O‘zbekiston | 16:23 / 09.03.2023
26378
3 daqiqa o‘qiladi

Senatorlar soni 100 nafardan 65 nafarga kamaytiriladi

Prezident DXX raisi va bosh prokurorni tayinlashdan oldin Senat bilan maslahatlashishi talab etiladi. Sudyalar oliy kengashining barcha a’zolarini Senat saylaydi.

Foto: Oliy Majlis Senati

O‘zbekiston parlamentida konstitutsiyani yangilash haqida ma’ruza qilgan deputat Jahongir Shirinov asosiy qonunga kiritilayotgan ayrim o‘zgarishlarni sanab o‘tdi.

“Parlamentning nazorat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlarini lavozimga qo‘yish borasidagi funksiyalari kuchaytirilmoqda hamda prezidentning ayrim vakolatlari parlamentga o‘tkazilmoqda.

Jumladan, yangilanayotgan Konstitutsiyada bosh prokuror, Hisob palatasi rahbarligiga nomzodlar avval Senatda ko‘rib chiqilib, keyin prezident tomonidan tayinlanishi, shuningdek monopoliyaga qarshi organ va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbarlari Senat tomonidan saylanishi amaliyotini joriy etish taklif etilmoqda.

Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati rahbarligiga nomzod avval Senat bilan maslahatlashilgandan keyin prezident tomonidan tayinlanishi tartibi joriy etilmoqda.

Shuningdek, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash maqsadida Sudyalar oliy kengashining barcha a’zolarini Senat tomonidan saylash tizimini kiritish taklifi kiritilmoqda.

Ushbu yo‘nalishdagi yana bir konseptual o‘zgarishlardan biri bu – ma’muriy islohotlardan kelib chiqib, Senat tarkibini ixchamlashtirish orqali uning faoliyat samaradorligini oshirishdir. Shu maqsadda senatorlar soni amaldagi 100 tadan 65 taga o‘zgarmoqda. Bunda Senatni shakllantirishning amaldagi tartibi saqlanib qolinmoqda.

Qonun Senat tomonidan 60 kun ichida ko‘rib chiqilishi belgilanmoqda. Agar Senat qonunni ma’qullash yoki rad etish to‘g‘risida 60 kun ichida qaror qabul qilmasa, Qonunchilik palatasi tomonidan qonun imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga yuborilishi nazarda tutilmoqda.

Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatlari ham kuchaytirilib, parlament nazoratining muhim shakli bo‘lgan parlament tekshiruvi instituti Konstitutsiyada alohida mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yillik milliy ma’ruzani eshitish, davlat qarzining eng yuqori miqdorini belgilash, parlament tekshiruvini amalga oshirish kabi muhim vakolatlar palatalarning birgalikdagi vakolatlariga kiritilmoqda”, – dedi Jahongir Shirinov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi chaqiriqdagi Oliy Majlis o‘z faoliyatini yangilanayotgan Konstitutsiyada belgilangan vakolatlarga muvofiq, ushbu Konstitutsiya kuchga kirgan paytdan e’tiboran amalga oshirishi belgilanmoqda.

Senat a’zolarining sonini belgilovchi yangi normalar esa, 2024 yilda navbatdagi chaqiriqdagi Senat shakllantirilishi paytidan e’tiboran amalga kiritilishi nazarda tutilmoqda.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid