Jahon | 15:56 / 11.03.2023
3645
2 daqiqa o‘qiladi

Yevroittifoq Eron-Saudiya diplomatik munosabatlari tiklanishini olqishladi

Yevropa Ittifoqi Saudiya Arabistoni va Eron o‘rtasidagi diplomatik aloqalarning tiklanishi mintaqadagi barqarorlikka hissa qo‘shishiga umid qilmoqda.

Foto: AP

Yevropa Ittifoqi Eron va Saudiya Arabistoni o‘rtasida diplomatik munosabatlarni tiklash bo‘yicha erishilgan kelishuvni olqishlaydi va uning amalga oshishini intiqlik bilan kutadi. Bu haqda YeI rasmiy vakilining 11 mart, shanba kuni chop etilgan bayonotida aytiladi.

«Saudiya Arabistoni ham, Eron ham mintaqa xavfsizligini ta’minlashda markaziy rol o‘ynashi hisobga olinsa, ularning ikki tomonlama munosabatlari tiklanishi butun mintaqani barqarorlashtirishga yordam berishi mumkin», — deyiladi bayonotda. Unda qayd etilishicha, «tinchlik va barqarorlikka ko‘maklashish hamda butun Yaqin Sharqda keskinlikni yumshatishga erishish YeI uchun asosiy ustuvor vazifalardir».

Eron va Saudiya Arabistoni yetti yillik tanaffusdan so‘ng diplomatik aloqalarni tiklashga kelishib oldi. Bitim 10 mart kuni Pekinda Eron, Saudiya Arabistoni va Xitoy vakillari tomonidan imzolangan. IRNA va SPA davlat agentliklari ma’lumotlariga ko‘ra, murosaga erishish yo‘lidagi birinchi qadam sifatida tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi rejalashtirilgan. Tehron va Ar-Riyod ikki oy ichida muloqotdagi kelishmovchiliklarni bartaraf etishga va tegishli diplomatik vakolatxonalar ochishga kelishib oldi.

Ar-Riyod va Tehron o‘rtasidagi munosabatlar 2015 yilning mart oyida Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya Yamanda shia husiylarga qarshi harbiy operatsiya boshlaganida yomonlashgan. 2016 yilning yanvarida Saudiya Arabistoni Tehrondagi elchixonasi namoyishchilar to‘dasi tomonidan hujumga uchragach, Eron bilan diplomatik aloqalarini uzgan edi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid