Iqtisodiyot | 20:16 / 14.03.2023
38789
13 daqiqa o‘qiladi

Yirik aktivlarni sotishda kimlar konsultantlik qilyapti?

O‘zbekistonda xususiylashtirishning yangi to‘lqini ketmoqda. Bu safar jarayonga nufuzli xalqaro maslahatchilar ham jalb qilinyapti. Kun.uz xusuciylashtirish jarayonlarida qatnashayotgan professional konsalting kompaniyalari qaysilar ekaniga qiziqdi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston hukumati 2021-2025 yillar davomida o‘z egaligidagi korxonalar sonini 75 foizgacha qisqartirishini e’lon qilgan. Bu borada ishlarning bir qismi yakunlandi, 20 dan ziyod yirik davlat korxonalari xususiylashtirildi.

2020 yilda hukumat har bir korxona uchun nufuzli xalqaro konsalting tashkilotlarini tanlov asosida jalb qilishga qaror qildi.

Shunday qilib, 2021 yildan davlat aktivlarini xususiylashtirishga xalqaro konsalting, auditorlik va investitsiya maslahatchilari, investitsiya banklari va boshqa ixtisoslashgan kompaniyalarni jalb etish amaliyoti boshlandi.

“Oldingi xususiylashtirish jarayonlariga xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilish tajribasi bo‘lmagan. Bunday amaliyot Coca-Cola kompaniyasini xususiylashtirishga Rothschild kompaniyasini jalb qilishdan boshlangan. Yirik obektlar konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda xususiylashtiriladi. Maqsad – xususiylashtirish jarayonlarida raqobat va ochiqlikni ta’minlash”, – deyiladi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati Kun.uz'ga taqdim etgan axborotda.

Konsalting kompaniyalari tomonidan davlat aktivlarini sotish maqsadida aniqlangan qiymat yoki qiymatlar oralig‘i savdo jarayonida mo‘ljal sifatida hisobga olinishiga ruxsat berilgan. Ya’ni jalb qilingan konsalting kompaniyalarining qarorlari davlat aktivlarini sotish jarayonida, narx belgilashda muhim ahamiyatga ega.

Yirik davlat aktivlarini sotishga qaysi kompaniyalar jalb qilindi?

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Kun.uz'ga 2021 yildan beri xususiylashtirish jarayonlariga jalb qilingan konsalting kompaniyalari haqidagi ma’lumotlarni taqdim qildi.

O‘tgan davrda yirik davlat obektlarini sotishda Deloitte va KPMG yetakchilik qilgan – katta to‘rtlikka kiruvchi bu ikki xalqaro konsalting kompaniyasi 6 tadan korxonani xususiylashtirishda ishtirok etgan.

Deloitte va muhokamali keyslar

Deloitte O‘zbekistonda investitsion maslahatchi faoliyatini olib borish uchun litsenziyani 2020 yilda oldi. U o‘tgan davrda “Qo‘qon biokimyo zavodi”, “Qizilqumsement”, “O‘zbekkimyomash zavodi”, “Kvars” zavodlarini xususiylashtirishga jalb qilingan.

“O‘zkimyosanoat” AJ matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, Deloitte “Birinchi rezinotexnika zavodi” (Angren shina zavodi)ning sotilishida ham ishtirok etgan.

2021 yilda O‘zbekistondagi eng yirik sement zavodlardan biri “Qizilqumsement” AJ ustav kapitalidagi 86,92 foiz davlat ulushi 1,89 trillion so‘mga United Cement Group'ga sotildi. Natijada ofshor hudud bo‘lmish Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan bu kompaniyaning O‘zbekistonda egalik qiladigan sement zavodlari soni (“Quvasoysement” va “Bekobodsement” bilan birga) 3 taga yetdi.

Fusion Wealth Management Ltd kompaniyasi menejyeri Maykl MakGofi 2021 yilning oxirida zavodning har bir aksiyasi uchun 6500 so‘m taklif etilgani, biroq narx 4859 so‘m etib belgilanganidan hayratga tushdi. U bunday narx bozor narxiga nisbatan sezilarli arzonligini aytgandi.

“Qo‘qon biokimyo” AJ ustav kapitalidagi 99,7 foiz davlat aksiyalar paketi 277 mlrd so‘mga “First Premium Alliance” MChJ, ya’ni sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilovga qarashli kompaniyaga sotildi.

2023 yilda “Kvars” zavodidagi davlat ulushi 265 mlrd so‘mga Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan ofshor – “Raybird limited”, “Rayblock limited” hamda “Rayeross limited” kompaniyalari egalik qiluvchi “Quvasoysement” AJga sotildi.

2017 yilda Xitoydan 156,4 mln dollar qarz olib qurilgan “Birinchi rezinotexnika zavodi” (Angren shina zavodi) “Tatneft”ga 73,2 mln dollarga sotildi. 2 barobar arzon sotilganiga sabab sifatida “Tatneft” zavodning 153 mln dollarlik qarzini to‘lash majburiyatini ham olgani aytildi.

2019 yildan “Sanoat energetika guruhi” (sobiq Jizzakh Petroleum) kompaniyasi shubhali ravishda 104 ta neft konlariga egalik qila boshladi. Buning uchun Saneg konlar bo‘yicha aktivlarning qoldiq balans qiymatini baholashga Deloitte kompaniyasini yollagan. Kun.uz ixtiyoridagi, “O‘zbekneftgaz”ga oid yozishmalardan ko‘rinishicha, “O‘zbekneftgaz” o‘ziga tegishli bo‘lgan 104 ta neft konlari bo‘yicha aktivlarning qoldiq balans qiymati 3,4 trln so‘m bo‘lgan holatda xalqaro kompaniyaning xulosasiga asosan 1,8 trln so‘mga, ya’ni balans qoldiq qiymatidan deyarli ikki barobarga past baholangan, deb hisoblaydi. Ayni paytda, 3,4 trln so‘mlik narx – aktivlarning o‘sha vaqtdagi egasi, ya’ni bevosita manfaatdor tomonning bahosi ekanini ta’kidlash lozim.

Saneg O‘zbekistonning gaz-kimyo flagmani bo‘lishi kutilayotgan, qiymati 1,8 mlrd dollarga teng “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasini kengaytirish” loyihasini “O‘zbekneftegaz”dan o‘zining ixtiyoriga o‘tkazishni taklif qilgan. Buning uchun loyiha doirasida shu vaqtgacha sarflangan mablag‘larni baholash uchun ham Deloitte'ga murojaat qilinishi mumkinligi aytiladi.

Ayni kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatiga oid so‘nggi yangiliklardan  biri – u “Uzbekistan Airways”ning xususiylashtirish strategiyasini ishlab chiqishga jalb qilingan.

KPMG va muhokamali keyslar

KPMG O‘zbekistonda aktivlarni baholash faoliyatini amalga oshirish uchun 2020 yilda litsenziya olgan. U “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasi, “Sirdaryo vino” AJ, “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi” MChJ, “Urganch sharob” AJ, “Konvin” AJ, “Mastona” AJ, “Nukus vino” AJlarni xususiylashtirishda ishtirok etdi.

Ular orasidan “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasining xususiylashtirilishi muhokamalarga sabab bo‘ldi. 205 mln dollarga qurilgan mehmonxona bundan uch barobarga kam – 87 mln dollarga Abu Dhabi Uzbek Investment investitsion fondiga sotildi.

Mehmonxonaning yakuniy xarajatlari 205 mln dollardan ham qimmatroqqa tushgan bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 42 mln dollarlik, Xalq bankining 100 mlrd so‘mlik kreditlari va Toshkent shahri ma’muriyatining o‘z mablag‘lari hisobidan qurilishi moliyalashtirilgan “Hyatt Regency” kreditlarini so‘ndirish uchun oxirgi 3 yilda budjetdan jami 206,3 mlrd so‘m yoki 20 mln dollardan ortiq budjet puli sarflangan. Bundan tashqari, mehmonxona qurilishi va keyingi foydalanuvida berilgan boj va soliq imtiyozlari qiymati ham xarajatlar tarkibida aks etmagan.

Davaktiv mehmonxona arzonga sotilganini inkor qilgan. Unga ko‘ra, bu masalada asosiy nuqta – 2013 va 2022 yillardagi valuta kursi o‘rtasidagi farqda. 2013 yildagi AQSh dollari/so‘m kursi o‘rtacha 2097 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilning 10 oyida o‘rtacha 11 010 so‘m bo‘lgan. “Mehmonxonaning to‘lov qiymati joriy kurs bilan hisoblanganda 974  mlrd so‘mdan oshadi, bu qurilish xarajatining milliy valutadagi qiymati (566  mlrd so‘m, ushbu xarajatlar 2013 yilgi valuta ayirboshlash kursi bo‘yicha so‘mda tan olingan)ga nisbatan 1,7 barobarga yuqori demakdir”, – degandi agentlik direktori Akmalxon Ortiqov.

Xususiylashtirish jarayoniga KPMG jalb qilingan “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi”ning 100 foiz ulushi 100 mln dollarga “Sanoat energetika guruhi” MChJ – Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan ofshor kompaniyaga sotildi.

Ma’lum qilinishicha, KPMG “Issiqlik elektr stansiyalari” AJni xususiylashtirish strategiyasini ham ishlab chiqishi kutilyapti.

Savdo jarayonlari davom etayotgan yirik aktivlar

Savdolari davom etayotgan 20 ga yaqin davlat aktivlarini xususiylashtirishga ham KPMG (6 ta obektga) va Deloitte (4ta obektga) eng ko‘p jalb qilingan.

Bundan tashqari, davom etayotgan xususiylashtirish jarayonlaridagi konsultantlar ro‘yxatida – MMosaic Financial (1ta), Portfolio investment (1ta), Rezolut va Dentons kompaniyalari konsorsiumi (1ta), Abrau Capital va Centil kompaniyalari konsorsiumi (1ta), Orion Capital (1ta), ACC Aviation (1ta), Merritz (2ta)ni ham ko‘rish mumkin.

Bundan tashqari, “Uzbekistan Airways”ning xususiylashtirish strategiyasini ishlab chiqish uchun Deloitte, “O‘zbekneftgaz” bo‘yicha Rotschild & So va “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ bo‘yicha KPMG jalb qilingan.

Davaktiv: “Xususiylashtirishda asosiy mezon yuqori narx emas, balki talabgorning sohadagi tajribasi ham”

Bir qator yirik davlat mulklari, xalqaro konsultantlar jalb qilingan bo‘lsa-da, arzonga sotilgani haqidagi tanqidlar yuzasidan Kun.uz bergan savolga javoban Davaktivning ma’lum qilishicha, strategik ahamiyatga ega obektlarni sotishda asosiy mezon sifatida faqatgina  yuqori narx emas, balki talabgorning sohadagi tajribasi ham inobatga olinadi.

“Deylik, siz fermersiz, sizning kimyo zavodini sotib olish uchun yetarli pulingiz bor, ammo kimyo sohasida tajribangiz yo‘q. Katta korporatsiya darajasidagi korxonani boshqarishga tajribangiz yo‘q. Eng yuqori narxni shu investor beryapti deb, zavodni sizga sotsak, tajribangiz yo‘qligi uchun u korxona bankrot bo‘lishi mumkin. Shuning uchun biz sotishdan oldin, tahlil o‘tkazishimiz kerak: talabgor kim, uning qanday tajribasi borligini o‘rganishimiz kerak.

Deylik, Angliyaning kimyo sanoatidagi investori “Farg‘ona azot”ni sotib olishga talabgor bo‘lsa, uni biz qanday o‘rganamiz. O‘sha davlatga borib, har bir talabgorni o‘rganishimiz kerakmi? Bunga bizning resursimiz yetmaydi, shuning uchun xalqaro konsultantlar jalb qilinadi”, deydi agentlik matbuot xizmati vakili.

Agentlik mas’ulining tushuntirishicha, konsalting kompaniyalari talabgorlarni saralab olgach, oxirgi bosqichda ular qanday narx taklif qilayotgani va sohadagi tajribasi inobatga olinadi. Eng yuqori narx taklif qilgan va tajribasi yuqori investor taklifi tanlab olinadi.

Eng oxirgi bosqichda bosh vazir huzuridagi tender komissiyaga xalqaro konsultant bergan tavsiyalar asosida talabgorlar ro‘yxati olib kiriladi va komissiya qaror qabul qiladi. Shu qaror asosida aktiv sotiladi.

SIA: “Hech qaysi bir konsultantga alohida preferensiya berilmaydi”

Shu oy qabul qilingan prezident qaroriga asosan, 31 ta yirik korxonaning davlat aksiya paketlariga egalik huquqi Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligiga o‘tkazilmoqda. Xususiylashtirish jarayonlarini tashkil etishda qatnashayotgan “Uzassets” kompaniyasi ham endilikda Davaktiv emas, Strategik islohotlar agentligiga bo‘ysunadi.

Agentlikning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, 31 ta yirik davlat korxonasini bu agentlik boshqaruviga o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsadlar qatorida ularni isloh qilib, samaradorligini oshirish va adolatli xususiylashtirish ham bor.

“Agar biz xususiylashtirish va xalqaro moliya bozoriga chiqib, u yerda investorlarning mablag‘larini jalb etishni niyat qiladigan bo‘lsak, potensial investorlar bilan ular bilgan va ishongan tahlil qiluvchi, moliyaviy audit o‘tkazuvchi, yuridik holatga baho beruvchi va boshqa sohalarda o‘z malakasi va professional bilimlari, turli mamlakatlarda ana shu sohalarda tranzaksiyalarni doimo amalga oshirib kelayotgan konsalting kompaniyalari yordamida gaplashishimiz kerak”, – deyiladi SIA axborotida.

Agentlik Deloitte O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini birinchilar qatorida 90-yillarda ochgani, xususiylashtirish jarayonlariga katta to‘rtlikdagi KPMG va Ernst & Young ham jalb qilinayotganini qayd etgan.

“Biz ana shu katta to‘rtlikka kiruvchi va boshqa dunyoga tanilgan konsalting korxonalari bilan turli tenderlar va ochiq tanlovlar asosida ish olib borishga intilamiz. Hech qaysi bir konsultantga alohida preferensiya berilmaydi”, – deyiladi Strategik islohotlar agentligi Kun.uz'ga taqdim etgan izohda.

Mavzuga oid