Jahon | 10:57 / 06.03.2023
6208
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy harbiy xarajatlarini oshiradi

Xitoy Davlat kengashi bosh vaziri Li Ketsyan «hozirda Xitoyni bostirish va uni tiyib turishga tashqi urinishlar kuchayib borayotganini» aytdi. U har tomonlama va barcha sohalarda harbiy faollikni oshirishga chaqirdi.

Foto: AP

Xitoy mudofaa xarajatlarini o‘tgan yilga nisbatan 7,2 foizga oshiradi. «Hozirda tashqaridan Xitoyni bostirish va tiyib turishga urinishlar kuchaymoqda», dedi Xitoy Davlat kengashi bosh vaziri Li Ketsyan 5 mart, yakshanba kuni Butunxitoy xalq vakillari kengashi delegatlariga XXR budjeti loyihasini taqdim etar ekan.

Lining so‘zlariga ko‘ra, 1,55 trillion yuan (210 milliard yevro) ajratilishi bilan Xitoy qurolli kuchlari «barcha sohalarda harbiy tayyorgarlik va ta’limni kuchaytirishi, askarlarni jangovar sharoitlarda tayyorlashga ko‘proq sa’y-harakatlarni amalga oshirishi, shuningdek, harbiy sohada harbiy faollikni oshirishi kerak».

O‘tgan yili Pekinning harbiy xarajatlari 7,1 foizga oshib, taxminan 200 milliard yevroni tashkil qilgan. Harbiy xarajatlar bo‘yicha Xitoy dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi, ammo u 751 milliard yevrolik harbiy budjetni rejalashtirgan AQShdan ancha orqada. Shu bilan birga, ekspertlarning fikricha, haqiqatda Xitoy armiyaga rasman e’lon qilganidan ham ko‘proq mablag‘ sarflaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid