Ukraina bo‘ylab «qasos zarbasi» oqibatlari, Baxmutda qolayotgan askarlar. Urush suratlari
Ukrainada urushning 379-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Rossiya armiyasi Ukraina hududlari bo‘ylab yoppasiga raketa zarbalari yo‘lladi. Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni mamlakat harbiylari 81 raketadan 42 tasini urib tushirganini ma’lum qildi. RF mudofaa vazirligi buni «Bryansk oblastidagi teraktlarga javob» deb atadi.
- Ukrainaning qator shaharlarida elektr va isitish ta’minoti favqulodda o‘chirildi. Kun davomida Zaporijjya AES elektr ta’minotidan uzilib qoldi.
- Ukraina qurolli kuchlari rossiyalik harbiylar ukrainalik harbiy asrni qatl etgani aks etgan videodagi harbiy shaxsiga aniqlik kiritdi (bu voqea qachon va qayerda bo‘lgani, kim tomonidan s’yomka qilingani noma’lum). Bu Chernigiv oblasti hududiy mudofaa qismi jangchisi Oleksandr Matsiyevskiy bo‘lgan.
- Ukraina qurolli kuchlari Sharqiy qo‘shinlar guruhi vakili Sergey Cherevatiy «Baxmut yaqin kunlarda qulashi» haqida aytgan NATO bosh kotibi Yyens Stoltenbergning so‘zlariga munosabat bildirdi. Cherevatiyning hisoblashicha, alyansdagilar «vaziyatdan to‘liq xabardor emas».
Kunning asosiy voqeasi. Ukraina hududi yoppasiga o‘qqa tutildi
9 mart tongida Rossiya qo‘shini Ukraina hududi bo‘ylab yoppasiga raketa zarbalari yo‘lladi. Ko‘plab regionlarda havo hujumidan mudofaa tizimlari ishga tushgan. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, Kiyev shahri, Odessa, Mikolayiv, Dnipro, Xarkiv, Zaporijjya, Jitomir, Kiyev, Ivano-Frankovskaya, Xmelnitskaya va Ternopil oblastlariga hujum qilingan. Tinch aholi vakillari orasida kamida olti kishi halok bo‘lgani ma’lum.
«Energoatom» rossiyaliklarning 9 mart tongidagi zarbalari oqibatida Zaporijjya AES to‘liq o‘chib qolganini xabar qildi. «Ukrzalіznitsya» («Ukraina temiryo‘llari») kompaniyasi kamida 15 poyezd reysi kechiktirilgani haqida xabar berdi.
RF mudofaa vazirligi bu «2 mart kuni Bryansk oblastida Kiyev rejimi tomonidan uyushtirilgan terrorchilik aksiyasi»ga javoban amalga oshirilgan «qasos zarbasi» bo‘lganini ma’lum qildi.
Quyida Ukrainaning turli shaharlarida yoppasiga raketa zarbalari oqibatlari aks etgan suratlar.
Baxmutdagi ukrain harbiylari
NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg 8 mart kuni Baxmut yaqin kunlarda qulashi mumkinligini aytdi, shu bilan birga, bu urushda «burilish pallasi» bo‘lmasligini qayd etdi. Bunga javoban Ukraina qurolli kuchlari Sharqiy guruhi spikeri Sergey Cherevatiy 9 mart kuni NATOdagilar «vaziyatdan to‘liq xabardor emasligi»ni aytdi.
«Urushning bir yili davomida ukrainlar ancha barqarorlik va taktik qarorlar kuchiga ega bo‘ldi», — deb hisoblaydi Cherevatiy, shu bilan birga, baribir alyans fikriga «hurmat bilan yondashish kerakligi»ni ta’kidlaydi.
Bundan tashqari, 9 mart kuni Ukraina qurolli kuchlari quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy ham Baxmutdagi vaziyat yuzasidan izoh berdi. U ukrain qo‘shini rossiyaliklar shaharni operativ qurshovga tushirishiga yo‘l qo‘ymagani, ammo «vaziyat juda murakkabligicha qolayotgani»ni aytgan.
«Bu yerda har bir yurish va qaror uni tubdan o‘zgartirishi mumkin. Har bir kun juda qadrli. Men shaxsiy tarkib bilan faxrlanaman. Yonimda turgan brigada komandirlarining fikrlash tezligini yuqori baholayman», — deya qayd etgan Sirskiy.
Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti esa, Rossiya qo‘shini Baxmut hududining qariyb yarmini egallagan, ko‘p ehtimol bilan, shaharni ikkiga ajratib turgan Baxmutka daryosini chetlab o‘tish uchun shahar shimoli-g‘arbi va janubi-g‘arbiga hujumlarni kuchaytirishi mumkin deb hisoblaydi. RF mudofaa vazirligi so‘nggi brifingida Baxmut yo‘nalishidagi jiddiy muvaffaqiyatlar haqida xabar bermagan.
Gulyaypoledagi hayot
Gulyaypole — Zaporojjya oblasti markazidan taxminan 80 kilometr sharqda joylashgan shahar. 2022 yil martida Rossiya qo‘shini shaharni egallashga harakat qilgandi, ammo Ukraina qurolli kuchlari shahar ustidan nazoratni saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Shundan buyon front liniyasi Gulyaypoledan atigi uch kilometr naridan o‘tadi.
«Zapad» mudofaa kuchlari hududiy boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, tez-tez ro‘y beradigan otishmalar tufayli shahardagi «barcha yirik binolar» vayron bo‘lgan, ularning orasida ikki maktab ham bor. Quyida ushbu shahar ko‘rinishi aks etgan suratlar.
Mavzuga oid
13:12
Kursk oblastida yashovchi 46 kishi Ukrainadan qaytib keldi
11:31
AFP: Ukraina Kursk oblastidan qo‘shinlarini olib chiqish niyatida emas
07:54
Ukraina Jahon bankidan deyarli 5 mlrd dollar oladi
20:12 / 22.11.2024