Jahon | 16:11 / 06.03.2023
13035
2 daqiqa o‘qiladi

London: Rossiya 60 yil oldingi tanklardan foydalanishga majbur bo‘lyapti

Foto: Picture Alliance

Britaniya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya harbiylari Ukrainadagi frontda Ikkinchi jahon urushidan keyingi birinchi avlod tanklari va bronetransportyorlaridan foydalanyapti.

Britaniya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, og‘ir zirhli transport vositalarining yetishmasligi tufayli rus harbiylari SSSRda 1960- va 1970-yillarda ishlab chiqarilgan, Ikkinchi jahon urushidan keyingi birinchi avlod modellarini konservatsiyadan olib tashlashga va jangovar harakatlarda foydalanishga majbur bo‘lyapti. 6 mart, dushanba kuni Twitter’da e’lon qilingan Ukrainadagi urush bo‘yicha sharhda Britaniya Mudofaa vazirligi Ukrainada vayron qilingan texnikalar 60 yil avval ishlab chiqarilgan T-62 asosiy jangovar tanklari bilan almashtirilganiga ishora qilmoqda.

2022 yilning yozidan buyon ushbu turdagi 800 ga yaqin tanklar ombordan olib chiqilgan, ularning bir qismi modernizatsiya qilingan va ko‘rish tizimlari bilan jihozlangan, bu ularning tungi vaqtda samaradorligini oshirdi, deyiladi xabarda. Britaniya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, T-62 tanklari hatto Rossiya Qurolli kuchlarining asosiy tank bo‘linmasi bo‘lgan 1-gvardiya tank armiyasiga ham yuborilishi mumkin. Ilgari 1-GTA «Armata» tipidagi zamonaviy tanklar bilan qurollanishi taxmin qilingan edi, deb eslatadi London.

Bundan tashqari, so‘nggi kunlarda 1950-yillar boshida ishlab chiqilgan va 1954 yilda foydalanishga topshirilgan BTR-50 tanklari ilk bor Ukrainadagi jang maydonida ko‘rinish berdi, deya xabar qilmoqda Britaniya Mudofaa vazirligi. Ularning ishlab chiqarilishi 1970-yillarda to‘xtatilgan. Ushbu ikkala harbiy texnikaning «eski» modellari zamonaviy janglar sharoitida juda zaif, deb yozadi idora va ular zamonaviy reaktiv zirhga ega emasligini ta’kidlaydi. 

Ayni paytda, Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, 6 mart holatiga ko‘ra, Rossiya kuchlari 3 423 ta tank va 6 703 ta zirhli jangovar texnikasini yo‘qotgan. 

Mavzuga oid