyasi tomonidan, 2023 yilning mart-may oylarida 12 metrli 500 dona "Yutong" rusumli avtobuslarni va 12 metrli 300 dona "Yutong" rusumli elektrobuslar ishlab chiqarish ishlari boshlangan”, – deyiladi AJ matbuot xizmatining xabarida.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida Toshkent shahri jamoat transporti uchun 200 dona 18 metrli va 500 dona 12 metrli tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslar hamda 300 dona 12 metrli elektrobuslar xarid qilinishi belgilangan edi.

Bundan avvalroq “Toshshahartransxizmat” AJ Marketing loyihalar va tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘limi xodimi Ikrom Shodiyev Kun.uz muxbiriga aprelgacha Toshkentga Xitoydan mingta yangi avtobus olib kelinishini, shuning 700 tasi gazda, 300 tasi elektrda yurishini ma’lum qilgandi.

Дилшода Шомирзаева
Tayyorlagan Дилшода Шомирзаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid