O‘zbekiston | 15:34 / 04.03.2023
3677
5 daqiqa o‘qiladi

Samarqand yoshlarning eng dolzarb muammolarini muhokama qilish maydoniga aylanadi – SMTI eksperti

O‘zbekiston aholisining 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi O‘tkir Siddiqov O‘zbekiston prezidenti tomonidan ilgari surilgan kelgusi yil Samarqand shahrida “Cheksiz imkoniyatlar sammiti”ni o‘tkazish tashabbusining ahamiyati haqida so‘z yuritadi.  

O‘tkir Siddiqov

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 2 mart kuni Qo‘shilmaslik harakati Muloqot guruhi sammitida so‘zlagan nutqida pandemiyaning salbiy ta’siri birinchi navbatda yosh avlodga ta’sir ko‘rsatayotganiga e’tibor qaratdi.

Davlat rahbari yoshlarning sifatli ta’lim, kasb-hunar egallashi, tibbiy xizmatdan foydalanishi va sport bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyat keskin kamayib borayotganiga ham to‘xtaldi.

“Ayniqsa, yosh avlodning hayotda munosib o‘rin egallashiga ishonchi yo‘qolib borayotgani tashvishlantirmoqda. Buzg‘unchi va radikal mafkuraning minglab yoshlar ongiga ta’siri ham kuchaymoqda”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qo‘shilmaslik Harakati Yoshlar tarmog‘iga a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston rahbari kelgusi yil Samarqand shahrida “Cheksiz imkoniyatlar sammiti”ni o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi.

Aytish joiz, dunyo aholisining 2 milliarddan ziyod qismini yoshlar tashkil etadi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, pandemiyaning, ayniqsa, yoshlarga ta’siri og‘ir kechdi. Bu nafaqat mavjud tengsizlikni kuchaytiradi, balki butun bir avlodning ishlab chiqarish salohiyati pasayishi tahdidini yuzaga keltiradi.

Yoshlar o‘rtasida ishsizlik ko‘payishi ham koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatidir. Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 295 million ish o‘rni yo‘qolish arafasida. Bu salbiy holat 70 milliondan ziyod 24 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning keyingi taqdiriga bevosita bog‘liq. Shu bilan birga mehnat qilayotgan yoshlarning, qariyb, 40 foizi o‘ta qashshoq yashaydi.

Bugungi kunda dunyoda geosiyosiy vaziyat keskinlashgani, davlatlar o‘rtasidagi muloqot izdan chiqqani, buzg‘unchi g‘oyalar tarqalishi kuchayib, terrorizm, ekstremizm va separatizm keng tarqalishiga olib kelayotgani ham shu tashabbusga bo‘lgan talab bilan bog‘liq. Bunday sharoitda aynan yoshlar radikal g‘oyalar ta’siriga ko‘proq moyildir.

Shu bilan birga milliy an’ana va qadriyatlar ruhida tarbiyalangan, chuqur bilim va keng dunyoqarashga ega bo‘lgan avlod har qanday davlat muvaffaqiyatli rivojlanishining harakatlantiruvchi kuchi ekani ham haqiqat.

O‘zbekiston aholisining 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. So‘nggi yillarda yoshlarga oid siyosat samaradorligini oshirishga qaratilgan 77 ta qonun va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjat qabul qilindi. Bular orasida 2016 yil 14 sentabrdagi “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun, 2020 yil 30 iyun kuni kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni alohida ahamiyat kasb etadi.

Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatining institutsional asosi ham mustahkamlandi. Oliy Majlis huzurida Yoshlar parlamenti tuzildi, Yoshlar ishlari agentligi Yoshlar siyosati va sport vazirligiga aylantirildi. Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshida Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlar tayyorlash instituti tashkil etildi.

Eng muhimi, davlatimiz rahbari taklifiga binoan, 30 iyun Yoshlar kuni sifatida e’lon qilindi. 2021 yil O‘zbekistonda Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili deb nomlandi.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan barcha o‘zgarishlar asosi bo‘lgan ta’lim tizimida ham tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda ta’limga, jumladan, ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan mablag‘ davlat budjeti umumiy miqdorining yarmidan ko‘pini tashkil etadi.

Yoshlarga oid siyosat doirasida yoshlarni madaniyat, san’at va sportga keng jalb etish, texnika vositalaridan foydalanish, kitobxonlikka mehr uyg‘otish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida ham keng ko‘lamli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Bu jarayonda prezident Shavkat Mirziyoyevning ta’limda yangi bosqichni boshlab bergan besh tashabbusi dasturiy asos bo‘ldi.

Zamonaviy ilm-fan yutuqlarini o‘zlashtirgan kadrlarni tayyorlash maqsadida oliy o‘quv yurtlari soni ko‘paytirildi. Ayni payt mavjud 170 dan ziyod universitet, institutlarning 30 dan ortig‘i nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallaridir.

Bir so‘z bilan aytganda, islohotlarimizni samarali amalga oshirishda yoshlar hal qiluvchi kuchga aylanmoqda. Shu nuqtai nazardan, Qo‘shilmaslik Harakati Yoshlar tarmog‘ining “Cheksiz imkoniyatlar sammiti” Samarqand shahrida o‘tkazilishi yoshlarni o‘ylantirayotgan eng dolzarb masalalarni muhokama qilish, shu yo‘nalishda yangi loyihalar ishlab chiqish uchun qulay maydonga aylanishi shubhasiz.

O‘tkir Siddiqov, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid